19:12 / 13.12.2016
9 522

Shavkat Mirziyoyev 14 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti sifatida qasamyod qilishi kutilmoqda

Shavkat Mirziyoyev 14 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti sifatida qasamyod qilishi kutilmoqda

O‘zbekistonning saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning inaugurasiyasi 14 dekabr, chorshanba kuni Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisi vaqtida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu haqda «Daryo» nashri ma’lum qildi.

Xabar berishlaricha, 14 dekabr Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tadi. Unda 4 dekabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Prezidenti saylovida g‘alaba qozongan Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida qasamyod qilishi kutilmoqda.

Avvalroq, 9 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasi (MSK) O‘zbekiston Prezidenti saylovining yakuniy natijalarini rasmiy tarzda e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, O‘zLiDePdan nomzodi ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyev saylovchilarning 88,61 foiz ovozini qo‘lga kiritib, saylovda g‘olib chiqdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonun 39-moddasiga muvofiq, Prezident MSK tomonidan saylov natijalari rasmiy tarzda e’lon qilingan kundan e’tiboran kechi bilan ikki oy ichida Oliy Majlis yig‘ilishida qasamyod qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishishi lozim.

O‘zbekiston Konstitusiyasining 92-moddasiga ko‘ra, Prezident Oliy Majlis yig‘ilishida quyidagi qasamyodni qabul qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishgan hisoblanadi: «O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitusiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman».

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev 14 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti sifatida qasamyod qilishi kutilmoqda