23:45 / 15.02.2018
21 364

Baxt kaliti qayerda?

Baxt kaliti qayerda?
Baxtning poydevori oiladan boshlanadi. Er-xotin birgalikda baxtli turmush kechirsa, kelajakda farzandlari ham, albatta, baxtli inson bo‘lishadi.

Olimlar farzandi baxtli bo‘lishi uchun ota-onalar bajarishi kerak bo‘lgan quyidagi vazifalarni sanab o‘tishgan.

Mehringizni ayamang
Bolaga beriladigan pul va sovg‘a-salomlarning hech biri ota-onaning farzandi bilan besh daqiqalik suhbati o‘rnini bosolmasligini unutmang. Bola o‘ziga ishonch, himoya kuchini sizning mehringizdan oladi.

U xato qilishi, o‘ylamay qaror qabul qilishi mumkin, lekin siz uni mehr-muhabbatingizdan shubha qilishiga imkon bermang. Farzandingiz uni o‘z holicha yaxshi ko‘rishingizni sezib tursin.

Namuna bo‘ling
Farzandingizga qanday namuna bo‘lganingiz kelajakda u o‘ziga umr yo‘ldosh tanlayotganida, albatta, o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Agar siz yaxshi ota-ona bo‘lsangiz, farzandingiz umr yo‘ldoshi sizga o‘xshagan bo‘lishini istaydi, o‘z farzandiga siz kabi ota yoki onalik qiladi.

Qiziqishlarini inobatga oling
Bola ulg‘ayarkan, uning qiziqishlari ham o‘zgarib turadi. Ba’zan uning sevimli mashg‘uloti sizga yoqmasa-da, keskin tanqid qilishga shoshilmang. Uning murg‘ak qalbiga ozor yetkazib qo‘yishingiz mumkin. Siz taqiqlamoqchi bo‘lgan, shunchaki, bir mashg‘ulot bo‘lib ko‘ringan yumush farzandingiz egallaydigan kasbga aylanishi mumkinligini unutmang.

Bir-biringizga mehribon bo‘ling
Bir-biringizga bo‘lgan mehringizni bolangiz ham his qilib ulg‘aysa, sizga bo‘lgan hurmati hech qachon yo‘qolmaydi. Bu kelgusida ularning oilasi mustahkamligiga poydevor bo‘ladi.

Undan uzoqlashmang
Balog‘at yoshi har xil kechadi. Bu yoshda bola qo‘rs, jizzaki, qaysar bo‘lib qolishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, bu vaqtda siz unga har doimgidan ham ko‘proq kerak bo‘lasiz. Farzandingizdan uzoqlashmang, tuyg‘u, muammo va qiziqishlariga befarq bo‘lmang, kun tartibidan xabardor bo‘ling. Siz uni doim tinglashga, qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekaningizni unutmasin.

Bola bu davrdan ota-ona ko‘magi bilan o‘tsa, kelgusi hayoti ham shu tartibda davom etadi.

Birgalikda bajaring
Farzandingizni sport mashg‘ulotlariga olib boring. Yoshlikdan sport bilan shug‘ullanish ham jismonan, ham ruhan tetiklashtirish bilan birga, kuchli iroda, o‘ziga nisbatan ishonch tuyg‘ularini shakllantiradi.

Bayram, tug‘ilgan kun va boshqa shodiyonalar esda qoladigan, kutilmagan sovg‘alarga boy bo‘lsin. Oilaviy sayohat yoki qiziqarli tadbirlar o‘tkazing. Bolangizning hayotida quvonchli lahzalari ko‘p bo‘lsa, u o‘zini shuncha baxtli his qiladi.

Ishdagi muammolarni uyga ko‘tarib kelmang. Oilaviy tadbir, suhbatlar tashkillashtiring va unda hamma ishtirok etsin. Bu avvalo, oila birdamligini ta’minlaydi, shuningdek, oila boshqaruvida farzandlarga namuna bo‘ladi.

Eng muhim damlarda yonida bo‘ling
Farzandlaringiz erishgan yutuq, muvaffaqiyatga e’tiborsiz bo‘lmang, aksincha, ularni rag‘batlantiring. Rag‘bat bundan ham yuqori marralarga erishishga undaydi. E’tiborsizlik esa, ishtiyoqni so‘ndiradi.

U erishgan natija sizni befarq qoldirmasligini bilsa, o‘zini ham sizga kerakli inson, deb hisoblaydi.
Nargiza DAMINOVA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Baxt kaliti qayerda?