16:52 / 17.10.2019
3 939

Shavkat Mirziyoyev: "Aslida yerga mehr bergan inson boy bo‘lishi kerak"

Shavkat Mirziyoyev: "Aslida yerga mehr bergan inson boy bo‘lishi kerak"
Shavkat Mirziyoyev Angor tumanidagi «Angor Surxon g‘ururi» paxta-to‘qimachilik klasteri dalasida paxta hosilini ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Prezident paxta-to‘qimachilik klasterini tashkil etish haqida 2018 yil yanvarda viloyatga safari chog‘ida ko‘rsatmalar bergan edi. Shu asosida Surxondaryoda 6 ta to‘qimachilik klasteri tashkil etildi. Ular jami paxta maydonining 67 foizdan ziyodini qamrab olgan. 2020 yilda bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Klaster tizimi sohaga zamonaviy texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni joriy qilishda muhim omil bo‘lmoqda. «Angor Surxon g‘ururi» mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham yangi ish uslubi asosida hosildorlik va mahsulotlarning raqobatbardoshligi oshirilmoqda. Klasterning jami maydoni 9 ming 180 gektar bo‘lib, shundan 8 ming 100 gektaridan ko‘prog‘iga ekin ekiladi. Jumaladan, bu yil qariyb 5 ming gektar yerda ingichka tolali paxta yetishtirilgan.

«Biz yerimizga, sarflanayotgan xarajatga nisbatan kam hosil olyapmiz. Nav bilan, ilmiy agrotexnika bilan shug‘ullanmay qo‘ygandik. Mehnat unumdorligi, manfaatdorlik past edi. Aslida yerga mehr bergan inson boy bo‘lishi kerak. Bizning maqsadimiz shu. Ilm bo‘lmasa, rivojlanish bo‘lmaydi», — degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident ingichka tolali g‘o‘za navlarini ko‘paytirish va ekin maydonlarini kengaytirish, olimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

«Endi hamma klasterlar chorvachilik komplekslari tashkil qiladi. Chunki ularda oziqa bazasi bor. Chorvachilik rivojlansa, go‘sht, sut arzon bo‘ladi. Bu xalqimiz farovonligi, bolalarimiz salomatligi uchun muhim», — degan Prezident.

Qayd etilishicha, bugungi kunda klasterda 900 dan ziyod ishchi va mutaxassis mehnat qilmoqda. Kelgusida qayta ishlashni kengaytirish orqali yanada ko‘p ish o‘rni ochish rejalashtirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: "Aslida yerga mehr bergan inson boy bo‘lishi kerak"