12:20 / 20.01.2018
4 902

Surat

Surat
O‘sha kuni erta tongda qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Poytaxtdan xizmat safariga kelgan markaziy jurnallardan birining vakili so‘rattirgan ekan. Onamning suratini olib borishimni aytishganidayoq, tushundim. Volidam haqidagi sog‘inchli xotiralarimni yo‘llagan edim, demak, rasmi bilan berishmoqchi.

Quvonib ketdim. Onajonim, mening sodda onaginam shunday atoqli nashrda chiqsa-ya! Buni o‘zi bilganida, ko‘rganidaydi! Ko‘zlariga ishonmagan, ro‘molining uchiga sevinch yoshlarini artgan bo‘lardi. Lekin bu – xotiralar, mening kechikkan dil izhorlarim edi...

Kitob javonidagi hamma albomlarni olib, munosibini qidira ketdim. Onamning atigi olti dona sarg‘aygan surati bo‘lib, birortasi portret emas ekan (turli vaziyatlar uchun turli libosda, har xil fonda tushgan rasmlarimizga qarab, to‘g‘risi, uyalib ketdim). Agar akalarim harbiy xizmatga borishmaganida bularning ham ba’zilari bo‘lmas edi. Darvoqe, bu suratlarning olinishiga onamning ilg‘or pillakor, terimchi paxtakorligiyam sabab. Mana buni pilla topshirish rejasini ikki hissa bajarganlarida gazeta uchun olishgan. Oddiy jigarrang jemperda, boshida yashil sim ro‘mol, xiyol jilmayib va behad iymanib turgan onam... Uyimizni bo‘shatib berib o‘zimiz so‘rida yotgan, ipak qurtini papalab, pechkaga o‘t yoqib boqqan kunlari, ho‘l bargni ko‘taraverib beli og‘rib uxlamagan tunlari elas-elas yodimda.

Bunisi esa ilg‘or paxtakorlar safida katta anjumanga borganlarida olingan. O‘shanda onamni dalasiyu oltita bolasidan ajratib ikki kunga poytaxtga olib ketish uchun eshigimizga kazo-kazo rahbarlar kelib, arang ko‘ndirishgan ekan. Mana, beshta ayol kursida tizilib o‘tirishibdi. Qo‘llar tizzada, yelkalar tik. Egnilari deyarli bir xil: to‘g‘ri burma va uzun yengli ko‘ylak ustidan kamzul, boshlarida guldor ro‘mollar. Sochlar mayda yoki ikkita qilib o‘rilgan. Bu surat tarixida meni na katta shahar va na anjuman taassurotlari, balki orqa fon manzarasi hayratga solgandi. Ola-bula parda, bundan ham qizig‘i, unga yirik tugmalar qadalgan. Bu haqda so‘raganimda esa, onam orqada erkak kishilar tik turganligi, ular ilg‘or mexanizatorlar ekanligi bois birga rasmga tushishga majbur bo‘lishganini aytib berdi. Uyga qaytgach, nomahramlar qiyofasini yelkadan qirqib yuborgan ekan...

Qolganlari askarlikka ketgan akamlar uchun olingan suratlar. Ularning har birida volidamning mehrli nigohi va intizorlik ila aytilgan: “Qachon kelasan, bolam?” degan sog‘inchli so‘rovini tuyaman.

Suratlar... Ular bugun ko‘ngil torlarimni nafis-nafis chertib, shuurimga alladay qadrli tuyg‘ular baxsh etdi. Shu tobda onam haqidagi bir badiani o‘qib, turli manzillardan sim qoqqan odamlar va ular aytgan so‘zlarni esladim: “Xuddi mening onam haqida yozibsiz...” Ha, millatimiz onalari turli ranglarda, xilma-xil mo‘yqalam bilan yaratilaveradi, lekin hamisha negiz mohiyati tufayli bir-biriga juda o‘xshab qolaveradi.

Xullas, o‘sha kuni jurnalga munosib rasm topolmadim. Sifat ma’nosida, albatta. Lekin, qalbim juda aziz, biroq unutilayozgan inja tuyg‘ular tashrifidan yorishib ketdi. O‘sha yorug‘lik mevasi bo‘lmish ushbu satrlar o‘zbek onasi portretiga, eng kichik nuqtadek bo‘lsa ham, yana bir chizgi bo‘lib tushsa, qaniydi...
Gulchehra Asronova

Manba: Irfon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Surat