Qo‘l ostidagilarga yomon munosabatda bo‘lish

  • Hayot tarzi
  • 22-07-2018, 11:58
  • 978
  • Қўл остидагиларга ёмон муносабатда бўлиш
    Abu Dardodan rivoyat qilinadi: «U kishi odamlarga qarab shunday der edi: «Ey odamlar! Biz sizlarni baytarlar hayvonlarni bilganlaridan ham ko‘ra yaxshiroq bilamiz. Biz yaxshilaringizni yomonlaringizdan ajratib olganmiz.

    Sizning yaxshilaringiz – yaxshiligi umid qilinadigan, yomonligidan emin bo‘linadiganlaringizdir.

    Sizning yomonlaringiz – yaxshilik umid qilinmaydigan, yomonligidan emin bo‘linmaydigan va quli ozod bo‘lmaydiganlaringizdir».

    Sharh: Ya’ni odamlar unday kishilar haqida «bu odam yaxshilik qiladi, yomonlik qilmaydi» degan xayolda bo‘ladilar. Qaysi bir qavm bir odam haqida «undan yaxshilik kutiladi, yomonlik kutilmaydi», degan fikrda bo‘lsa, o‘sha odam yaxshi odam hisoblanadi.

    «Sizning yomonlaringiz – yaxshilik umid qilinmaydigan, yomonligidan emin bo‘linmaydigan...» ya’ni bunday odam istalgan paytda biror yomonlik qilib qolishi mumkin.

    «...va quli ozod bo‘lmaydiganlaringizdir».

    O‘sha paytlarda butun dunyoda quldorlik tuzumi hukm surgan edi. Islom quldorlikka qarshi harakatni birinchi bo‘lib boshlagan, uni yo‘q qilish uchun asta-sekin kurash olib borgan.

    Ushbu kurashning dastlabki bosqichlaridan biri – qulini ozod qilmaydigan odam yaxshi odam emas, deb e’lon qilish bo‘lgan.

    Bu e’lon quldorlik tuzumiga qarshi juda katta zarbadir. Bu masalaning iymon-e’tiqodga qo‘shib aytilishi, odamlarning yaxshi-yomon sifatlarini belgilashga bir alomat, mezon qilib qo‘yilishi Islomning quldorlik tuzumiga qarshi kurashda qo‘ygan eng ko‘zga ko‘ringan qadamlaridan biri hisoblanadi.

    Ushbu rivoyatdan olinadigan foydalar:

    1. Odamlarga ularning yaxshi va yomonini bilish haqida xabar berish mumkinligi.

    2. Yaxshiligi umid qilinadigan va yomonligidan emin bo‘linadigan odamlar yaxshilar ekani.

    3. Yaxshilik umid qilinmaydigan va yomonligidan emin bo‘linmaydigan odamlar yomonlardan ekani.

    4. Qulini ozod qilmaydiganlar yomon kishilar ekani.

    160. Abu Umomadan rivoyat qilinadi: «Kanud – mehmoniga ikrom ko‘rsatmaydigan, yolg‘iz o‘zi yashaydigan va qulini uradigan odamdir».

    Sharh: Bu rivoyatda Alloh taoloning A’diyat surasidagi «Innal insana li Robbihi la kanud» oyatida kelgan «kanud» so‘zining tafsiri kelmoqda.

    Kanud – juda yomon odam. Bunday odam xasisligi bois mehmonlariga ikrom ko‘rsatmaydi, ziyofat qilib bermaydi, hech kimga hech narsa bermaydi. Baxillik qilib, och qolganga ham, mehmonga ham – hech kimga dasturxon yozmaydi.

    Taomni yolg‘iz o‘zi o‘tirib yeydi, hech kimga bermaydi.

    Bunday odam birovlarni yoqtirmagani uchun «yakkamoxov» bo‘lib, yolg‘iz o‘zi yashaydi.

    Bunday kishining uchinchi sifati – qulini uradi. Qulni urish ham «kanud» sifatining belgilaridan biri ekan.

    Ma’lumki, u paytlarda qulni hech kim odam o‘rnida ko‘rmagan, qulni istagan kishi xuddi hayvonni kaltaklagandek kaltaklab, ishlatib, qiynab, azoblab yurgan.

    Islom esa qulini urgan odamni «kanudlar», ya’ni juda yomon odamlar qatoriga qo‘shmoqda.

    Ushbu rivoyatdan olinadigan foydalar:

    1. Mehmondo‘st bo‘lmaganning yomon odamligi.

    2. Taomini hech kimga bermay, o‘zi yeydiganning yomon odam ekani.

    3. Qulini, xizmatchisini uradigan odam yomon odamligi.

    161. Hasandan rivoyat qilinadi: «Bir kishi quliga tuyani egarlashni buyurdi. Qul uxlab qoldi. Xojasi qulning yuziga olov bilan urdi. Qul quduqqa tushib ketdi. Tong otganda Umar ibn Xattobning huzuriga keldi. Umar uning yuzidagini ko‘rib, uni ozod qildi».

    Sharh: Hazrati Umar roziyallohu anhu qulning yuzidagi jarohatlarga qarab turib: «Bor, sen endi qulmassan, ozodsan», deb uni qo‘yib yuborgan ekanlar.

    Demak, qul nohaq yoki haddan oshiq holda azoblangani, zulm ko‘rgani sababli Islom davlatining rahbari Islom davlati fuqarolaridan birining xatosini to‘g‘rilash maqsadida haligi qulni ozod qilib yuborgan ekan.
    Shayx Muhammad Sodiq MUHAMMAD YuSUF

    (Odoblar xazinasi kitobidan)
    Manba: islom.uz

    » » Qo‘l ostidagilarga yomon munosabatda bo‘lish
    Яндекс.Метрика