Jahongir Otajonov “The cover up” loyihasi haqida keskin gapirdi (video)

  • 25 mart 2019, 19:55
  • 2 472
  • Madaniyat
  • Jahongir Otajonov “The cover up” loyihasi haqida keskin gapirdi (video)
    Foto: “Daryo”
    Xonanda Jahongir Otajonov “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi.
    Suhbat davomida xonanda “The cover up” loyihasi haqidagi haqiqatlarni gapirdi.

    ʻThe cover upʻ loyihasining 2-mavsumidan koʻnglim toʻlmadi. Chunki bir qizning bahosini past qoʻygandim. Qanday qilib boʻlsa-da bu qizni qaytarishdi. Boshidan shunaqa ʻkitobʻ yozilgan. Bizga boshidan ʻkitobʻ yoziladigan konkurs kerak emas. Bugun davlat rahbarimiz bizni ishlashga chaqiryapti. Chunki yoʻqotishlarning oʻrnini toʻldirish kerak. Yoʻqotish oson, qayta bunyod qilish uchun avlodlar qancha aziyat chekadi. Har bir kasb egasi sidqidildan xizmat qilmasa xalqning ishonchini oqlay olmaydi. Shuning uchun ham toʻgʻri xizmat qilish kerak, toʻgʻri gapirish kerak. Xalqni alday olmaysiz. Hamma mehnatiga yarasha haqqini olyapti. Sizga ham manga ham pul toʻlashadi. Xudo xohlasa siz bilan yana 20 yildan keyin suhbatlashadigan boʻlsak men yutib chiqaman. Chunki men oʻzimga toʻgʻriman. Kimki notoʻgʻri boʻlsa u baribir yutqizadi. Hozirdan ularga aytaman, haliyam kech emas, sizlarning ichingizni faqat Yaratgan biladi, faqatgina u yashira oladi. Ertaga bizning oldimizda sharmanda boʻlmanglar.

    Jahongir Otajonov, xonanda

    Jahongir Otajonovning fikricha “loyihada hakamlik qilayotgan xonandaga bu ishtirokchi loyihadan chiqib ketishi kerak”, degan gapni aytishi kerak emas. Bunday gap hakamni chalgʻitib, noxolislikni yuzaga keltirishi mumkin ekan.

    Alisher Uzoqov meni hurmat qiladi, buni his qilgan holda men ham uni hurmat qilaman. Loyihada Alisher yonimga kelib ʻJahongir aka mana shu ishtirokchilar chiqib ketishi kerakʻ dedi. U aytgan ishtirokchilar yaxshi boʻlgandir, balki ularga yoʻllangan sms ovozlar chindan kamdir, bilmadim, ammo buni hayʼat aʼzosiga aytish kerak emas edi. Bu hayʼat aʼzosini psixologik tomondan adashtiradi. Menga oʻxshab toʻgʻri baholashga harakat qiladigan odam qoʻshiqni har tomonlama oʻrganadi. Chunki qoʻshiq faqat ovoz bilan aytilmaydi. Uning juda ham koʻp nozik tomonlari bor. Qoʻshiqdagi nafaqat soʻzning har bir harfning oʻz yuki bor. Bu narsalarni Alisher ham, “The cover up”ni oʻylagan odam ham bilmaydi. Oʻsha kuni ʻArvachiʻ qoʻshigʻini aytgan bola yoki Mushtariy ismli qiz chiqib ketishini aytishdi. Men u qizni Alisher aytgani uchun chiqarmadim. U qiz bilan ishlagan muzikant bolalar yaxshi chalishardi. Ularni yaxshi tanirdim. Bu bolalar bilan oʻzim ham ishlaganman. Ammo men bahoni Mushtariyning oʻziga qoʻygan edim. Mushtariyga ikki bahoni qoʻyganimning oʻzi xato. Unga ball qoʻyish kerak emas edi. Men hech qachon hech kimga baland bal qoʻymayman. Agarda Zoʻr TVʻning rahbari kelib mana bunga baland baho qoʻy desa, ʻmarhamat oʻzingiz oʻtiringʻ, derdim. Xullas bu qiz yana qaytib kelibdi. 3-mavsumga meni chaqirishmadi, chaqirishsa ham bormasdim. Bilasizmi ular hatto hayʼat aʼzolarini tanlay olishmaydi. Bu borada ularning ilmi yoʻq, yana musiqaning cover versiyasi bilan shugʻullanishyapti.

    Cover – bu maʼlum bir xit darajadagi qoʻshiqning boshqacha ʻoranjirovkaʻda ijro etilishi. Qoʻshiq oʻzgarmaydi, faqat ʻoranjirovkaʻsi oʻzgaradi. Mushtariy aytgan cover cover emas, bu umuman yangi ashula. Qoʻshiq boshqa musiqa bilan aytilgan. Sheʼr meniki emas, u xohlaganiday aytishga haqli. Xullas bu cover versiya emas edi. Shuning uchun ham ball qoʻya olmadim. ʻThe cover upʻ loyihasidagi hayʼat aʼzolaridan biri ʻvistupleniyaʻ qani deb soʻrayapti. Muzikantning bunaqa savol berishga haqqi yoʻq. Men tushunmadim, cover versiyada ʻvistupleniyaʻ kerak degan joyi yoʻq. Oʻqimaganda, shuning uchun ham shunaqa deyishdi. Chetdan kuzatib turib kulgim keldi, toʻgʻrisi. Loyihada Kamron Otajonov, mening jiyanim ham qatnashdi. Toʻgʻrisi u bilan aloqalarimiz yaxshi emas. U bilan urushganimdan keyin u menda boshqa soz chalmay ketgan. Lekin musiqachi sifatida men uni muhofaza qilishim kerak. U juda yaxshi muzikant. Kerak boʻlsa hammani ʻoʻqitadiʻ. Men oʻqimaganman. Musiqa internatidan 7-sinfda haydalganman. Lekin musiqada oʻzimni bilimim, kitobim bor. Oʻzimni fikrim bor. Oʻzimga kerakli narsani internetdan oʻqib olaman. Xudoga shukur musiqachilar fikrimni eshitishadi. Kamronga ham aytdim, ʻnima uchun fikrlaringni aytmaysan, gapira olmasang, xaraktering boʻlmasa qanday sanʼatkor boʻlmoqchisanʻ, dedim. Odam birinchi oʻrinda boʻlishi uchun uning xarakteri boʻlishi kerak.

    Jahongir Otajonov, xonanda

    » » Jahongir Otajonov “The cover up” loyihasi haqida keskin gapirdi (video)