08:30 / 26.08.2019
3 545

Firdavs Abduholiqov: "Biz O‘zbekistonga bo‘lgan sof muhabbat haqida film yaratdik"

Firdavs Abduholiqov: "Biz O‘zbekistonga bo‘lgan sof muhabbat haqida film yaratdik"
Foto: O‘zEOAVMA
24 avgust kuni «Rossiya—Kultura» va «Sevimli» telekanallarida «O‘zbekiston. Sevgi haqida afsonalar» filmining taqdimot namoyishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zEOAVMA matbuot xizmatiga tayanib «Daryo» xabar berdi.

Mazkur filmda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yashayotgan O‘zbekiston zaminidagi qadim sivilizatsiyalar, qadriyatlar, tildan tilga ko‘chib kelayotgan afsonalar, bu yurtda hukm surgan diniy bag‘rikenglik, o‘zbek xalqining san’ati va madaniyati, me’morchiligi, milliy pazandachiligi, yuz yillardan beri davom etib kelayotgan an’analar haqida so‘z boradi. Filmda qadimgi davrlardan to bugungi kungacha O‘zbekistonning tarixiy taraqqiyoti bosqichlari haqida hikoya qilingan.

Film g‘oyasi muallifi va prodyuseri Firdavs Abduholiqovning aytishicha, O‘zbekiston hujjatli kinosi tarixida ilk bor mazkur filmda noan’anaviy usul ishlatilgan — izoh va intervyular qo‘llanilmagan. Film qahramonlari — turli davrlarning tarixiy qahramonlari va turli sulolalar vakillaridir.

«Bundan tashqari, ‘Rossiya-Kultura’ telekanali vakillari bilan uzoq davom etgan bahslar natijasida filmda she’riy parchalardan faol foydalandik. Filmda Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur, Umar Hayyom, Hofiz va boshqa shoirlarning she’rlaridan, shuningdek, turli olim va donishmandlarning hikmatli so‘zlaridan foydalanildi», — deydi Abduholiqov.

Mazkur filmning asosiy g‘oyasi — butun borliqqa muhabbatdir. Yorga muhabbat, onaga, Vatanga, kasbga, bilimga, ustozga bo‘lgan muhabbat unda yaqqol aks etadi. Bu buyuk hissiyot jozibasi, kuch-qudrati film davomida yaqqol ko‘zga tashlanadi.

«Muhabbat tuyg‘usi bo‘lmaganida, o‘zbek xalqi bunday go‘zal me’morchilik namunalari yaratmagan, O‘zbekiston madaniy merosi degan tushuncha ham yuzaga kelmagan bo‘lardi», — deydi film prodyuseri.

O‘zbekistonlik prodyuserning Rossiyaning ushbu telekanali bilan hamkorligi «O‘zbekiston — qumliklar javohiri» filmidan boshlangan. Keyinchalik «O‘zbekiston — qo‘lga kiritilgan kashfiyotlar», «Qoraqalpog‘iston — vaqt qumlari oralab», «Nukus. Noma’lum kolleksiya» filmlari yaratildi.

Mazkur hujjatli film «Rossiya-Kultura» va «Sevimli» telekanallari, O‘zEOAVMA, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamkorligida tayyorlandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Firdavs Abduholiqov: "Biz O‘zbekistonga bo‘lgan sof muhabbat haqida film yaratdik"