19:30 / 16.05.2018
4 917

«Katta odamlarning tashvishi ham katta bo‘ladi!»

«Katta odamlarning tashvishi ham katta bo‘ladi!»
— Men katta bo‘lsam, uchuvchi bo‘laman! — deydi oldidagi tishlari tushgan, kal boshini kechagina dadasi bozordan olib kelgan do‘ppisi bilan yashirib olgan Uchqurbek!

— Men esa katta bo‘lsam, shifokor bo‘laman, oyim, «Sening isming Ozoda, shuning uchun toza-ozoda yurishing kerak, shifokorlar shunaqa bo‘lishadi», dedilar.

Bu gapni o‘zi sochlari kalta bo‘lsa ham, oyisi bir amallab lentaga ilashtirib qo‘ygan shiringina 5 yoshli qizaloq Ozodaxon aytdi.

Bolakaylarning suhbati qizigandan-qizirdiki, yonlaridan ketgim kelmadi. Yana biroz o‘tiray, ularning bu «global muammolari» qanday yakun toparkin.

— Sen-chi, Shuhrat, sen kim bo‘lasan? — deyishdi bo‘lajak uchuvchi bilan shifokor birgalikda.

— Men, men… kim bo‘lishimni aytmayman, bu sir.

— Nega sir? Sening dadang, oying aytishmaganmi kim bo‘lishingni?

— Aytishgan, nega aytishmagan ekan!

Bolalar birvarakayiga kichkina ko‘zlarini katta-katta ochib qarashdi, men esa ana shu nigohlarda kattalardagi kabi «Qani, xo‘sh?» degan so‘rovning aksini ko‘rdim.

— Katta odam bo‘lasan, dedilar oyim. Dadam esa menga o‘xshab yurasan, katta davralarda, katta-katta odamlarning ichida, dedi. Ana u mahalladagilarning ba’zilariga o‘xshab, kichkina odamlar bilan o‘ralashmasligim kerak ekan.

Bolalar xoxolab kulib yuborishdi.

— Ha-ha-ha, unda sen anavi qo‘shnimiz, Kelbat bobodek bo‘larkansan-da, a? — deydi Ozoda bolaligiga borib.

— Yo‘q, Kelbat bobomas, anavi Shodiqul amakiga o‘xshaydi. Shunaqa kattaki, agar biznikiga borsa, oyimni faqat urishib beradi. «Kelin, nima endi eringizga men aytamanmi, bu uyga kirish eshigini enliroq, kattaroq qiling deb. Bu nima, arang odam sig‘adi-ya», deydi. Oyim kuladi-da: «Endi Shodiqul aka, shu kuyovingiz katta odamlar kelishini hisobga olmagan ekan-da», deydi. Shunda ikkovlashib kulishadi.

Men ularning nima deganini uncha tushunmasam ham bolalarga qarab, kulib qo‘yaverardim.

— Endi bildim, demak, sen katta odam bo‘lsang, men dadam qurgan eshikdan ka-a-attasini qurishim kerak ekan-da?.. — deydi yangi do‘ppisini boshiga qo‘ndirib olgan uchuvchimiz xuddi bir nimalarni chuqur o‘ylagandek.

— Ha-a, men do‘xtir bo‘lganimda unda senga kattakon karavot yasattiraman. Keyin Kelbat boboga o‘xshab o‘tirgan stulingni sindirmaysan! — deydi Ozoda bolalarcha quvnoqlik bilan.

— Unday emas, — qovoqlarini uyadi Shuhrat ikki do‘stining gapidan g‘azablangan bo‘lib. — Men boshqacha katta odam bo‘laman, dadam aytgan.

Bu bolakay yana nimalardir deb ichida g‘o‘drandi, keyin yana uchchovlon gapirayotgan mavzularini ham unutib, o‘yinga berilib ketishdi. Shu bilan uzoq o‘ynashdi. Men bo‘lsam, ularning suhbatlari tingandan so‘ng zerikib qoldim. Ko‘p yurib tolgan oyoqlarim ham bir necha daqiqalik hordiqdan so‘ng o‘ziga kelib qoldi. O‘rindiqdan turdimu, yana yo‘limda davom etdim.

Lekin yo‘l-yo‘lakay shu uch bolakay — uchuvchi, shifokor va katta odamning xayoli bilan ketaverdim.

* * *

Bu xayollarimning adog‘i esa 25 yildan so‘ng tindi. Odam qarigandan so‘ng uzoq yurgisi ham kelmay qolarkan. Lekin bir joyda ham o‘tirishni istamas ekan. Shungami, charchasam ham har kuni ishga borib kelyapman. Lekin biroz yuraman, birozdan keyin yo‘lda uchragan o‘rindiqlarda o‘tirib charchog‘imni chiqaramanu, yana yo‘limda davom etaman. Shunday yurib-yurib, 25 yil oldin o‘sha men uchratgan bolakaylar — uchuvchi, shifokor va katta odamning suhbatini eshitgan o‘rindig‘imga kelib o‘tiraman. Negadir shu yerda ko‘proq qolib ketaman. Odamlar gavjum, salqin joy bo‘lgani uchun bo‘lsa kerak.

— Ozoda, senmisan? I-ye, bu yerlarda nima qilyapsan? — deydi zamonaviy kiyinib olgan bir yigit tasodifan uchratib qolgan tanishini ko‘rib.

— Assalamu alaykum, Uchqurbek, yaxshimisan? Ha, mana bu yo‘lning narigi tomonidagi kasalxonada ishlayapman-ku, xabaring yo‘qmi? O‘zing nima qilib yuribsan, uchqurdek bo‘lib uchib yuribsanmi? Ha, seni ikki kun oldin ham ko‘rgandim, — deydi oq xalatli ayol tabassum bilan.

— Rostdanmi? Qayerda ko‘rding, men seni ko‘rmadim-ku?..

— Qayerda bo‘lardi, televizorda-da, har kun sen haqingda gapirishyapti-ku, qahramon!

— E, qo‘ysang-chi, odamni xijolat qilmagin-da endi. Aytgandek, Ozoda, Shuhratning ahvoli og‘irlashib qolganmish, ko‘rgani borishimiz kerak… Harholda, bir zamonlar bo‘lsa-da, qadrdon edik.

— Ha, men emas, sen ko‘rgani borishing kerak. Shundoq ham uni har kuni ko‘rib turaman-ku.

— Qanaqasiga? Axir u shaharga ko‘chib ketgan, deb eshitgandim-ku!

— Ha, shunaqa edi. Ammo shu ishida nimadir bo‘lgan, shekilli, katta muammolarga o‘ralashib qolibdi. O‘rtamizda qolsin-u, u giyohvand ham bo‘lib qolgan. Hozir bizning kasalxonada davolanyapti.

— Hmm, unda ertagayoq kasalxonaga o‘taman. Tuzalib ketsin-da, ishqilib…

— Shunday. Katta odamlarning tashvishi ham katta bo‘ladi, deganlaricha bor ekan. U bilan o‘tgan kuni ancha uzoq gaplashdik. Ko‘p narsalarni gapirib berdi. Ota-onasini esladi, katta odam bo‘lasan, kichkina odamlar bilan o‘ralashib yurmaysan, deganlarini qayta-qayta gapirdi. Faqat boshqacha ohang bilan, mahzunlik bilan gapirdi bu safar.

Bu gapni aytayotgan ayolning ko‘zlarida nimadir gavdalandi. Men buni angladim. Bu o‘sha 25 yil oddingi soddalikdan qolgan nishona edi.

Men ularni tanidim. Ular esa yo‘q. Ha, qayerdan ham tanishsin. O‘shanda ham ularga bir og‘iz gapirmay, faqat bugungidek, jim quloq tutib o‘tirgandim. Lekin negadir shu safar gapirgim keldi. U o‘sha do‘sti uchun qurmoqchi bo‘lgan katta eshikni qurdimi yoki yo‘q, bilmoqchi bo‘ldim. Ammo men hali og‘iz juftlashga ulgurmasdanoq ularning ikkisi ham o‘z yo‘llarida ketib bo‘lishgan edi.

Yo‘l-yo‘lakay ko‘p narsalarni o‘yladim. «Uchuvchi yigitning uy eshigi katta-katta bo‘lsa kerak? Axir har kuni televizorda uning yutuqlari haqida gapirishar ekan-ku!

Ozodaning sochlari ancha o‘sibdi, bir zamonlar lentaga zo‘rg‘a ilashtirib qo‘yishgandi, endi shifokor bo‘libdi. Katta odamni ko‘rmadim, negadir bundan ko‘nglim g‘ash bo‘ldi. Mening-ku, yuragim og‘rindi, o‘z o‘g‘liga orzu qilishnida o‘rgata olmagan ota-onasining yuragi og‘rinmadimikin?!»

Uzoq yurdim, uzoq o‘yladim. Yana oyoqlarimga og‘riq tushdi. Yo‘lda uchragan o‘rindiqda biroz dam olish uchun chog‘landimu, lekin o‘tirmadim. O‘sha o‘rindiq yonida bolalar qumdan nimadirlar yasashib, o‘zaro gaplashishayotgan ekan. Nimalar haqida ekan, buni bilmayman. Balki, har kuni ota-onalari quloqlariga quyadigan orzulari haqidadir. Ha, mayli, men ketaveraman yo‘limda, faqat shu bolakaylarning ezgu orzulari ushalsa bo‘lgani…
AFSONA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Katta odamlarning tashvishi ham katta bo‘ladi!»