10:25 / 29.06.2017
5 246

Xayrulla Hamidovdan ajoyib talqin: «Men maydonda o‘likka o‘xshab o‘ynayman»

Xayrulla Hamidovdan ajoyib talqin: «Men maydonda o‘likka o‘xshab o‘ynayman»
Yaqinda Oriat Dono radiosida Xayrulla Hamidov ishtirokida o‘tgan dasturni tomosha qildim. Ochig‘i, bu dasturdagi bir qator fikrlar menga juda yoqdi. Xususan, Samvel Babayan, xalqaro press klub va umuman o‘zbek futbolining bugungi ahvoli to‘liq ochib berildi.
Darhaqiqat, Samvel Babayan ayni damda qo‘pol qilib aytganda surbetlikning oily ko‘rinishini namoyish qilmoqda. Chunki u ayni damda Xayrulla Hamidov aytganidek Mirjalol Qosimovga o‘xshab aybini tan olib, muxlislarning qarshisiga chiqishi kerak edi. Ammo u to‘g‘ridan-to‘g‘ri panaga berkinishni ma’qul ko‘rdi. Aslida esa mazkur dastur boshlovchisi aytganidek, u O‘zbekistonning birinchi raqamli jamoasining rulida bo‘la turib, chetga chekinishi kerak emasdi. Ha, Babayan Mirjalol Qosimovu Vadim Abramovlardan yuz chandon ko‘proq xato qildi, biroq ularga o‘xshab uzr so‘rashni o‘ziga ep deb bilmadi.

Endi bevosita Sergeev haqida. Xayrulla Hamidov Sergeevning «Men maydonda o‘lishga ham tayyorman», degan gapini quyidagicha qabul qildi: «Men maydonda o‘likka o‘xshab o‘ynayman». Albatta, maydonda hech narsani qoyillatmaydigan futbolchiga bunday gaplar balandparvozlikday tuyiladi, yarashmaydi. Chunki Igorning o‘yinlari o‘lishga ham tayyor futbolchining o‘yiniga o‘xshamaydi, o‘lishga ham tayyor futbolchi to‘pni kutib o‘tirmaydi, o‘zi vaziyatlar yaratadi va gollar uradi. Sergeev esa hozircha bunday fazilatlardan mustasno.

Mening e’tiborimni tortgan press klub haqidagi keskin fikrlar bo‘ldi. Haqiqatan ham mazkur dasturni olib borgan insonlar chinakam jurnalist, o‘z kasbining ustalari, bunga aslo shubha yo‘q, biroq ular sport jurnalistlari emas. Bu esa ko‘rsatuvning dolzarbligini biroz kamaytirishi tabiiy edi. Vaholanki, o‘zbek futboli jar yoqasiga kelib qolgan bir paytda bunday tanqidiy ko‘rsatuvlarni o‘zbek futbolining bugungi ahvolini biladigan va tushunadigan odam boshqarishi lozim edi, hech bo‘lmaganda press klubning aynan shu qismiga tajribaliroq sport jurnalistini boshlovchilikka jalb qilish lozim edi nazarimizda. Ana shunda press klubdagi savollar havoga uchmas, mutasaddilar esa rasmiy gap-so‘zlar bilan vaziyatdan qutulib qolishmasdi.

Umuman, ayni damdagi jarayonlardan ko‘rinib turibdiki, o‘zbek futboliga panja ortidan qaralayotgandek. Televizorda bir qator tanqidiy ko‘rsatuvlarni, ochiq muloqotlarni ko‘ryapmiz. Nuqsonga yo‘l qo‘ygan rahbarlar ayovsiz tanqid qilinyapti, so‘roqqa tutilyapti. Ammo nega futbol borasida shunday dasturlar tayyorlanmaydi? Nega mutasaddi rahbarlar keskib savollarga tutilib, to‘g‘ri javob olinmaguncha tinchilmaydi? Nega? Mana shu savollar bizni qiynaydi, birgina umid Press klubdan edi, chunki mazkur loyiha ancha tanqidiy, qiziqarli tus olgandi, biroq futbolga kelganda u ham «yuzakilik» libosini kiyib oldi.

Bilmadim, bu ketishda o‘zbek futbolining taqdiri qanday kechadi? Bu haqda o‘ylashga ham qo‘rqadi kishi. Eng achinarlisi, oldin Xudo xohlasa, futbolimiz rivojlanib ketadi deb niyat qilardik, endi esa bunday niyat qilish uchun oddiygina sabab ham topa olmayapmiz. Afsus, ming afsus.

Manba: Dia.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xayrulla Hamidovdan ajoyib talqin: «Men maydonda o‘likka o‘xshab o‘ynayman»