08:32 / 03.02.2019
8 660

Barcha bolalar uchun nafaqa ajratish taklif qilindi

Barcha bolalar uchun nafaqa ajratish taklif qilindi
BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) 1 fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan tadbirda 2034 yilgacha O‘zbekistondagi barcha voyaga yetmagan bolalarni nafaqa bilan qamrab olish taklif qilindi. Tadbir «Yuksalish» Ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O‘zbekiston ijtimoiy himoya uchun YaIMning 9,7 foizini ajratadi. Biroq aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami muntazam ijtimoiy yordam olayotgani yo‘q. Kam ta’minlangan oilalarning o‘rtacha nafaqa olish davomiyligi 4,7 oyni tashkil etmoqda.

Faqatgina 17 foiz bolali oilalar farzandlarini parvarishlash uchun nafaqa olmoqda. Nafaqalar umumiy qashshoqlik darajasini kamaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmayapti. Ijtimoiy yordamga muhtoj aholi qatlamida 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni kattalarga nisbatan 1,5 barobar ko‘proq.

Bolalar qashshoqligi oilalarda yashayotgan keksalar nafaqasi hisobiga yengillashtirmoqda.

YuNISEFI tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy himoya tizimlari tahlillari aholining faqatgina 1 foizi daromadi oyiga 1,6 mln so‘mni tashkil etishini ko‘rsatdi. 76 foiz aholining kunlik xarajatlari 15,7 ming so‘mdan kamroq. Qashshoqlik chegarasida yashayotgan odamlarning yarmiga yaqini ijtimoiy yordam olmaydi.

Kam ta’minlangan oilalar farzandlari kelajagi uchun zarur bo‘lgan kasbiy va oliy ta’lim olishlarini ta’minlashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. 12 foiz iqtisodiy faol aholi ish bilan ta’minlanmagan. Bu yoshlarning ish beruvchilar tomonidan qo‘yilgan bilim va malakalarga ega emasligi bilan bog‘liq. Natijada migratsiya darajasi ortib bormoqda, deya ta’kidladi YuNISEFning ijtimoiy himoya bo‘yicha xalqaro eksperti Stiven Kidd.

Shu munosabat bilan YuNISEF O‘zbekiston uchun 2 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar uchun 150 ming miqdorida oylik nafaqa tayinlashni taklif qildi.

Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, bolalar nafaqalarini to‘lash tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish boshlang‘ich bosqichda moliyaviy xarajatlarni ko‘paytirishni talab qilmaydi. Istiqbolda esa har yili YaIMning 0,05 foizi miqdorida oshirishni taqozo etadi xolos. Bu bilan 2030 yilda 14 yoshgacha bo‘lgan, 2034 yilda 18 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalarni nafaqa bilan qamrab olishga zamin yaratiladi.

Nogironligi bo‘lgan bolalar nafaqa tizimini isloh qilish uchun qo‘shimcha izlanishlar olib borilishi lozim. Bugungi kunda nogironlikning og‘ir shakllariga ega 3−17 yoshdagi bolalarning faqatgina 48 foizi ko‘mak oladi.

«Bolalarni nafaqalar bilan qamrab olish kelgusida salbiy iqtisodiy oqibatlar xavfini kamaytiradi», — dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakili Rafael Klivleyev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Barcha bolalar uchun nafaqa ajratish taklif qilindi