"Oltin Humo" milliy kinotaqdimoti g‘oliblari munosib sovrinlar bilan taqdirlandi (foto)

  • 11 aprel 2019, 10:14
  • 1 102
  • Madaniyat
  • "Oltin Humo" milliy kinotaqdimoti g‘oliblari munosib sovrinlar bilan taqdirlandi (foto)
    Kuni kecha yurtimizda ilk marotaba "Oltin Humo" milliy kinotaqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu taqdimot kino sohasida faoliyat yuritayotgan barcha jonkuyar insonlar xoh aktyor, xoh aktrisa va yoki rejissyor bo‘lsin ularning bayrami, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kinotaqdimotda barcha aktyor va aktrisalar, rejissyorlar, operatorlar, grim ustalari, kino bastakorlari va hattoki chiroqchilargacha yig‘ilishdi.

    Ustoz aktrisalar Saida Rametova, Shohida Uzoqova, Gavhar Zokirova, Gulchehra Sa’dullayeva, Gulchehra Jamilovalar, yosh aktrisalarimizdan Yulduz Rajabova, Ra’no Shodiyeva, Dilnoza Kubayeva, Feruza Yusupovalar tashrif buyurishdi. Aktyorlardan esa ustoz aktyorlar Baxtiyor Ixtiyorov, Yodgor Sa’diyev, Xayrulla Sa’diyev, Murod Rajabov, Lutfulla Sa’dullayevlar ishtirok etishgan bo‘lsa, yoshlardan Adiz Rajabov, Alisher Uzoqov, Umid Iskandarovlar qatnashishdi.

    Mazkur «Oltin humo» milliy kinotaqdimoti 2017—2018 yillarda suratga olingan filmlar asosida bo‘lib o‘tdi va quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar e’lon qilindi.

    «Eng yaxshi hujjatli film» nominatsiyasi g‘olibi «Ikki elning suyukli farzandi» filmi deb topildi.
    «Eng yaxshi animatsion film» nominatsiyasiga «Dovyurak oshpaz» filmi munosib ko‘rildi.
    «Eng yaxshi grafika ishi» nominatsiyasi g‘olibligi «Elparvar» filmidagi ishi uchun Laziz G‘aniyevga nasib etgan bo‘lsa,
    «Eng yaxshi ovoz rejissyori» nominatsiyasi g‘olibligi Anvar Fayzullayevga «Tinchlik ortida» filmidagi ishi uchun berildi.
    «Eng yaxshi grim rassomi» nominatsiyasi g‘olibi Valentina Abdurazzoqova bo‘ldi. U «Islomxo‘ja» tarixiy, badiiy-publitsistik filmidagi ishi uchun taqdirlandi.
    «Eng yaxshi montaj ishi» nominatsiyasi g‘olibligi montaj ustasi Qudratilla Dadajonovning «Issiq non» filmidagi ishi uchun berildi.
    «Eng yaxshi liboslar bo‘yicha rassom» nominatsiyasi g‘olibi deb Nina Dobrina topildi.
    «Eng yaxshi rassom ishi» nominatsiyasi g‘olibi Akmal Saidov bo‘lib, unga «Islomxo‘ja» tarixiy, badiiy-publitsistik filmidagi ishi uchun berildi.
    «Eng yaxshi rejissyorlik ishi» nominatsiyasi g‘olibligi rejissyor Rashid Malikovga «Sabot» filmidagi ishi uchun berildi.

    Aktrisa Muyassar Berdiqulova «Nazira» filmidagi roli uchun «Eng yaxshi ayol roli» nomiga munosib ko‘rildi.
    Karim Mirxodiyev «Sabot» filmidagi roli uchun «Eng yaxshi erkak roli» nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
    Rejissyor Said Muxtorovning «Vasiyat» filmi «Tomoshabin mehrini qozongan film» nominatsiyasiga munosib ko‘rildi.
    «Omnibus» ansambli «Nazira» va «Elparvar» filmi uchun «Eng yaxshi kino bastakori» nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
    Rejissyor Umid Hamdamovning «Issiq non» filmi «Eng yaxshi ssenariy» va «Eng yaxshi film» nominatsiyalarining g‘olibi deb topildi.
    Quyida ushbu taqdimot jarayonida olingan ba’zi aktrisa va aktyorlarimizning suratlari bilan tanishishingiz mumkin:












    » » "Oltin Humo" milliy kinotaqdimoti g‘oliblari munosib sovrinlar bilan taqdirlandi (foto)