Neymar o‘rniga: «Barselona» kim uchun to‘lamoqchi?

  • 08 avgust 2017, 23:07
  • 3 823
  • Sport
  • Neymar o‘rniga: «Barselona» kim uchun to‘lamoqchi?
    «Barselona» Neymarning transferidan katta mablag‘ ishlab oldi va endi bu pullarga unga o‘rinbosar olishi kerak. Katalonlar jamoasida 222 mln evro bor, bu mablag‘ga ikki futbolchi ham olishi mumkin: «Liverpul»dan Filippe Koutino hamda Dortmundning «Borussiya»sidan Usmon Dembeleni. Dembele ko‘pchilikka u qadar tanish futbolchi bo‘lmagani uchun, «Tribuna» o‘z muxlislariga uni yaqindan tanishtirishga qaror qildi.

    U qayerdan paydo bo‘ldi
    «To‘g‘ridan-to‘g‘ri aytaqolaman: kun kelib Dembele «Oltin to‘p» uchun da’vogarlik qiladi. 13 yil oldin ham ser Aleks Fergyuson ettinchi raqamli futbolkani topshirib qo‘ygan, g‘alati soch turmagi qilgan o‘smirning harakatlarini kuzatgandim. O‘shanda Krishtianu o‘z talanti bilan menda katta taassurot qoldirgandi. Shundan beri men maydonda u kabi iste’dodli yigitchani uchratmayotgandim. Usmon qanday harakatlarni amalga oshirayotganini ko‘rmagunimcha», — degandi bir yil muqaddam «Renn» prezidenti maslahatchisi Mikael Silvestr. «Manchester Yunayted»ning sobiq futbolchisi so‘zlari mubolag‘ali emas.

    Oyoqlari uzun 18 yoshli yigitcha yoshlar jamoasida ekanida o‘zidan katta futbolchilarga ish qoldirmasdan o‘ynardi. U Liga 1 o‘yinida 2015 yil noyabrida ilk marta ishtirok etdi. U vaqtda butun Fransiya Parijdagi davomli teraktlar iztirobida, futbolni bir muddat unutgan, motam libosiga burkangandi. «Anje» bilan o‘yindagi debyutda uni hech kim payqamadi – zero unga juda kam vaqt ajratilgandi. Lekin ikki hafta o‘tib u «Renn» muxlislarini xursand qilishni boshladi – «Bordo» bilan o‘yinda Usmon professional futboldagi ilk golini urdi. Mavsum oxirrrog‘ida «Nant» darvozasiga 3ta gol yo‘llagach, (gollarning birinchisini u birinchi daqiqadayoq urgandi) hamma u haqida gapirishni boshladi, «Barselona» skautlari Kataloniyaga elib borib, rahbariyatga ushbu noyob iqtidor, lekin hali hech kim tanimaydigan o‘smir uchun 35 mln evroni ayamaslikka unday boshladi. Lekin o‘shanda «Barsa» bosslari skautlarning taklifini pisand qilmagandi, endi esa uni kattagina pulga sotib olishga tayyorlar.

    Qizig‘i shundaki, Dembele «Renn»da debyut qilmasligi ham mumkin edi. O‘shanda jamoa ancha tajribali Ntep va Yoann Gurkyuffga ishonch bildirayotgandi. 2015 yil yozida jamoa bosh murabbiyi Filipp Montane Dembeleni asosiy jamoa mashg‘ulotlariga o‘tkazdi – u o‘smirlar orasida yaqqol ajralib qolgandi. Ammo «Renn» unga professional shartnoma taklif qilishga shoshilmaydi, Montane yosh iqtidorlarga ko‘p ham ishonavermasdi. Bunga javoban esa Usmon klubning Germaniyadagi yig‘inini boykot qiladi va «Red Bull» yoki «Benfika»ga o‘tib ketishi bilan tahdid qila boshlaydi.

    Dembelening «Borussiya»ga transferidan 15 mln evro ishlab olgani uchun «Renn» uning onasiga minnatdorchilik bildirishi kerak, u o‘g‘lini sabr qilishga va klubda debyut uchun imkon berilishini kutishga undagan, uni qolishga ko‘ndirgandi. Bir necha oylik asabbuzarliklardan keyin Dembele Mikael Silvestr bilan qizil futbolkani tutgan holda suratga tushdi - u klub bilan shartnoma imzolagandi.


    Nima uchun 80 million evro
    Qisqa vaqt ichida Usmon «Renn»da asosiy futbolchiga aylandi. U ilk mavsumdayoq 9ta golni darvozalarga joyladi va raqib futbolchilarini aldab o‘tish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Evropada Neymardan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi (har o‘yinda 4,6 marta), u shuningdek ko‘rsatkichlari bo‘yicha Fransiya chempionati tarixidagi (1990 yildan keyingi) 20 yoshdan kichik bo‘lgan eng samarali futbolchi bo‘ldi.

    Uning og‘ir xarakteri haqidagi gaplarga qaramasdan, quyidagi intervyuda Usmon kamtarin yigitcha ekanini ko‘rish mumkin: «Men — fenomen emasman. Shunchaki, nimalarga qodirligimni namoyish etishga urinaman, zavq olish uchun futbol o‘ynayman. Ayrim statistik ma’lumotlar men haqimda noto‘g‘ri tushunchalar berishi mumkin. Ammo bu mening maqsadim emas. Mening maqsadim – jamoa bilan sovrinlar yutishdir. «Oltin to‘p» deysizmi? Bu nima deganingiz?».

    Usmon hakam hushtagini eshitishi bilanoq uyatchanligini yig‘ishtiradi. U raqibning bir necha futbolchilarini aldab o‘tib qanotdan oldinga intiladi, to‘g‘ri kelsa uzoq masofadan zarba yo‘llaydi, u xuddi yo‘lida to‘siqlar yo‘qdek erkin harakatlanadi. Fransiya yoshlar termasi murabbiyi Lyudovik Batelli Dembeleni yuqori tezlikka ega, o‘yinni yaxshi his qiluvchi, dribling ustasi va eng muhimi ikki oyog‘ida bir xilda o‘ynay oladigan futbolchi sifatida ta’riflagandi. Endi Usmon asosiy terma jamoada o‘zini ko‘rsatmoqda.

    Uning ikki oyoqda ham birdek o‘ynay olishini quyidagi intervyusi yanada ochib beradi. Dembele Fransiya terma jamoasidagi o‘yindan so‘ng qiziq flesh-intervyu berib, barchaning e’tiboriga tushgandi.

    — Usmon, sen o‘ng oyoqda o‘ynaysanmi, chap oyoqdami? — deydi jurnalist.
    — Mmm… Men chap oyoqman.
    — Ishonching komilmi? Sen axir ko‘p gollaringni o‘ng oyoqda urgansanku.
    — Ha, lekin men ko‘proq chap oyog‘imda o‘ynayman.
    — Ammo sen bugun penaltini o‘ng oyog‘ingda tepding.
    — Ha, shunday bo‘ldi.
    — Nega bunday?
    — Chunki men o‘ng oyog‘imda yaxshiroq o‘ynayman.

    Ambidekstriya (ikki oyoqda ham birdek harakatlanish) – futbolda alohida e’tiborga ega. Dembele nafaqat ikki oyoqda o‘ynay oladi, u hujumning istalgan nuqtasida ham birdek harakatlanadi.

    «Borussiya» futbolchilarining paslari tasvirlangan kartada Usmon o‘yinlarda hujumning turli nuqtalarida paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin. Bir o‘yinda u klassik vinger vazifasida, boshqasida – himoya va hujumni bog‘lovchi, uchinchi holatda – Obameyyangdan ham oldinda va ofsayd chizig‘ida qorovullikda. Dembele – haqiqiy universal, u o‘z vaqtida «Renn» murabbiylarini hujumchi muammosidan xalos qilgan, «Borussiya»da esa Tomas Tuxelning murabbiylik tajribalarida qo‘l kelgan.

    Dembelening driblinglari – alohida tarix. Baholashingiz mumkin.

    Usmon «Borussiya»da o‘tgan mavsumdagi ishlarini Kataloniyada ham bajara olsa, uning jamoadagi o‘rni Neymarnikidan kam bo‘lmaydi. Fransiyalik futbolchi o‘yinlarda o‘rtacha har 9,5 daqiqada raqibni aldashga harakat qilgan va shundan 55 foizi muvaffaqiyatli chiqqan. Mavsumda u 103 marta raqibni aldab o‘tgan, 63 marta vaziyat yaratgan, 13 golga uzatma bergan – u Bundesliganing eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi.

    U nimasi bilan Mbappedan yaxshiroq

    1. U ko‘p funksiyali. U Killian kabi gol sezuvchan bo‘lmasligi mumkin, Dembele u kabi ko‘p gol urmadi, lekin u o‘tgan mavsumda jamoasining deyarli barcha gollarida ishtirok etdi (barcha turnirdagi o‘yinlar hisoblansa 21ta golli pas). U pas berish va o‘yinni his qilish borasida Mbappedan ustun.

    2. Uning transfer narxi arzon. Usmon uchun 190 mln evro talab qilishmayapti, «yangi Anri» uchun esa shuncha.

    3. U barqaror. Dembele Mbappedan farqli ravishda Fransiya hadlaridan chiqib Germaniya chempionatida ham barqaror o‘yin ko‘rsata oldi. «Ikkinchi mavsum sindromi»dan muvaffaqiyatli o‘tib oldi.

    Dembele «Barselona» uchun ideal variant ekaniga boshqa sabablarni ham keltirish mumkin. Masalan, u jamoaning yangi bosh murabbiyi Ernesto Valverdega klassik o‘yin qo‘llash, hujumdagi futbolchilarni turli nuqtalarda sinab ko‘rish imkonini taqdim etadi. Shuningdek, «Borussiya»da Usmon barseloncha o‘yin uslubida toblangan (Tuxel ham shogirdlarini to‘p yo‘qotilgach, 5-6 soniya ichida uni qaytarib olishga majburlar edi). Qolaversa, u bolaligidan «Barselona»da o‘ynashni orzu qilgan, u bu niyati haqida intervyularida bir necha marta ochiq gapirgan.

    Ko‘k-anorranglilar ushbu futbolchi bilan og‘zaki kelishuvga erishgani haqida aytishmoqda. Endi «Borussiya» bilan muzokaralarni tezlashtirish kerak, kataloniyaliklar 80 mln evro taklif etmoqda, nemislar futbolchini 100 mln evroga sotmoqchi. Tez orada dortmundliklar klubi xazinasiga anchagina pul kelib tushishi va Usmon Kataloniya poytaxtiga chipta olishi kutilmoqda. Kutamiz.

    » » Neymar o‘rniga: «Barselona» kim uchun to‘lamoqchi?