21:43 / 09.07.2017
5 931

Babayanning dushmanlariga ochiq xat: “Samvel Babayandan aslo nolimang!”

Babayanning dushmanlariga ochiq xat: “Samvel Babayandan aslo nolimang!”
Shu paytgacha Samvel Babayanning boshiga ne kunlar tushmadi, deysiz. Omadsizliklar, mag‘lubiyatlar, “tesha tegmagan” tanqidlar. Eh-he... Buncha gapga haligacha ilon po‘st tashlab yuborgan bo‘lardi. Babayan esa miq etgani yo‘q. Turib-turib shu insonning “iroda”siga qoyil qolaman. Agar uning o‘rnida boshqa odam bo‘lganida salkam qirq marta iste’foga chiqardi-yov.

Men Babayanni yomonlamoqchi emasman, aslo. Uning dushmanlariga murojaat qilmoqchiman. Bilasizmi, bu erda Babayanning aybi yo‘q. uning futbol ilmi uchun yaroqsizligi avvaldan ma’lum edi-ku! Hamma ayb ana shu yaroqsizlikka ko‘z yumib, menejerdan bosh murabbiy yasaganlarda. Terma jamoaning taqdiri bilan o‘ynashganlar-da. Hurmatli Babayanning dushmanlari, nima, siz Samvel terma jamoa boshqaruviga tayinlanayotganda asosiy maqsad jahon chempionatiga yo‘llanma olish bo‘lgan deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, to‘g‘ri, mundialga chiqish maqsad qilingan, ammo bu erga gap asosiy maqsad haqida ketyapti. Bu fikrga isbot keltirish shart emas, chunki ahmoq odam ham biladi agar jahon chempionatiga yo‘llanma olish maqsad qilinganida chinakam murabbiy olib kelinishini.

Demak, Babayanda ayb yo‘q. Uni lavozimida qoldirishdimi, demak, o‘ziga yuklangan asosiy vazifani uddalamoqda. Qolgan vazifalar esa o‘z yo‘lida, biz o‘zbekmiz, andishamiz kuchli, ammo ana shu andisha tufayli necha yillardan beri o‘zbek futbolining nuqsonlariga ko‘z yumib kelyapmiz.

Xalqimizda bir gap bor: “Bir baxtsizlik ikkinchisini etaklab keladi”. Afsuski, Babayan o‘zi bilan bir nechta baxtsizliklarni olib keldi, aniqrog‘I unga qo‘shib yuborishdi. Nimani nazarda tutayoganimizni bildingiz, bu o‘sha jarohat olgani uchun mashaqqatli mashg‘ulotlardan qutulganiga xursand bo‘layotgan Andreev, mashg‘ulotlarda endi chinakamiga ter to‘kayotgan Sergeev va Lobanov va hokazo.

Endi o‘zingiz o‘ylang, Babayan ketsa, o‘rniga kim keladi? Har holda biz orzu qilgan kuchli mutaxassis emas, bu aniq. Yangi murabbiyning oldiga esa jahon chempionatiga chiqish vazifalardan biri sifatida qo‘yiladi, biroq murabbiy asosiy vazifani bajarishda davom etadi. Bu futbolimizning o‘zgarmay kelayotgan senariysi.

Sizga aytsam, ochig‘i, Babayanning iste’foga chiqishi biroz cho‘chityapti meni. O‘rniga kim kelarkin? U futbolga aloqador insonmi yoki yo‘qmi? Men judayam istardim ayni damda o‘zbek futbolida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar, ayniqsa, terma jamoa murabbiylar shtabidagidan birortasi terma jamoaga bosh murabbiy bo‘lmasligini. Ayni paytda Yaratgandan shuni so‘rayapman.

Siz Babayandan nolimang, muxlislar, o‘zbek futbolida Babayandan-da insofsizroq insonlar bor. Babayan-ku birovning buyrug‘ini majburan bajaryapti, biroq tepada o‘z ixtiyori bilan mutaxassis bo‘lmagan insonga O‘zbekiston terma jamoasining, O‘zbekiston faxrining, O‘zbekiston or-nomusining jilovini topshirib qo‘ygan insonlar bor. Ana ularning oldida Babayan farishtadek gap.

So‘zimning indallosiga kelsam, Samvel Babayandan nolishning keragi yo‘q. Yaxshisi, uni tayinlagan insonlarga qarshi kurashing. Zero daraxtning shoxini kesgan bilan o‘rnidan boshqacha shox chiqib qolmaydi, eski shoxning yangisi kurtak ochadi. Boshqacha shox chiqishi uchun esa daraxtni qo‘porib, boshqatdan ekish kerak, ildizini almashtirish kerak.


Manba: penalti.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Babayanning dushmanlariga ochiq xat: “Samvel Babayandan aslo nolimang!”