Oʻzbekning andishasi

  • 01 aprel 2019, 13:43
  • 1 090
  • Jamiyat
  • Oʻzbekning andishasi
    Kollaj: “Xabar.uz”
    Yoki iffatning pardasi, vijdonning niqobi hayodir.

    Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda qiziqchi ayollarimizdan birining instagram tarmogʻi orqali oʻz oʻquvchilari bilan muloqoti yaxshigina bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Yoki turk aktyori Burak Oʻzchivitning Toshkentga kelishi va u bilan suratga tushishga oshiqqan qizlar tanqidga uchradi. “Bravo” jamoasi oxirgi chiqishi sabab litsenziyasidan mosuvo boʻldi. Xoʻsh, bunday holatlarni nima uchun tezda tanqid ostiga olamiz? Axir, xorijda “Bravo” jamoasidek qiziqchilar sahnada xohlagan koʻyga tushishi mumkin.

    Burak Oʻzchivitdek mashhur insonlarning fanatlari har doim boʻlgan va bu tabiiy hol deb qaraladi. Aynan turk aktyori bilan suratga tushgan qizlar ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga olinganda, “nega tirnoq ostidan kir qidirasizlar, axir bu fanatlik xolos”, deydiganlar koʻp boʻlgani bejiz emas. Oʻzbekning ANDISHA otliq xulqiy goʻzalligi bor ekan, yuqoridagidek holatlarni hazm qilishi qiyin. Ha, andisha orqali oʻzbekning ichki madaniyati namoyon, desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz.

    “Men uyalyapmanmi, demak, mavjudman, nafaqat jisman, balki axloqan ham mavjudman, — men oʻz hayvoniyligimdan uyalyapmanmi, demak, men hali ham odam sifatida mavjudman”, degan edi donishmandlarimizdan biri. “Biz hozir andishaning bandasi, oʻgʻlim... bizning oiladan labzsizlik chiqishi menga maʼqul koʻrinmaydir”. Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” asarini oʻqish jarayonida, “andisha”, “or-nomus”, “uyat” soʻzlariga qayta-qayta duch kelamiz. Aslida asarning badiiy qimmati ham shunda. Asar oʻzbekning andishasi, xalqimizning goʻzal odob-axloqi mahorat bilan tasvirlangani uchun ham barchaga birdek yoqadi.

    Hatto raqibi bilan ham odob chegarasidan chiqmay muomala qilgan asar qahramonlari hamon bizni tarbiyalamoqda, desak yanglishmaymiz. Har gal “Oʻtkan kunlar”ni qoʻlga olganimda qahramonlarning andisha bilan bosh egib turishlari, uyatdan qizargan yuzlari, hayo bilan boqqan koʻzlari gavdalanadi. Va beixtiyor Abdulla Avloniyning mana bu gaplari xayolimdan oʻtadi: “Hayo, dilni ravshan qiladurgan bir nurdirki, inson har vaqt shul maʼnaviy nurning ziyosiga muhtojdir. Iffatning pardasi, vijdonning niqobi hayodir”.
    ***
    Ammo har qanday qabih ishni qilib zarracha uyalmayotgan, andisha qilmayotgan, boshini baland koʻtarib yashayotgan kimsalarning oramizda borligi achinarli. Chunki qilgan xatosidan zarracha pushaymon yemagan orsiz odam xato ustiga xato, yomonlik ustiga yomonlik qilaveradi. Tom maʼnoda andishasizlik insonni eng qabih yoʻllarga boshlaydi.

    Yaqinda bir ayol tahririyatimizga murojaat qilib, nogiron bolasining uch oylik nafaqasini ololmaganini aytdi. Hatto ushbu masala boʻyicha mutasaddilarga shikoyat xati ham yozadi. Afsuski, bu murojaati javobsiz qoladi. Tasavvur qilib koʻringa, toʻrt nafar farzandning onasi- yolgʻiz ayolning ahvolini. Shu pulga qarab qolgan, ayolni qaqshatib pulini yeb ketish uchun odam qanchalar andishasiz boʻlishi kerak. Adibimiz Abdulla Qahhor ham oʻz zamonida andisha va hayo-ibo haqida shunday mulohaza qilgan: “Uyat faqat insonga xos tuygʻudir. Hayvon uyat paydo qilolmagani uchun insonga yaqinlasholmaydi, ammo inson uyatini yoʻqotib hayvonga yaqinlashib qolishi mumkin”.

    Baʼzida sanʼatkorlarning turmush qurayotgani haqida shov-shuvli maqolalarni oʻqiymiz va hech qancha oʻtmay yana ajrashayotgani haqida shov-shuvli xabarlarning guvohi boʻlamiz – kechagina oq libosda yal-yal yonib, naqadar baxtli ekanligini matbuot orqali namoyish qilgan sanʼatkor bugun ikki bolasi bilan eridan ajrashganini beistihola maʼlum qilmoqda. Eng achinarlisi, ikkinchi turmushini ham yuqoridagidek koʻz-koʻzlashdan andisha qilmagani. Ammo andishali, hayo-iboli ayollar borki, avvalo, turmushi buzilganini elga bildirishning oʻzini uyat hisoblaydi.

    Taniqli faylasuf Abdulla Sher hayoga shunday taʼrif beradi: “Hayolilik – xulqiy goʻzallikning asosiy belgilaridan hisoblanadi. U, garchand, bir qarashda, uyat hissi bilan oʻxshash boʻlsa-da, aslida oʻzini koʻproq andisha va iboga yaqin fazilat tarzida namoyon qiladi, unda axloqiy mohiyat estetik xususiyat – nafosat bilan uygʻunlashib ketadi. Hayodan odatda, inson qizaradi, bu qizarish, ayniqsa, xotin-qizlarda ichki goʻzallikning yuzga tepchib chiqishiga sabab boʻladi va alohida bir nafislikni, mayinlikni vujudga keltiradi...”

    Xorij kanalida hali yigirmaga ham chiqmagan yosh ayolning oilali uch nafar erkakdan uch nafar farzandi borligini koʻrsatishdi. Meni taajjublantirgani turmush qurmay farzand koʻrgan ayolning otalar bolalardan xabar olmayotgani uchun ijtimoiy tashkilotlarga arz qilgani boʻldi. Koʻrsatuvga bolalarning otalari, psixolog va boshqa mutaxassislarni taklif qilishgan. Ularning barchasi otalarni ayblashdan nariga oʻtmadi: ruhshunoslar ayolga dalda beryapti, huquqshunoslar oʻz haq-huquqini talab qilishni oʻrgatyapti, ijtimoiy tashkilotlar biz qoʻlimizdan kelgancha yordam beramiz, deyishyapti.

    Ammo hech kim ayolga nega oila qurmagansan, nega oilali erkaklarning boshini aylantirgansan, degan savolni bermadi. Eng ajablanarlisi, ayol bu qilmishidan zarracha uyalmayotgani, boshini baland koʻtarib, dadil-dadil gapirayotgani. Husayn Voiz Koshifiy aytadilar: “Hayo va andisha dunyoda tartib saqlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Hayo yoʻq boʻlsa hech kimda vijdon ham qolmaydi. U holda dunyoda tartib buziladi. Kishilar bir-biriga befarq qaraydigan boʻladilar”.

    Agar bizning yurtimizda oʻzbek oilasi bilan shunday voqea sodir boʻlsa ilk eʼtibor beradiganimiz va bizni taajjublantiradigani ayolning axloqsizligi boʻlardi. Va shunday voqea sodir qilgan “hayosiz” hisoblangan ayol eng boʻlmaganda televideniye – omma oldiga chiqishga andisha qiladi.

    Uyat boʻladi. Mana shu birgina “uyat boʻladi”, degan iborani qulogʻiga quyib voyaga yetgan har bir inson qanchadan-qancha yomonliklardan oʻzini tiyadi. Yuqoridagi voqealarga doimo tanqidiy koʻz bilan qaraydigan yaxshiyam oʻzbekning hayosi bor, yaxshiyam xalqimizda “odamlar nima derkin?”, degan andisha bor. Agar oʻzbek bor boyligi – andishasini yoʻqotib qoʻysa nima boʻlishini tasavvur qilyapsizmi? Yoʻq, yoʻq tasavvurga erk bermang – ANDISHA qiling. Ibrohim Gʻafurov aytganidek, hayo xaloskor, u insonni razolatdan qutqaruvchi katta kuchdir.

    Manba: Xabar.uz

    » » Oʻzbekning andishasi