Qashqadaryo viloyati hokimi ham uzr so‘radi: «Biz juda katta xatolikka yo‘l qo‘ydik»

  • 04 avgust 2019, 14:22
  • 1 047
  • Jamiyat
  • Qashqadaryo viloyati hokimi ham uzr so‘radi: «Biz juda katta xatolikka yo‘l qo‘ydik»
    Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev va hokimlik rahbariyatining boshqa vakillari Yakkabog‘ tumanida aholi vakillari bilan uchrashib, ulardan uzr so‘radi.

    «...bu voqealarga hech qachon aloqasi bo‘lmaganligi va Eski Yakkabog‘ hududini obod qishloqqa aylantirish qarorini viloyat hokimligi qabul qilganligi, bo‘lgan voqeaga viloyat va tuman hokimligi aybdorligini [aytib], men yuz bora, ming bora hukumatimizdan, davlatimizdan, aziz xalqimizdan, hurmatli blogerlarimizdan, hurmatli jurnalistlarimizdan, mana shu masalada aziyat chekkan tadbirkorlarimizdan ta’zim qilib, iltifot qilib, kechirim so‘ramoqchiman.

    Mana shu masalada biz juda katta xatolikka yo‘l qo‘ydik. Lekin bu xato biz uchun, agar imkon bo‘lsa va shart-sharoit yaratilsa, biz bundan buyog‘iga tadbirkorlarni... Men ko‘ryapmanki, tadbirkorlar bilan, zamon o‘zgarganligi, hayot o‘zgarganligi shuni taqozo qilyaptiki, endi oldingiga o‘xshab, «Buzilsin, olib tashlansin, qo‘porib tashlansin», degan siyosatdan bizda mutlaqo voz kechildi.

    Bundan buyog‘iga har bir inson bilan individual ishlab, har bir oila bilan alohida shug‘ullanib, ularning imkoniyatlari va xohish-istaklarini – u odamlar ham farovon hayotni xohlaydi – hisobga olib, ko‘mak berib, ularning istaklariga qarshi ishlarga mutlaqo yo‘l qo‘ymasdan [ish olib boriladi].

    Ya’ni ular o‘zlari xohlasa xonadonlari bo‘ladimi, tadbirkorlik sub’ektlari bo‘ladimi, o‘zaro shartnoma asosida erkin narxlovchilarga tadbirkorlik sub’ektlarini yoki uy-joylarini... Avvalo, buni bosh plan asosida, uzoq kelajakni o‘ylab... Vaqtinchalik, tezlik bilan «mana shu yerda savdo-sotiq qilishim kerak» degan nazardan, qonun-qoidalarga amal qilmasdan qurilgan tadbirkorlik sub’ektlari, bunaqa siyosatdan biz endi voz kechishimiz kerakligini bugun tushunyapman.

    Agar biror do‘kon yo uy qursak, tuzuk qilib, yaxshilab qursakki, bizdan keyingi 5-6ta avlod shu uyda, shu do‘konda faoliyat olib borsa. Paxsadan, noqonuniy holatlarda, o‘zibo‘larchilik bilan qurib tashlaydigan siyosatdan voz kechishimiz kerak, aziz xalqimiz buni ham tushunishi kerak. Pala-partish qurilishlar odamlarimizga zarar-zaxm yetkazayotganini anglashimiz kerak, mana shu masalalarni keng jamoatchilikka, xalqimizga yetkazishimiz kerak», degan Zafar Ro‘ziyev.

    O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni o‘tkazilgan videoselektorda Farg‘ona, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari hokimlari Shuhrat G‘aniyev, Farhod Ermanov va Zafar Ro‘ziyevni qattiq tanqid qilgandi. Prezident hokimlarga «Obod qishloq» dasturi amalga oshirilishida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun tanbeh bergan va ulardan buzilish ishlaridan jabr chekkan aholi vakillaridan uzr so‘rashni talab qilgandi.

    » » Qashqadaryo viloyati hokimi ham uzr so‘radi: «Biz juda katta xatolikka yo‘l qo‘ydik»