17:37 / 25.11.2016
7 277

Mamlakatimiz mudofaa qobiliyati yanada mustahkamlanadi

Mamlakatimiz mudofaa qobiliyati yanada mustahkamlanadi

Mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligiga raxna solishga urinadigan ichki va tashqi kuchlarning har qanday harakatlariga qarshi keskin zarba beriladi.

Ushbu g‘oya Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida o‘z ifodasini topgan.

Ma’lumki, 1992 yil 14 yanvar kuni mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy qism va bo‘linmalarni O‘zbekiston tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Tub islohotlar natijasi​da zamonaviy, ixcham va ha​rakatchan, yaxshi tayyorlangan, mamlakatimiz xavfsizligi, hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish bo‘yicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal qilishga qodir milliy armiyamiz shakllandi.

Endilikda O‘zbekiston o‘z armiyasi uchun zarur kadrlarni o‘zida tayyorlash salohiyatiga ega bo‘lib, bugungi kunda Qurolli Kuchlar akademiyasida 7 ta, Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalarida 28 yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha yuqori malakali ofiser kadrlar, serjantlar tayyorlash maktablarida esa 26 yo‘nalish hamda mutaxassisliklar bo‘yicha serjantlar tayyorlanmoqda.

Zamonaviy talablarni, yuz berishi mumkin bo‘lgan harbiy harakatlar teatrining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, Qurolli Kuchlarning tashkiliy-shtat tuzilishi prinsipial jihatdan o‘zgartirildi, tezkor-strategik boshqaruv, operativ tayyorgarlik va qo‘shinlarni jangovar qo‘llashning haqiqiy markaziga aylangan samarali boshqarish tizimi yaratildi. 1998-2002 yillarni qamrab olgan davrda harbiy okruglar tuzildi, Davlat chegaralarini himoya qilish va qo‘riqlashning zamonaviy talablarga javob beradigan tizimi shakllantirildi, harbiy operasiyalar amalga oshiriladigan eng muhim yo‘nalishlarda harakatchan, yaxshi ta’minlangan bo‘linmalar, birinchi nav​batda, sarhadlarimiz daxlsizligi va odamlarimizning tinch-osoyishta hayotini buzishga qaratilgan har qanday yovuz kuchlarning tajovuzkor xatti-harakatlariga qat’iy zarba berishga qodir bo‘lgan maxsus bo‘linmalar tashkil etildi.

Qurolli Kuchlar qurilishi borasidagi rejalarga muvofiq, qo‘shinlarni modernizasiya qilish va eng yangi qurol-yarog‘ va texnika, jumladan, havo hujumidan mudofaa vositalari va vertolyotlar, bronetank qurollari, artilleriya tizimlari, aloqa vositalari, alohida va guruh bo‘lib himoyalanish vositalari bilan qayta qurollantirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirildi.

Istiqlol yillarida harbiy xizmatchilar uchun zamonaviy turar-joylar qurish, mavjud turarjoy fondini ta’mirlash, zamonaviy harbiy shaharchalarni qurish va rekonstruksiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2007 – 2015 yilgacha mo‘ljallangan davlat dasturiga asosan 6 mingga yaqin harbiy xizmatchi uy-joy bilan ta’minlandi. 2016 – 2025 yilgacha mo‘ljallangan Davlat dasturiga ko‘ra har yili 900dan ziyod harbiy xizmatchi turar-joy bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda Mudofaa vazirligi tasarrufida zamonaviy tibbiy asbob-anjomlar bilan jihozlangan, malakali tibbiy xodimlar faoliyat olib borayotgan yigirmadan ortiq davolash-profilaktika muassasalari, tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimining birlamchi bo‘g‘ini bo‘lgan ko‘p sonli tibbiyot punktlari, shu bilan birga harbiy sanatoriyalar va boshqa maxsus harbiy-tibbiyot muassasalari harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining sog‘ligini saqlash va mustahkamlash yo‘lida faoliyat olib borishmoqda. Ushbu keng qamrovli islohotlarning natijasi o‘laroq, Global Firepower tashkiloti qatorasiga ikki yil – 2015-2016 yilgi reytingida O‘zbekiston armiyasini Markaziy Osiyoda eng kuchli armiya, deya e’tirof etib kelmoqda.

Ayni chog‘da xalqaro munosabatlar tarkibidagi o‘zgarishlar, dunyoda keskinlik, mojarolarning yangi o‘choqlari paydo bo‘lishi, Markaziy Osiyo mintaqasida va jahonda murakkab vaziyat yuzaga kelayotgan, terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora ortib borayotgan bugungi sharoitda doimo hushyor va ogoh bo‘lish, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini mustahkamlash masalalari alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Shuning uchun ham partiyamiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovoldi dasturida Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini har tomonlama mustahkamlash borasida bir qator g‘oyalar ilgari suriladi.

Saylovchilarni yurtimiz sarhadlarini har qanday xavf-xatarlardan himoya etish, xavfsizlik va barqarorlik, xalqimizning osoyishta hayotini ta’minlashga bel bog‘lagan nomzodimiz uchun ovoz berishga chaqiramiz!

To‘lqin Karimov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mamlakatimiz mudofaa qobiliyati yanada mustahkamlanadi