Er dardida bir-­birini turtib surayotgan qizlar yoxud josusni fosh etgan o‘zbek musiqasi...

  • 11 noyabr 2019, 21:54
  • 3 005
  • Jamiyat
  • Er dardida bir-­birini turtib surayotgan qizlar yoxud josusni fosh etgan o‘zbek musiqasi...
    Afsuski, milliy tariximizning qora kunlari, ya’ni XVII asrdan XX asr boshlarigacha siyosiy beqarorlik, diniy jaholat kasofatidan dunyo texnika taraqqiyoti va jahon tamaddunidan xabarsiz qoldik. Ma’lum bir davr tanazzulga yuz tutdik.

    Ha, Nil daryosi sathini o‘lchab bugun Misr taraqqiyotiga hissa qo‘shgan Farg‘oniy, “0” raqami orqali LG, SAMSUNG, NOKIA kabi kompaniyalarni ma’naviy qarzdor qilgan Xorazmiy avlodlari poyezdni ko‘rgach, “Temir maxluq”, deya hayratlandi.

    Vaholanki, bu texnika Beruniyning aniq geometrik formulasi, Farg‘oniyning aniq fizikaviy qonuniyatlari hisobiga bunyod etilgan edi.
    Demak, o‘z qobig‘iga o‘ralib olgan davlat, boshqa madaniyatlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ymaydigan jamiyat tanazzul va qoloqlikka mahkum.

    XIX asrgacha samuraylar qilichidan boshqa qudratli kuch yo‘qligiga ishongan Yaponiyaning keyinchalik “ochiq eshiklar siyosati”ni olib borib, kapitalizm yo‘lini tanlaganiga dunyo guvoh.

    Bugun O‘zbekiston ham bozor munosabatlariga asoslangan ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lidan borar ekan, dunyo bilan hamnafas yashashi shart.
    Faqatgina biz dunyodan oladigan turli madaniyat va urf­odatlar milliy manfaatlarimiz va azaliy qadriyatlarimizga zid kelmasa bo‘lgani. Muhimi shu.

    O‘zbek kuyidan alahsiragan josus…
    Yevropalik josus O‘rta Osiyo xonliklari tarixi va harbiy salohiyatini o‘rganish uchun saroyga o‘rnashib olgan. Yurish-­turish, qiyofa, xatti-­harakat, imo-­ishorasidan ajratishning iloji yo‘q. Haqiqiy josus. Qoyil. Ammo bu qobiliyat o‘zbek mumtoz musiqasi oldida naqadar ojizligini his etganiga manbalar guvoh.

    Xullas kalom, mug‘anniylarning xonishi, tanbur (tanani burovchi) nolasidan saroy ahli boshini sarak­sarak qila ko‘zini yumib olganda, qayerdandir musiqaga mos ravishda oyoq tepib turgan tovush eshitiladi­-yu, josusning siri ochiladi.

    Nega ochilmasin. “Ey o‘g‘il haddingda tut, otang sani sotgandayam, inchunin mushfiq onang gaplari og‘ir botgandayam” misrasidan ota-­onasi oldidagi farzandlik burchi, sharqona ruhiy tarbiya, Ibn Sino asos solgan musiqa terapiyani G‘arbdagi qaysi maktabdan o‘rgansin?!

    1935 yil Buyuk Britaniyada “Jahon xalqlari musiqa festivali”da Usta Olim Komilovning doira chalgan panjalaridan hayratlanib, uning panjalaridan gipsdan nusxasi olingach hozirgacha London muzeyida saqlanayotgan “O‘zbek doirachisi panjasi” yodgorligini qayerdan bilsin?

    Bugun Betxoven, Motsart, Bax mumtoz musiqasiga nari qilib, olomon Parij sahnasida Munojot Yo‘lchiyevaga qarata: “Men falaj edim. Sizning qo‘shiqlaringizdagi dard, musiqangizdagi sehrli ohang bilan tuzaldim”, deya sevinch yoshini to‘xtata olmagan muxlisning musiqiy madaniyatini qanday anglasin?

    Gul meniki, er meniki…
    “Kelinchak tomonidan gul otish marosimi amalga oshirildi va unda guldastani kelinning dugonalari ilib olishdi”…
    Ko‘z oldingga “Sen yetim emassan” filmidagi nonga to‘ymagan bolakaylarning tarelkadagi non bo‘laklariyam mayli, non ushoqlarini ham terib yeyayotgani keladi. Bu bolalarku urush payti nonga to‘ymagan. Bu kelin dugonalar-chi?

    Azal-­azaldan xalqimizda yigitlarning oila qurishi va oilaning mas’uliyatini anglashi uchun kuchli ruhiy targ‘ibotlar amalga oshiriladi.
    Misol uchun, kelinning uyiga borgan kuyov qo‘liga qand­-qurs solingan belbog‘ beriladi. Kuyov otgan belbog‘ni ilib olish uchun kuyovjo‘ralar shunaqangi tortishadi­ki, bu marosim oldida ko‘pkari xijolat.

    Belbog‘ni mushtida mahkam siqib olgan yigitning onasi to‘yxonada g‘ozday keriladi.
    Keriladi-­da, shuncha yigitlar orasidan aynan uning o‘g‘li oila rizqu-nasibasi uchun bir umr kurashib yashashini isbotlab bergandan keyin.

    G‘olibona nazar soladi­-da, devor panasidagi go‘zal qizlar o‘g‘liga zimdan qarab turgandan keyin.
    Mag‘rurlanadi-­da, yonidagi ayollar qani edi, shunday abjir, oilaparvar kuyovim bo‘lsaydi, deya orzu qilib qiz o‘stirayotgan onaxonlarga qarata: “Qizing bo‘lsa shunday yigitga berasan­-da”, deya baland ovozda gapirgandan keyin.

    G‘arbda­-chi? Bugun Yevropa oilashunoslari aholi demografik inqirozidan chiqib ketish uchun qizlarni oila qurish va farzand ko‘rishga qiziqtirish bilan ovora.

    Aytaylik, to‘yxonada yig‘ilgan omma oldida kelin qo‘lidagi gulni orqaga otadi. Ularning targ‘iboti bo‘yicha gulni olgan qiz turmushga chiqishi kerak. Gulni ilib olish uchun qizlarning qo‘llarini tepaga cho‘zib, er dardida bir-­birini itarib tepishayotgan o‘zbek qizlarini ko‘rgan Kumush XXI asrda hayotda emas, “O‘tkan kunlar” kitobida yashayotganidan xursand.

    Soch o‘rami buzilgan, ko‘ylaklar bir ahvolda, gulni ilib: “Er bormi?” qabilida qo‘llarini baland ko‘targan qizning onasi to‘yxona burchagiga yashiringan.

    Yashirinadi-­da, tumonat odam oldida qizi “Mana menman ersiragan. Uylanadiganing bormi?”, deya atrofga javdirab turgandan keyin.
    Qizaradi-da, davradagi ayollarga gap bermasdan qizining xulqi, hatto ibosiga farishtalar hasad qilishidek uydirmalarni to‘qib turgan bir paytda ayollarning “Uzr, opajon. Ana u gul ko‘tarib turgan tasqarani aytyapsizmi?”, deya mot qilganidan keyin. Agar shunday ayollar to‘yxonada bo‘lsa?!

    Boshini egib turadi-­da, nikoh marosimida mullaning “Falonchi qizi, o‘zingizni falonchiga tan mahramlikka berasizmi?” so‘roviga xuddi­-ki uyalib bosh qimirlatish “sahnasi”ni o‘rgatgan ona bugun qizining to‘yxonadagi tomoshasidan keyin.
    O‘ylab qolasan, bugun ba’zi to‘ylardagi gul otish lavhalarini jamlab kino ishlasa bo‘ladi. Faqat kinoning nomi “Sen yetim emassan” emas, balki “Sen ersiz emassan, tinchlan jigarim!”

    O‘zbek oshpazining farosati …
    Moskvadagi “Kazan” (Qozon) restorani bosh oshpazi Hakim G‘aniyevning yarim tonnalik norin taomi tayyorlagani uchun “Ginness rekordlari” kitobiga kiritilganidan xabar topgan xorijiy jurnalistlar marg‘ilonlik oshpazni mot qilishmoqchi bo‘lishdi.

    – Hakim aka, tabriklaymiz. Moskvada oshxona ochib, yana buning ustiga, “Ginness rekordlari” kitobiga kirishingiz, bu – baxt. Lekin bir savol bor?
    – Marhamat!
    – Siz har doim intervyularda “Biz o‘zbeklarda o‘ng qo‘l bilan taom yeydi. O‘ng qo‘l bilan barcha ishlar bajariladi. Oyoq kiyim ham o‘ng oyoqdan kiyiladi. Faqat hojatxonada chap qo‘l ishlatiladi”, deya aytib kelasiz. Unda nega bugun norin uchun qo‘yning chap oyog‘idan foydalandingiz?

    Biz dunyoda “Fastfood” brendini kashf qildik, deya chiranib, hatto milliy taomi bo‘lmagan ba’zi davlatlar qo‘y o‘zining oyog‘iga yotgani uchun uning go‘shti yer zaxidan buzilmasligi, shuning uchun qo‘yning ta’mi buzilmagan chap oyog‘idan foydalanishini qayerdan tushinsin?!

    “Biz dunyoga gigiyena olib keldik, unitaz, tualet qog‘ozi olib keldik“, deya chiranayotgan G‘arb aslida Ibn Sinoning o‘lat, zotiljam, vabo kasalligi yalmog‘izlar supurgisidan emas, havo, kalamushlar orqali yuqishini qayerdan bilsin?

    “Dasturxon uchun tish kavlagich, sanchqi yaratdik, ovqatdan so‘ng ho‘l sochiq (vlajnaya salfetka)“, deya kerilayotgan shovvoz aslida “Qarisan, qartasan, asl zotingga tortasan” shioriga amal qilib, uyqudan uyg‘ongan zahoti qo‘l­yuzini yuvmasdan kofe damlab ichmasdi.

    Xulosa o‘rnida, bugun ana shunday “ommaviy madaniyat” sarqitlari borki, na milliy qadriyatlarimiz, na milliy urf­-odatlarimizga to‘g‘ri keladi. Ular shunchaki, payvand qilishga yaramaydigan boshqa bog‘ning kasalmand novdalariga o‘xshaydi.

    Ota­-bobolarimiz aytishicha, ko‘chatga payvand qilingan novda agar meva bersa, uning danagidan ko‘paytirib bo‘lmas ekan. Sababi, ildizi mustahkam niholga payvand qilingan novda ildizsiz ekan.

    Mabodo, kasalmand novdalar xonadonimiz bog‘ida o‘sib chiqqudek bo‘lsa, internet, telefon, televizorni o‘chirish emas, balki “tafakkur qaychi”mizni qo‘lga olsak bo‘lgani…
    Jonibek Shuhratov

    Manba: Azon.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Er dardida bir-­birini turtib surayotgan qizlar yoxud josusni fosh etgan o‘zbek musiqasi...