Poytaxt prokuraturasi OAV xodimlari uchun uyushtirgan tadbir... «yemadi»!

  • 14 noyabr 2019, 18:36
  • 1 373
  • Jamiyat
  • Poytaxt prokuraturasi OAV xodimlari uchun uyushtirgan tadbir... «yemadi»!
    1
    Kecha Toshkent shahar prokuraturasi ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun favqulodda matbuot anjumani uyushtirdi. Bu haqda aksariyat OAV xodimlari tadbir vaqtidan bir-bir yarim soat avvalgina voqif etildiki, ulgurgan jurnalistlar keldi, ulgurmagani yo‘q. Matbuot anjumanida OAV vakillaridan ko‘ra prokuratura xodimlari ko‘proq bo‘lganining sababi shu. Mehmonlardan ko‘ra mezbonlar ko‘p bo‘lgan bunday tadbir, juda yumshoq aytganda, g‘alati ko‘rinarkan...
    2
    Matbuot anjumani mavzusiga kelsak.

    Olmazor tuman hokimi sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobov va «Kun.uz» sayti xodimlari o‘rtasidagi mojarodan xabaringiz bor. O‘tgan kuni ayni masalada Toshkent shahar prokuraturasining tergovga qadar tekshirish xulosasi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, tuman hokimi sobiq o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etildi. Poytaxt prokuraturasining ayni mazmundagi avvalgi qarori qanday bahs-muhokamalarga sabab bo‘lsa, bunisining aks-sadosi undan o‘tsa o‘tdiki, aslo qolgani yo‘q. Matbuot anjumani ayni masalaga oydinlik kiritish uchun uyushtirildi.
    3
    Jurnalistlarni ochiq muloqotga chorlab, o‘z faoliyatida ochiqlik va shaffoflikka intilayotgani e’tirofga loyiq, albatta. Biroq mavzu mazmunidan kelib chiqilsa, tadbirda birorta yangi gap yangrashi ehtimoli yo‘q darjada edi. Zero, shahar prokuraturasi holat bo‘yicha o‘z to‘xtamini e’lon qilib bo‘lgan, bu yog‘iga uni (jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qarorni) asosli va qonuniy ekanini takror-takror ta’kidlashi aniq.

    Shunday bo‘ldi ham.
    4
    Avvaliga ikkinchi bor tergovgacha tekshirish o‘tkazib, hech kimning harakatidan jinoyat alomatlarini topolmagan xodim Sayyod Jumaboyevga so‘z berildi. Uning qisqa va quruq axboroti OAV xodimlarining ensasini qotirdi, xolos. So‘ng savol-javobga o‘tildi. Beriladigan savollar, ularning javobi shundog‘am ma’lum edi. Ya’nikim, tuman hokimining sobiq o‘rinbosari OAV orqali (!) jurnalistni pora taklif qilganlikda aybladi. O‘z navbatida, jurnalist bu ayblovlarni inkor qilib, unga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab prokuraturaga murojaat qildi. Prokuratura esa... bir emas, ikki bor sobiq hokim o‘rinbosarining bunday xatti-harakatida jinoyat alomatlari yo‘q, deb topmoqda. Demak, masala oppa-oydin: taniqli bloger ta’biri bilan aytsak, jurnalistning pora taklif qilgani rost bo‘lsa, marhamat — javobgarlikka tortilsin, axir bu korrupsiya! Agar bu tuhmat bo‘lsa, unda tuman hokimi sobiq o‘rinbosari javobgarlikka tortilsin, axir bu qip-qizil muttahamlik!

    Savol-javoblar masalaning ayni nuqtasida aylanaverdi-aylanaverdi... Shunga qaramay, ikki soatga yaqin davom etgan tadbirda barchaning «qoni to‘yadigan» gap topilmaganiga nima deysiz?!
    5
    Darvoqe, matbuot anjumaniga prokuratura tomonidan Olmazor tumani hokimi sobiq o‘rinbosari A. Vahobov taklif etilgani kutilmagan hol bo‘ldi. Ajab, ommaviy axborot vositalari uchun tashkil etilgan tadbirda mavzu qahramoniga nima bor? Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Aliakbar Po‘latovning javobi shu bo‘ldiki, mojaro «Kun.uz» xodimi va A. Vahobov o‘rtasida kechgan, mazkur tadbirga sayt vakillari taklif etilganidan kelib chiqib, ikkinchi tomon sifatida sobiq hokim o‘rinbosariniyam chaqirdik...

    Yopishmadi! Nega? Sayt xodimlari anjumanga taraf sifatida emas, balki jurnalist sifatida keldi. Agar ikki tomon taraf sifatida taklif etilsa, masala matbuot anjumanida emas, tergovchining xizmat xonasida muhokama etilmaydimi? Ayni holatda, mashhur kinodagi mashhur iboraga qiyosan aytsak, «davlat juni bilan shaxsiy jun» aralashtirilganga o‘xshadi.
    6
    Aytgancha, anjuman jarayonida poytaxt prokuraturasi mas’ullari A. Vahobovga ham so‘z berishga urinib ko‘rdilar. Biroq bu urinish jurnalistlarning keskin qarshiligiga uchradi. Agar sobiq o‘rinbosarning aytadigan gapi bo‘lsa, marhamat — alohida bayonot bersin, bu borada tajribasi bor: jurnalistlarga tajovuz qilgani shov-shuv bo‘lgach, Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatida uyushtirgan suhbatda bulbuldek sayramadimi?!

    Yana bir gap. Tadbirga tuman hokimi sobiq o‘rinbosari taklif etilib, unga so‘z berishga urinish, boz poytaxt prokuraturasi mutasaddilarining «...yigirma yillik faoliyatidan keyin bu tarzda ishdan chetlatilishining o‘zi A. Vahbovga og‘ir jazo» ekanini hamdardlik ohangida aytishlari, rosti, xolislik posangisi teng ushlanmayotganidan darak berayotganday. Adashayotgan bo‘laylik, mazkur holatlar prokuratura organlarida sezilib borayotgan «qonunparastlik» emas, «hokimparastlik» kasalining simptoplari bo‘lmasin-da, ishqilib...
    7
    Savol tug‘ilishi mumkin: prokuratura pozitsiyasi ham, ommaviy axborot vositalari xodimlarining ham nuqtai nazari avvaldan ayon, boz anjumanda yangi gap aytilishi ehtimoli yo‘q darajada ekan, tadbir uyushtirishdan muddao ne edi?

    Shahar prokurori o‘rinbosariga ko‘ra, matbuot anjumanidan asosiy maqsad — «Kun.uz»&«zamhokim» mojarosi bo‘yicha fikr almashib, bir to‘xtamga kelib olish ekan. Kutilganidek, anjumanda jurnalistlar o‘z fikrida, prokuratura o‘z nuqtai nazarida sobit qoldi. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Zotan, ikki o‘rtada qandaydir qurilish yoki qonun loyihasi muhokama etilmadiki, aytilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqib, unga o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritilsa. Qolaversa, prokuratura qarori anjumanda muhokama etiladigan masalayam emas-da. Masala ortiqcha ishtiboh qoldirmaydigan darajada qonun bilan «mixlab» qo‘yilsa, matbuot anjumani o‘tkazishga ehtiyoj qolmasmidi, deysan-da.
    8
    Toshkent shahar prokuraturasining jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qarori qayta ko‘rib chiqilishi mumkinmi? Prokuror o‘rinbosari buni istisno qilmadi. Mazkur qaror shahar prokurori yoki Bosh prokuratura tomonidan nazorat tartibida ko‘rilib, bekor qilinishi yoki qonuniy deb topilishi mumkin. Buning uchun undan (qarordan) qaysi tomon norozi bo‘lsa, tegishli tartibda murojaat qilishi lozim. Tuman hokimi sobiq o‘rinbosari qarordan mamnun ekani ayon (axir u «oppoq» deb topilmoqda!). Kun.uz muxbirining shikoyat qilishi esa, uning shaxsiy huquqi.

    Voqealar rivojini esa vaqt ko‘rsatadi.
    9
    Nima uchun ayni masalaga OAV tomonidan qattiq e’tibor qaratilmoqda? Necha o‘n yillardan beri bo‘g‘ib kelingan matbuot yelkasiga endi-endi oftob tegmoqda. Natijalar hali maqtangudek emas, biroq e’tirofga loyiq narsalar ham anchagina. Jamiyat rivojini ommaviy axborot vositalari erkinligisiz tasavvur qilib bo‘lmas ekan, soha vakillari duch kelayotgan g‘urbatlarga «bitta muxbir muammosida, bu...» qabilida qarab bo‘lmaydi. Zero, jurnalist o‘zining emas, o‘zganing dardi-tashvishi bilan yashaydi. Faoliyatining o‘zak tomiri ham shu. Pirovard maqsad esa prokuratura faoliyati bilan uyg‘un: jamiyatda qonun ustuvor bo‘lsin! Buni ko‘ndalang turgan savol ham aytib turibdi: jurnalistning pora taklif qilgani rost bo‘lsa, marhamat — javobgarlikka tortilsin, axir bu korrupsiya! Agar bu tuhmat bo‘lsa, unda tuman hokimi sobiq o‘rinbosari javobgarlikka tortilsin, axir bu — qip-qizil muttahamlik!

    Manba: Xabar.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Poytaxt prokuraturasi OAV xodimlari uchun uyushtirgan tadbir... «yemadi»!