20:50 / 27.07.2019
5 285

Tariximizni qaytarib bering! Abdullaxon II kim bo‘lgan?

Tariximizni qaytarib bering! Abdullaxon II kim bo‘lgan?
Yaqinda hamma narsaga qiziqaveradigan o‘g‘lim Bunyodbek, “Oqchopsoy suv inshootini nega “Abdullaxon bandi” deyishadi? Abdullaxon o‘zi kim bo‘lgan?“ deb so‘rab qoldi. O‘ylanib qoldim. Tabiiyki, u bu savollarga darsliklardan javob topolmaydi. Bizga ham o‘qitishmagan. Buning ustiga yaqinda u “Ertug‘rul“ nomli turk serialini ko‘rib, Jaloliddin Manguberdi vayron bo‘lgan xorazmshohlar imperiyasini mamlakatning janubiy-g‘arbiy qismida qachon o‘rnatganiga oid savoliga, o‘qituvchisidan Amir Temur davri haqida javob eshitib xunob bo‘lib kelganini eslab vujudimni ranj va alam egalladi.

Bugun tarixiy koreys, xitoy, turk seriallarini ko‘rib, o‘sib-ulg‘ayayotgan avlod nahot tarixda imperiyalar qurgan, markazlashgan ulkan davlatlar barpo etgan ulug‘ ajdodlarining afsonalarga burkangan hayotidan, yuz va yuz yillardan ziyod dunyo sahnida hukmronlik qilgan xorazmiylar, shayboniyxonlar, ashtarxoniylar tarixidan bexabar qolaverishsa. Mayli u moziyning kir va qora kunlariga borib taqalsin, lekin u bizning tariximiz. Sho‘rolar zamonidaku, hatto Jaloliddinni ham bizdan sir tutishdi, boshqalarini uzoqdan “olabo‘ji“ qilib ko‘rsatishdi, vatan himoyachilariga esa “bosmachi“ degan yorliq yopishtirishdi. Endichi...?

Mashhur venger sayyohi Herman Vamberining “o‘tmishi ko‘milgan millatning, istiqboli ham zulmat ostidadir“ degan so‘zlari xuddi bizning bugungi fojbamiz haqida aytilgandek. Yashirib nima qildik, bugungi ba’zi odamlardagi ma’naviy qashshoqlik, o‘zining buguni va ertasiga bu qadar loqaydlik, mutelik o‘tmishimizdan uzilib qolganimiz, shonli tariximizdan bexabarligimiz kasofati emasmi?! Darsliklarda ochiq qolgan, o‘qilmagan, to‘g‘rirog‘i, o‘qitilmagan sahifalar Krilov masalidagi “tarix to‘g‘risida qolaylikda jim, ertak so‘ylaylik quloq ber shunga“ degan mashhur jumlalarni eslatadi.

Bu borada tarixchi va adabiyotshunoslarimizdan o‘pka-ginamiz ko‘p. Ular tarixni bor bo‘y-basti bilan gavdalantirishda, gardanlaridagi qarzlarini uzishganlari yo‘q. Hatto Jaloliddin Manguberdidek ulug‘ siymo tarixini yoritishda Foud Ko‘prulu, Oydin Tonariy singari turk, Ziyo Bunyodov singari ozarbayjon olimlari ularga nisbatan ko‘p ish qilishdi.

Xo‘sh, Oqchopsoy to‘g‘oni va suv ombori qachon va kim tomonidan qurilgan. Manbalardan ma’lum bo‘lishicha, Qo‘shrabot tumanidagi Beklarsoy (umumiy nomi Oqchopsoy) darasida saqlanib qolgan, Shayboniyxon sulolasidan bo‘lgan Abdullaxon II tomonidan taxminan 1580 yilda qurilgan. Abdullaxonbandi iborasi mana 440 yildirki tillardan tillarga-dillardan dillarga ko‘chadi. Unda chamasi bir million ikki yuz ming kubometr suv to‘plangan. U suvning oqib chiqishi uchun zarur bo‘lgan majmua bilan ham ta’minlangan. Abdullaxon to‘g‘oni buzilgan holda bo‘lsada uzoq yillar saqlanib turdi. Keyinchalik uning o‘rnida Oqchopsoy suv ombori bunyod etildi.

Abdullaxon II zamonida Buxoro xonligida dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq rivojlangan. Abdullaxon bandi, Tuyatortar kanali, Oqchopsoy to‘g‘oni va suv ombori, Vaxshdan chiqarilgan ko‘plab ariqlar bunyod etilgan. Uning davrida mamlakatda hunarmandchilik ayniqsa rivoj topgan. Mavorounnahrlik kosiblar mohirona turli-tuman metall buyumlar, ip va ipak matolar, a’lo navli qog‘ozlar ishlab chiqarishgan.

Birgina Samarqandda hunarning oltmish bir turidan foydalanishgan. U qurdirgan madrasa, kutubxona, shifoxona, hammom, tim, sardoba va rabot singari ma’muriy, jamoat va tijorat binolari ro‘yxati o‘n bir sahifadan yoki soni o‘n mingtadan oshgan. Abulg‘oziy Baxodirxon ta’biri bilan aytganda, “Mashhuri ma’ruf“ Abdullaxon asos solgan kutubxona musulmon olamida mashhur bo‘lgan. Buxoro shahridagi “Abdullaxon timi“ nomi bilan mashhur yopiq bozorning bir toqida joylashgan kitob bozori butun dunyoga ma’rifat ziyosi taratgan.

Darvoqe, Shayboniyxonlar o‘zbek me’morchiligini rivojlantirishda temuriylardan so‘ng eng ko‘p hissa qo‘shgan sulola sanaladi. Abdullaxon II bu suloladan etishib chiqqan nafaqat mohir sarkarda, markazlashgan ulkan mamlakat qura olgan davlat arbobi bo‘libgina qolmay, iste’dodli shoir ham bo‘lgan. U “Xon“ taxallusi bilan o‘zbek va fors tillarida she’rlar bitgan.

Temuriylar va shayboniyxonlar tarixini yoritishda birini ulug‘lab, ikkinchisining yuziga qora bo‘yoq chaplash insofdan bo‘lmaydi. Bobur va Shayboniyxon ziddiyatiga oliy hakam vaqt allaqachon o‘z hukmini chiqarib bo‘lgan. Qolaversa ularning har ikkalasi ham, bizning ulug‘ bobomiz. Ular va avlodlarining mangulikka daxldor badiiy va madaniy merosi xalqimizning ma’naviy mulkiga aylangan. Shunday ekan, endi bizga, bolalarimizga tarixdan yolg‘on yashiq ertak so‘zlamang. Balki u yuz yildir, balki uch yuz yil, balki undan ham ko‘proqdir. Unutilgan va o‘chirilgan tariximizni qaytaring!
Umid SORIYeV

Manba: Xs.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Tariximizni qaytarib bering! Abdullaxon II kim bo‘lgan?