07:02 / 12.10.2018
4 252

Oʻquvchilar jurʼat va bardoshni erkak oʻqituvchidan oʻrganadi

Oʻquvchilar jurʼat va bardoshni erkak oʻqituvchidan oʻrganadi
“Maʼrifat” gazetasining 2018 yil 15 sentyabr sonida chop etilgan “Erkak oʻqituvchilar maktabga qaytmoqda” sarlavhali maqola eʼtiborimni tortdi.

Soʻnggi yillarda turli sabablarga koʻra erkak oʻqituvchilarning sohadan uzoqlashgani taʼlim sifatiga salbiy taʼsir oʻtkazmay qolmadi. Faoliyatimni boshlagan ilk yillarda maktabimizda 7-8 nafar erkak oʻqituvchi boʻlib, ularning ham 2 nafari direktor oʻrinbosari edi. Sinflarda oʻgʻil bolalar koʻp boʻlgani sabab tez-tez muammolar yuz berardi. Hatto ayrim ayol rahbarlar erkak oʻqituvchilarga qoʻpol munosabatda boʻlgani ham bor gap. Bu juda achinarli hol edi.

Yaqinda oʻsha ilk bor pedagog sifatida ish boshlagan maktabga yoʻlim tushdi. Maktab ostonasiga qadam qoʻyishim bilan qatʼiy tartib-intizom oʻrnatilganiga guvoh boʻldim. Maktab formasida yoʻlakni toʻldirib yurgan oʻquvchilar meni koʻriboq salom berib, yoʻl boʻshatishdi. Yoʻlakda yelkasiga noutbuk osgan yoshgina yigit oʻquvchilar qurshovida turardi. U shogirdlariga nimalarnidir tushuntirish bilan band edi. Ustozga qadalgan koʻzlar mehr-la yonib turibdi. Surishtirib bilsam, bu yigit yaqinda oliy oʻquv yurtini tamomlab, maktabda ilk pedagogik faoliyatini boshlagan ekan.

Hozir men Jizzax viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi IDUMIda faoliyat yuritaman. Bu taʼlim dargohi 1997 yili tashkil etilgan boʻlib, viloyatdagi yagona xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat hisoblanadi. Muassasamizda 67 nafar oʻqituvchi 1300 dan ortiq oʻquvchilarga taʼlim berib kelmoqda. Quvonarli jihati, oʻqituvchilarning 25 nafari (37,3 foiz) erkaklar. 2008 yilda ularning soni 10 nafardan oshmas edi.

Prezidentimizning “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar samarasi oʻlaroq oʻqituvchilarga berilayotgan eʼtibor va imtiyozlar erkak oʻqituvchilarning maktablarga qaytishiga sabab boʻlmoqda. Bir paytlar shu taʼlim muassasasida faoliyat yuritib, keyingi yillarda akademik litseylarda dars bergan tajribali ustozlar yana jamoamiz safiga kelib qoʻshildi. Ular bilan bir qatorda yosh mutaxassislar ham erkak oʻqituvchilar safini kengaytirdi.

2011-2012 yillarda biroz muddat direktorning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida ishladim. Ochigʻi, faoliyatim davomida qiynalgan paytlarim koʻp boʻldi. Ish, oila, roʻzgʻor tashvishlari, farzandlar tarbiyasini teng olib borish ayol kishi uchun ogʻirlik qilishini sezdim. Oʻshanda bunday lavozimda erkak oʻqituvchilar ishlagani maʼqul, degan fikrga keldim. Hozir maktab-internatimiz direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Farrux Turobov olib borayotgan ishlarni koʻrib, bu xulosam toʻgʻri ekaniga yana bir bor amin boʻldim. Ertalabdan bizni maktab ostonasida kulib qarshi oladigan bu inson maktabimiz rahbari Sanobar Suyarovaning koʻmakdoshi. Shuning uchun boʻlsa kerak maktabimizda jinoyat sodir etib, voyaga yetmaganlar bilan ishlash boʻlimlarida roʻyxatda turadigan oʻquvchilar mutlaqo boʻlmagan.

Taʼlim muassasamizda erkak oʻqituvchilar oʻzaro kichik guruhlarga boʻlingan boʻlib, ular oʻquvchilarning dars va darsdan boʻsh vaqtlardagi faoliyatini belgilangan hududlarda muntazam nazorat qilib boradi. Oʻrnatilgan qatʼiy tartib-intizom va taʼlim sifatining yuqoriligi sabab farzandining shu maktabda taʼlim olishini xohlovchi ota-onalar yildan-yilga koʻpaymoqda.

Maktablarda erkak oʻqituvchilar sonining ortishi farzandlarimizning nafaqat tartib-intizomli, balki jurʼatli, masʼuliyatli, bardoshli, vaʼdasining ustidan chiqadigan, bir soʻzli boʻlib ulgʻayishida juda ham muhim. Oʻgʻil bolalar haqiqiy yigit, Vatan posboni sifatida tarbiyalash uchun ham erkak oʻqituvchilarning taʼlim jarayonidagi faol ishtiroki zarurligi ayni haqiqat.
Dilafroʻz BOBOJONOVA, oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi

Manba: marifat.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oʻquvchilar jurʼat va bardoshni erkak oʻqituvchidan oʻrganadi