Karim Bahriyev: "O‘zbek amaldorlari OAV tanqidiga xuddi yosh bola kabi xafa bo‘lishadi"

  • 07 avgust 2019, 10:10
  • 988
  • Jamiyat
  • Karim Bahriyev: "O‘zbek amaldorlari OAV tanqidiga xuddi yosh bola kabi xafa bo‘lishadi"
    Foto: Karim Bahriyev fotoarxivi
    2000 yillar avvalida Karim Bahriyevning «So‘z erkinligi haqida so‘z» kitobi norasmiy ta’qiqlangan degan mish-mishlar yurardi. Shoir va jurnalist bu borada yuzaga kelgan vaziyat haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

    — Bu kitob ingliz, rus va o‘zbek tillarida mamlakat tashqarisida chop etilgan bo‘lsa-da, u tarqatilganidan so‘ng shu kitob chop etilishini moliyalashtirgan Soros fondining vakolatxonasi O‘zbekistondan quvib chiqarildi. Kitob taniqli sotsiolog Ma’rufoy To‘xtaxo‘jayeva tomonidan «Sorosning so‘nggi o‘qi» deya atalgandi. Kitob va uning muallifi sifatida mening — Internews network O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori o‘rinbosarining taqdiri Xavfsizlik kengashida muhokama qilingan.

    Yig‘ilish materiallaridan birida kitobni rasman taqiqlash va meni 7 yilga qamash to‘g‘risida xulosaga kelinganini o‘z ko‘zlarim bilan o‘qiganman. Ushbu g‘oya muallifi, o‘sha paytda Davlat Matbuot qo‘mitasi raisi bo‘lgan Rustam Shog‘ulomovdan so‘radim: «Nega yetti yil? Aytaylik, besh yil emas?» U menga odam besh yilga va birinchi marta qamalayotgan bo‘lsa, amnistiyaga tushishi mumkin, qamash to‘g‘risida esa buyruq bo‘lgan deb javob qaytargan.

    «So‘z erkinligi haqida so‘z» kitobining o‘zi esa, yagona shior bilan yozilgandi — keling, halol, to‘g‘ri yashaylik, haqiqatni gapiraylik! Unda hech qanday isyonkor va halqqa qarshi fikrlar yo‘q edi. Xalq munosib yashashni xohlaydi va uning ustidan kamroq hukmronlik qilishlarini xohlaydi. U o‘zining bo‘ysungan holda qolishini xohlashi mumkin emas. Aksincha, xalq aynan demokratiyaga tayyor va uni xohlaydi. U buni xohlamasligi mumkin emas.

    O‘zbekistonda uyushgan jinoyatchilik sezilmaydi, chunki u bu yerda yaxshi uyushtirilgan.

    Tarixda hech qaysi bir prezident (xon, podshoh, monarx) bir o‘zi byurokratiyani jilovlay olmagan. Minglab amaldorlarning mahobatli organizmi yashab kelmoqda va u o‘zining ichki qoidalariga ko‘ra ko‘payib bormoqda. Jahon tarixi va tajribasi shuni ko‘rsatayaptiki, amaldorlarning sulolasi va byurokratiyasiga faqatgina fuqarolik jamiyati va uning institutlari – haqqoniy va ozod saylangan parlament, mustaqil sudlar, mustaqil OAV, mustaqil kasaba uyushmalari, muxolif partiyalar, mahalliy boshqaruv organlari qarshi tura oladi. Jamoat institutlari, jumladan, mustaqil OAV mavjud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymagan boshqaruvchi o‘zini byurokratiya asiriga aylantiradi va uning izmida bo‘ladi, demakki, xalq manfaatlarini himoya qilish qobiliyatiga ega bo‘lmaydi.

    O‘zbek amaldorlari o‘zlariga nisbatan hamisha maqtov eshitishga tayyor, ammo OAV tanqidiga xuddi yosh bola kabi xafa bo‘lishadi.

    O‘zibo‘larchilik hamisha zo‘ravonlikning jinoiy harakatlari natijasida yuzaga keladi, biroq hech qachon demokratiya rivojlanishi natijasida emas. Dunyoning barcha barqaror davlatlari demokratik, barcha beqarorlari esa totalitar davlatlar.

    Iqtisodiyot erkin bozor qonuniyatlari asosida rivojlanishi kerak. «Dirijyor» boshqaradigan iqtisodiyot bo‘lmaydi. «Dirijyor» boshqaradigan iqtisodiyotda faqat «dirijyorlar» yaxshi yashashadi, ya’ni o‘z manfaati yo‘lida o‘yin qoidalarini hamisha o‘zgartiradigan va o‘rnatadigan amaldorlar. «Boshqariladigan demokratiya»da esa, faqat boshqaruvchilarning o‘zlari yaxshi yashashadi.

    Fuqarolik jamiyati mavjud bo‘lmagan, muxolif ovozlar va jurnalistning haq so‘zi eshitilmayotgan mamlakatda kichik bir tanqid yoki hokimiyat siyosatiga nisbatan sinchkovroq qarashning o‘ziyoq g‘arazli, muxolifat bo‘lib tuyuladi. Hokimiyatni tanqid qiluvchi muxolifatning yo‘qligida jurnalist beixtiyor muxolif rolini o‘ynaydi, vaholanki, u balki muxolifga aylanishga urinmagan bo‘lishi ham mumkin.

    » » Karim Bahriyev: "O‘zbek amaldorlari OAV tanqidiga xuddi yosh bola kabi xafa bo‘lishadi"