17:30 / 17.06.2018
5 080

Xolis berilgan qarzning barakoti

Xolis berilgan qarzning barakoti
Yangi yil arafasi edi. “O‘rikzor” bozoridagi bir akamizning do‘konida ishlar edim. Tanishim menga to‘la ishongani uchun do‘konning hisob-kitobidan tortib, buyurtma mollargacha topshirib qo‘ygan edi.

Yonimdagi do‘konda savdo qiluvchi akaxon bir kuni oldimga kirib, hol-ahvol so‘ragandan so‘ng bayram oldi yaxshi ketadi deb Turkiyadan katta partiyada mandarin buyurtma qilganini, bojxona xarajatlari uchun 2 million pul yetmayotganligini, imkon bo‘lsa, yordam berishimni aytib qoldi.

— Aka, bilasiz, do‘kon o‘zimniki emas, kassa topshiraman, bir hisob-kitob qilib, sizga ertaga xabarini beraman, — dedim.

Ertasi kuni hisob-kitob qilib, uchinchi do‘kondor guvohligida 2 millionni unga berdim. U ham xursand, mollarini olib chiqib savdoga tushdi. Oradan 2-3 kun o‘tib, u kishi bozorga kelmay qo‘ydi, birinchi kuni e’tibor bermadim, ertasi kuni ham, ahamiyat bermaslikka harakat qildim, uchinchi kuni guvoh bo‘lgan do‘kondorga:

— Aka, vaqtingiz bo‘lsa uylariga o‘tib kelaylik, — deb iltimos qildim. U kishining yuragi yomonligini, yolg‘iz yashashini bilardim. Uyiga borib, eshikni taqillatdik. Eshik ochiq, lekin ichkaridan zanjir ilingan, uyda odam borligi bilinib turardi. Haligi guvoh akamiz bilan tashqariga chiqib, mahalla raisini, posbonni, uchastka nozirini chaqirib keldik. Eshikning zulfini buzib, ichkariga kirsak, aka hushsiz yotar, nafas olmasdi.

Qo‘ldan kelgancha, rasm-rusumlarini qilib, yuvib-kafanlab, dafn etdik.

Oradan 2 kun o‘tib haligi guvoh do‘kondor aka oldimga kirib “endi nima bo‘ladi” dedi. Gapidan piching, ham kinoya, xavotir sezilib turardi.

Sir boy bermaslikka harakat qilyapmanu, lekin ichimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Har holda do‘kon o‘zimniki bo‘lmasa ham, to‘yga deb yig‘ib qo‘ygan pullarim bor edi. Oyning oxiridagi hisob-kitobga o‘sha pulni qo‘shib, bu yil bo‘lmasa keyingi yil uylanishni reja qilib, o‘zimni shunga tayyorlay boshladim.

Oradan 1 hafta o‘tdi, do‘konchilar bilan suhbatlashib turgan edik, eshigimiz yoniga yap-yangi Lacetti kelib to‘xtadi (u paytlar Lacetti endi chiqqan, ko‘cha-ko‘yda onda sonda ko‘rinib turar edi). Ichidan bashang kiyingan, ro‘mollarini keng qilib o‘ragan ayol tushib:

— Doniyor degan bolaning do‘koni qaysi? — deb so‘radi.

Guvoh bo‘lgan do‘konchi aka meni ko‘rsatgan edi, ayol mashinaning bagajidan bir sumka pulni olib, do‘konimga kirdi.

— Uka, men Ahmad akangizning ayoli bo‘laman. O‘zim Turkiyada yashayman. Ahmad akangizga molni men chiqarib turardim. Bojxona xarajatlari uchun sizdan pul olganlarini aytgandilar. Uydagi daftarda ham yozilgan ekan. Hali sizga pulni qaytarmabdilar. Mana o‘sha 2 million — deb ayol pulni qo‘limga tutqazdi-da:

— Mana bu Ahmad akangizning soati, doim taqib yurar edi, shu soatni sizga hadya qilsam, — deb do‘kondan chiqib ketdi.

Yonimdagi do‘konchi aka hayron. Bir chiqib ketgan ayolga, bir menga, bir qo‘limdagi soatga qaraydi.

2 kunlardan keyin o‘sha akamiz bilan SUMga bordik. Aylanib yurib, soatni o‘sha yerdagi soat sotadiganlarga ko‘rsatdik. Brilliant soat ekan, agar sotmoqchi bo‘lsak, hozirning o‘zida 14,000 dollar berishlarini aytishdi.

Keyinchalik, ayrim do‘konchilar “pulni bekor men bermagan ekanman” deb afsuslanib qolishganini eshitdim.
Shohrux Mirzo qog‘ozga tushirdi

Manba: Qadriyat.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xolis berilgan qarzning barakoti