10:26 / 09.06.2018
5 891

​Dunyo sharqshunoslari O‘zbekiston Prezidentiga ochiq murojaat yo‘lladi

​Dunyo sharqshunoslari O‘zbekiston Prezidentiga ochiq murojaat yo‘lladi
2018 yining 6-8 iyun kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston madaniy merosi — xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘l” Ikkinchi Xalqaro Kongressi ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ochiq xat bilan murojaat qilishdi. Maktubda Prezidentimizning fan va madaniyatni rivojlantirish, o‘zbek madaniy merosini asrab-avaylashga qaratilgan ishlari yuqori baholanadi hamda Prezident tomonidan ushbu doirada olib boriladigan barcha ishlar butun dunyo olimlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi izhor etiladi.

Bu qo‘llab-quvvatlashning isboti o‘laroq Kongress rezolyutsiyasiga muvofiq, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tuzildi.

“Bu yangicha xalqaro tashkilot o‘zbek tarixi va madaniyatiga qiziquvchi barchani birlashtirishi va qadimiy O‘zbekistonning madaniy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va targ‘ib qilish bo‘yicha olib borayotgan tashabbuslaringizga yordam berishiga ishonamiz”, deya o‘z fikrlarini bayon qilishadi Kongressning xorijlik va vatandosh qatnashchilari Prezidentga yo‘llagan murojaatnomasida.

Quyida ushbu murojaatnomani to‘liq holda keltiramiz:

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevga “O‘zbekiston madaniy merosi — xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘l” Ikkinchi Xalqaro Kongressi qatnashchilaridan ochiq murojaat


Hurmatli Janob Prezident!
“O‘zbekiston madaniy merosi — xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘l” Ikkinchi Xalqaro Kongress qatnashchilari nomidan Sizning yangi O‘zbekistonni yaratishga qaratilgan serg‘ayrat faoliyatingizga chuqur hurmat bildirishga ruxsat bergaysiz. Bugun Sankt-Peterburgdagi Ikkinchi xalqaro kongress davomida biz O‘zbekistondagi tub islohotlar va fundamental fan va madaniyatni rivojlantirish yo‘lidagi Siz olib borayotgan ishlarning yangi natijalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Ayniqsa, biz o‘zbek xalqining boy madaniy merosini saqlab qolishga va bu orqali butunjahon svilizatsiyasiga hissa qo‘shishga qaratilgan Sizning sa’y-harakatlaringiz bizga judayam ma’qul keldi. Biz Islom dinini tinchlik va bag‘rikenglik dini ekanligiga qaratilgan konsepsiyangizdan yaxshigina xabardormiz va biz Sizning uni amalga oshirishga qaratilgan tashabbusingizni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Siz qo‘llab-quvvatlagan “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyiha o‘zbek xalqining ma’naviy boyligini o‘rganish va ommalashtirish yo‘lidagi muhim yutuq bo‘ldi. Unda O‘zbekiston xalqi tarixi bilan bog‘liq san’at ashyolari, qo‘lyozmalar va hujjatlarni to‘plash, o‘rganish va nashr etish ko‘zda tutilgan. Loyiha doirasida 15 ta kitob-albom nashr etildi va 20 tadan ortiq hujjatli filmlar suratga olindi. Loyiha o‘zida o‘z ilmiy maktabini rivojlantirayotganO‘zbekiston ilmiy jamoasining sa’y-harakatlarini, shuningdek, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, AQSh, Yaponiya, Turkiya va boshqa ko‘plab mamlakatlar ilmiy jamoasini birlashtirdi. 2017 yilning may oyida Toshkent va Samarqandda dunyoning 300 dan ortiq olimlari ishtirokida “O‘zbekiston madaniy merosi: xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘l” Birinchi Xalqaro Kongressi bo‘lib o‘tdi. Biz mazkur loyiha xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro hammaslaklikni mustahkamlashi, shuningdek, yurtingiz madaniy imidjini yanada yuksaklarga ko‘tarishiga ishonamiz.

Bugun Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan Xalqaro kongress O‘zbekistonning madaniy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tuzilishi bilan yanada samarali bo‘ldi. Ishonamizki, O‘zbekiston tarixi va madaniyati yo‘lida barchani birlashtiradigan bunday xalqaro tashkilotning tashkil etilishi sizning qadimiy O‘zbekiston madaniy merosini kelajakda ommalashtirish yo‘lidagi sermashaqqat sa’y-harakatlaringizga ishonchli ko‘makchi bo‘la oladi.

Sizga mustahkam sog‘lik va mustaqil O‘zbekistonning yanada gullab-yashnashini tilaymiz.
O‘zbekistonning madaniy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjahon jamiyati qatnashchilari tomonidan qabul qilindi.
Sankt-Peterburg, 2018 yil, 8 iyun"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » ​Dunyo sharqshunoslari O‘zbekiston Prezidentiga ochiq murojaat yo‘lladi