Qalb ko‘zi berkligining dalili

  • Hayot tarzi
  • 25-05-2018, 00:33
  • 1 024
  • Қалб кўзи берклигининг далили
    Senga kafolati berilgan narsada ijtihod qilmog‘ing va sendan talab qilingan narsada kamchilikka yo‘l qo‘ymog‘ing sendagi qalb ko‘zining berkilganidir.

    Bandaga kafolati berilgan narsalarning biri rizqidir. Ahli sunna val jamoa mazhabi ulamolari ta’rifida «Alloh taolo odamlar va hayvonlardan iborat O‘z maxluqotlariga bergan va ular manfaat olgan dunyoviy va uxroviy har bir narsa rizqdir».

    Alloh taolo oqil va oqilmas, katta yoki kichik har bir insonga, har bir hayvonga bergan va ular manfaatlanadigan yemish, ichimlik, kiyim yoki maskan ularning rizqidir.

    Shuningdek, Alloh taoloning ularni yaxshilikka muvaffaq qilishi, toatlarga yo‘llab qo‘yishi ham rizqdir.

    Alloh taolo “Hud” surasida marhamat qiladi: «Yer yuzidagi jonzot borki, ularning rizqi Allohning zimmasidadir. U ularning qarorgohlarini ham, saqlanib turadigan joylarini ham bilur. Hammasi ochiq-oydin kitobda bordir» (6-oyat).

    Yer yuzida o‘rmalagan narsa – odamzod, hayvonot, hasharot, qurt-qumursqa va boshqa jonzotlardir. Shularning hammasiga Alloh taolo rizq beradi. Hammasining yurgani, turgani, tug‘ilgani va boshqa holatlarini biladi. Bularning hammasi ochiq-oydin va ravshan kitobda yozib qo‘yilgandir.

    Alloh taolo “Ankabut” surasida marhamat qiladi: «O‘z rizqini ko‘tara olmaydigan qanchadan-qancha jonzotlar bor. Ularga ham, sizlarga ham Alloh rizq beradir. Va U o‘ta eshituvchidir, o‘ta biluvchidir» (60-oyat).

    Darhaqiqat, o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, ko‘pgina jonzotlar rizqqa muhtoj bo‘lganida uni tanovul qilishdan boshqa narsani bilmaydi. Rizq topish uchun harakat ham qilmaydi. Rizqni o‘zi bilan ko‘tarib ham yurmaydi. O‘ziga rizq jamg‘armaydi ham. Faqat rizq kerak bo‘lganida, uni tanovul qiladi, xolos. Ammo birortasi rizq topolmasdan, ochlikdan o‘lib ham qolmaydi. Rizqini terib, yeb yuraveradi.

    Faqat insongina rizq to‘plashni odat qilgan. Ilohiy ta’limotlardan uzoq bo‘lgan ko‘pgina odamlar hayotni rizq-ro‘z uchun kurashishdan iborat, deb o‘ylaydilar. Ular o‘zlaricha, rizqni o‘zimiz topmoqdamiz, deb gumon qiladilar.

    Aslida esa «Ularga ham, sizlarga ham Alloh rizq beradir».

    Ya’ni o‘z rizqini o‘zi ko‘tara olmaydigan o‘sha jonzotlarga ham, insonlarga ham rizqni Alloh taolo beradi.

    Bandaning o‘ziga Alloh taolo tomonidan kafolati berilgan rizqqa o‘xshash narsalarda ijtihod qilib – butun imkoniyatini ishga solib, tinmay tipirchilashi, undan Alloh taolo talab qilgan ibodatga o‘xshash narsalarda kamchilikka yo‘l qo‘ymog‘i undagi qalb ko‘zining berkilganidir. Chunki u ishni noto‘g‘ri qildi, harakatni noo‘rin qildi. Balki ishni teskari qildi. U o‘ziga Alloh taolo tomonidan kafolati berilgan narsaga jon-jahdi bilan urinib, Alloh taolo undan talab qilgan ishni unutdi, kamchilikka yo‘l qo‘ydi.

    «Tanviyr» kitobining sohibi bu borada quyidagilarni yozadi: «Qanday qilib senda aql yoki kalb ko‘zi bo‘lsin?! Axir sening o‘zingga kafolati berilgan narsaga qilgan ahamiyating sendan talab qilingan narsaga ahamiyat berishdan kesib qo‘ydi-ku! Hatto ba’zilari: «Albatta, Alloh bizga dunyoning kafolatini bergan va bizdan oxiratni talab qilgan. Koshki, bizga oxiratning kafolatini berib, bizdan dunyoni talab qilganida edi», deydilar».

    Shayx Ahmad Zarruq deydi: «Kafolati berilgan narsaga jon-jahdi bilan urinishning alomati uchtadir:

    1. Qo‘lga kirmay qolgan narsaga afsus qilish.
    2. Hosil yig‘ishda taqvoni yo‘qotish.
    3. Sababni ishga solishda ta’kidlangan haqlarni unutish.

    Uning aksining alomati ham uchtadir:

    1. Voqe bo‘lgan narsaga rozi bo‘lish.
    2. Talabda taqvodor bo‘lish.
    3. Sabablarni ishlatishda odobga rioya qilish».

    Albatta, rizqni topish uchun inson sabablarni ishga solishi kerak bo‘ladi. Bu shariatning talabidir. Ammo ba’zi odamlar rizq topishni hayotning mag‘izi deb tushunadilar. Ular hayotning asosi mol-dunyo va boylikdan iborat, degan xayolga borib qoladilar. Natijada dunyoning quliga aylanib, uning aytganini qilaman deb, ibodatni ham unutadilar. Pul topish ilinjida ovora bo‘lib, namoz o‘qishni, ro‘za tutishni xayollariga ham keltirmaydilar. Ba’zi kishilar ularga namoz o‘qish, ro‘za tutish va boshqa farz, vojib ibodatlarni ado qilishi kerakligini aytsa, «Ishim ko‘p, ularni ado qilishga vaqtim yo‘q», deydilar. Ushbu biz o‘rganayotgan hikmat xuddi shunga o‘xshagan odamlarga qaratilgandir.

    Bunday odamlar uning uchun Alloh taolo kafolatini bergan rizqni topaman deb, Alloh taolo ulardan talab qilgan ibodatlarni ado qilmaydilar yoki ularni ado qilishda kamchilikka yo‘l qo‘yadilar. Oqibatda qalb ko‘zlari ko‘r bo‘lib qolgan toifalar jumlasiga qo‘shiladilar. Bu esa og‘ir musibat bo‘lib, ikki dunyoning baxtsizligidan iboratdir.

    Mo‘min kishi rizq Alloh taolodan ekaniga iymon keltirganidan keyin ochko‘z bo‘lmaydi va haromga qo‘l urmaydi. U halol, pok yo‘l bilan rizqini terib yeyishni yo‘lga qo‘yib, qanoat bilan saodatli turmush kechiradi.

    Alloh taolo barchamizni kafolati berilgan narsada ijtihod qilishdan va bizdan talab qilingan narsada kamchilikka yo‘l qo‘yish ila qalb ko‘zimiz berkilib qolishidan O‘zi asrasin.
    Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
    “Xislatli hikmatlar sharhi” kitobidan.

    Manba: Tazkiya.uz

    » » Qalb ko‘zi berkligining dalili
    Яндекс.Метрика