Soliq hisobotining yangi shakllari bo‘yicha qanday o‘zgarishlar kiritildi?

  • 25 yanvar 2019, 10:16
  • 2 031
  • Iqtisodiyot
  • Soliq hisobotining yangi shakllari bo‘yicha qanday o‘zgarishlar kiritildi?
    O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligining 2019 yil 7 yanvardagi “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2019-5, 2-sonli qaroriga asosan soliq hisobotlarining yangi shakllari tasdiqlandi.

    Davlat soliq qo‘mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi xabariga ko‘ra, 2018 yil yakunlari bo‘yicha taqdim etiladigan soliq hisobotlari Adliya vazirligida 2013 yil 22 martda 2439-son bilan ro‘yxatga olingan soliq hisoboti shakllarida davlat soliq xizmati organlariga topshiriladi.

    2019 yil 1 yanvardan keyingi hisobot davri uchun esa barcha soliq turlari bo‘yicha yangi soliq hisoboti shakllari asosida taqdim qilinadi.
    Hisobot shakllaridagi asosiy o‘zgarishlar xususida quyida to‘xtalib o‘tamiz:

    Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha soliq hisoboti shakllari soddalashtirildi
    2018 yil uchun amalda bo‘lgan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i hisob-kitobi soddalashtirilib, 37 qator va 16 ta ilovadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, yangi hisob-kitob shakli 18 qator va 8 ilovaga, ya’ni 2 barobarga kamaytirildi.

    Xususan:
    1-ilova (Notijorat tashkilotlarining boshqa daromadlari), 2-ilovasi (Ijara haqining eng kam stavkalaridan kelib chiqib, shartnomada belgilangan ijara haqi miqdoridan oshgan summasi), 9-ilovasi (Mahalliylashtirilayotgan mahsulotni realizatsiya qilishdan olingan foyda hisob-kitobi), 11-ilovasi (Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan rentabellik darajasini aniqlash ma’lumotnoma-hisob-kitobi),12-ilovasi (Eksport ulushiga qarab foyda solig‘i stavkasiga tuzatish kiritish), 13-ilovasi (Nogironlar mehnatidan foydalanadigan korxonalar uchun foyda solig‘ining tuzatish kiritilgan summasi), 14-ilovasi (Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i qo‘shimcha summasining hisob-kitob-ma’lumotnomasi) bekor qilindi.

    To‘lov manbaida dividend va foizlar tarzidagi daromadlardan ushlab qolingan soliqning hisob-kitobi 2018 yilda yuridik va jismoniy shaxslar uchun alohida bo‘lgan bo‘lsa, 2019 yil uchun soddalashtirilgan variantda yuridik va jismoniy shaxslardan to‘lov manbaida ushlab qolingan soliq hisob-kitobi birlashtirildi.

    O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiradigan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan to‘lanadigan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining hisob-kitobida soliq imtiyozlari asoslarini ko‘rsatib berish uchun yangi “Imtiyozlar” ilovasi qo‘shildi.

    Ish haqi fondidan hisoblanadigan soliq va majburiy to‘lovlar bo‘yicha endi bitta soliq hisoboti topshiriladigan bo‘ldi (Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va yagona ijtimoiy to‘lov hisob-kitobi)
    Soliq solinadigan baza birxilligi hamda hisobot shakllarini to‘ldirishda soliq to‘lovchilarning vaqtini tejash maqsadida Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va yagona ijtimoiy to‘lov hisob-kitobi birlashtirildi. Hisob-kitob ilovasida hisoblangan ish haqi va ushlab qolingan daromad solig‘i hamda hisobot oyida to‘lab berilgan jismoniy shaxslarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya badali summasi har bir xodim kesimida aks ettiriladi. Shuningdek, hisobotga har bir fuqaro kesimida to‘langan mehnatga haq to‘lash tarzidagi, mulkiy, moddiy naf tarzidagi daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar ilova qilinadi.

    Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va yagona ijtimoiy to‘lov hisoboti har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar yagona shaklda taqdim etiladi.

    Hisobot shakliga yangi ilova sifatida mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam miqdori ma’lumotnoma hisob-kitobi kiritildi. Ushbu ma’lumotnoma orqali qonunchilikda belgilangan ijara miqdorining eng kam stavkalariga rioya etilishi nazorat qilinadi.

    Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq hisoboti shakllari
    Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq hisobotlarining (hisob-kitoblarining) yangi shaklidagi ilovalar soni 9 tadan 5 taga qisqartirildi.
    Shuningdek, ushbu qaror bilan hisobvaraq-fakturaning soddalashtirilgan shakli ham joriy qilinmoqda.

    Hisobvaraq-fakturaning yangi soddalashtirilgan shaklidan ilgari to‘ldiriladigan ayrim rekvizitlar, xususan, bank hisob raqami, telefon raqami, IFUT kodi kabi ma’lumotlar, shuningdek, aksiz solig‘ini hisobga olish imkonini beradigan norma o‘z kuchini yo‘qotganligi uchun “Aksiz solig‘i” ustunlari chiqarib tashlandi.

    Endilikda aksiz solig‘i to‘lovchilari 5-ustunda tovar (ish, xizmat)larning aksiz solig‘ini hisobga olgan holdagi (QQSsiz) umumiy qiymatini ko‘rsatishlari lozim bo‘ladi.

    Ushbu qaror bilan resurs soliqlari bo‘yicha topshiriladigan soliq hisoboti shakllariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

    Xususan, Samarasiz foydalanilayotgan ob’ektlar bo‘yicha oshirilgan stavkalarda soliq summalarini taqdim etish uchun yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha yangi shaklda Ma’lumotnoma hisob-kitob shakli kiritildi.

    Shu bilan birga, mol-mulk solig‘ining hisob-kitobi amaldagi shaklida keltirilgan mahalliylashtirilayotgan mahsulot ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan mol-mulk hisob-kitobi va eksport ulushiga bog‘liq holda mol-mulk solig‘i stavkasiga tuzatish kiritish bo‘yicha 5 va 6-ilovalari bekor qilindi.

    Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha hisob-kitob shaklida foydali qazilmalarning turlari va o‘lchov birligi aniq belgilab qo‘yildi.

    Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4086-sonli qaroriga asosan 8 turdagi foydali qazilmalar uchun eng kam soliq miqdori joriy etilishi hisobiga soliq summasini soliq stavkasidan yoki eng kam soliq miqdoridan kelib chiqib hisoblanishi nazarda tutildi.

    Soddalashtirilgan soliq turlari bo‘yicha Yagona soliq to‘lovi
    Yagona soliq to‘lovi hisob-kitobi yangi shaklining asosiy farqli jihati shundaki, hisob-kitob ilovalarining soni 11 tadan 7 taga qisqardi. Xususan, hisob-kitobning 1-ilovasi (Davlatning ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara haqining eng kam stavkalaridan kelib chiqib hisoblangan ijara haqi miqdorining shartnomada belgilangan ijara haqi miqdoridan oshgan summasi), 6-ilovasi (2018 yil I choragi uchun eksport ulushiga qarab foyda solig‘i stavkasiga tuzatish kiritish) hamda yagona soliq to‘lovining to‘lanishi lozim bo‘lgan eng kam miqdorlari bo‘yicha 9-1, 9-2, 9-3-ilovalari bekor qilindi.

    Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida olingan dividend va foizlar ko‘rinishidagi daromadlardan to‘lanadigan foyda solig‘ining hisob-kitob ma’lumotnomasi soddalashtirildi.

    Bundan tashqari, yagona soliq to‘lovi hisob-kitobi shaklidagi to‘ldirilishi zarur bo‘lmagan satrlar chiqarilib tashlandi.

    Elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovar (ish, xizmat)larning jami realizatsiya hajmidagi ulushini to‘g‘ri aniqlash maqsadida “Elektron tijorat orqali tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan sof tushum” bo‘yicha ma’lumotnoma yagona soliq hisob-kitobiga ilova tariqasida joylashtirildi.

    Yagona soliq to‘lovi hisob-kitobining yangi shakli soliq to‘lovchilar, xususan, yagona soliq to‘lovi to‘lashga o‘tadigan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun sodda shaklga keltirildi. Bu orqali soliq to‘lovchilarning qimmatli vaqtini tejash imkoni yaratildi.

    Yagona yer solig‘i
    Endilikda meva-sabzavotchilik korxonalari uchun soddalashtirilgan yagona yer solig‘i joriy etilishi hisobiga alohida hisob-kitob shakli kiritildi.

    » » Soliq hisobotining yangi shakllari bo‘yicha qanday o‘zgarishlar kiritildi?