17:38 / 26.05.2019
3 397

Qashqadaryoda deraza va eshiklari yo‘q, ta’mirtalab maktab binosida dars o‘tilgan

Qashqadaryoda deraza va eshiklari yo‘q, ta’mirtalab maktab binosida dars o‘tilgan
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabida sinfxonalar yetishmasligi sababli maktab o‘quvchilari «snos»ga tushgan eski binoda bir necha yildan beri tahsil olmoqda. Bu haqda maktabni borib o‘rgangan «Nasafnews» muxbiri ma’lum qildi.

Muxbirimizga ko‘ra, 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabida dars jarayonlari ikki navbatda olib boriladi. 11 ta sinfda o‘quvchilar tahsil oladi.
Ammo xona yetishmasligi sababli 3 ta boshlang‘ich sinfga maktab hududida bo‘lmagan eski, xavfsizligi ta’minlanmagan, yaroqsiz holga kelib qolgan binoda ta’lim-tarbiya beriladi.

- Bu bino 1968 yil qurilgan deydi,- Maktab ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari O‘rol Jo‘rayev.
Xalq ta’limi bo‘limi, viloyatdan kelgan ishchi guruh, hokim ham kelib o‘rganib ketishdi. Ammo hech narsa qilinmadi. Farzandingizni shunday binoda ta’lim olishini xohlarmidingiz, albatta yo‘q.

Chunki ko‘rib turganingizdek bu yerda hech qanday sharoit ham, imkoniyat ham yo‘q. Derazalarning yarmidan ko‘pi sinib ketgan. Eshiklar o‘rnatilmagan. Parta stollarning yaroqsiz holga kelib qolganidan ayrim o‘quvchilarimiz darsga ishtirok etishni istashmaydi ham.

Ma’lum bo‘lishicha, shu kuni dars bo‘lsada maktab direktori Zulayho Yarmatova o‘quvchilarning ko‘p qismini hech kimni ogohlantirmasdan sayohatga olib ketgan. Dars jadvaliga ko‘ra ma’lum fanlar sayohat tufayli o‘z vaqtida o‘tilmagan.

– Bugun shanba kuni. Darslarimiz kam o‘tiladi. Shu bois, sayohatni shu kunga mo‘ljallagan edik,-deydi Zulayho Yarmatova.
Bu haqda tuman xalq ta’limi bo‘limi bilmasligi mumkin, ammo tuman yoshlar ittifoqi ko‘rsatmasiga asosan sayohatga borganmiz.

Qiziq, yoshlar ittifoqining qanday vakolati bor-ki, dars kuni o‘quvchilarga sayohat belgilasa, Xalq ta’limi bo‘limi esa bundan xabardor bo‘lmasa? Shunaqasi ham bo‘lar ekanda.

- Bilasizki ichki turizmni rivojlantirish tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda, - deydi Chiroqchining tuman yoshlar ittifoqi kengashi ichki turizm bo‘yicha ma’sul xodim Mirjalol To‘xtayev.

Menga Viloyat yoshlar ittifoqi kengashi va Qashqadaryo viloyat IIB tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bor.
Turizmni rivojlantirish bo‘yicha shu kuni aynan mana shu maktab direktori sayohatga chiqishi belgilangan. Qolgani mening vazifamga kirmaydi.

20-umumiy o‘rta ta’lim maktabida muammolar girdobida ekanini sezish qiyin emas. Birinchi navbatda o‘quv-tarbiya ishlari yaxshi tashkil etilmagan bo‘lsa, keyin esa bu jarayon uchun yetarli sharoitlar ham yaratilmagan.

Bundan Xalq ta’limi bo‘limidan tortib, Xalq ta’limi boshqarmasi xabardor bo‘lsa-da jim kuzatishdan nariga o‘tmayapti.
Balki yuqori turuvchi mutasaddi tashkilotlar muammolar girdobida turgan maktab taqdiri bilan qiziqib ko‘rishar!

Dilshod NABIYeV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Qashqadaryoda deraza va eshiklari yo‘q, ta’mirtalab maktab binosida dars o‘tilgan