Afg'onistonda ilk bor O'zbek tili va adabiyoti fakultetini ochish rejalashtirilmoqda

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg'onistonda o'zbek tilidan foydalanishga cheklovlar joriy etilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Vazirlik ta'kidlashicha, bunday cheklovlar yo'q va afg'on tomoni bilan bu masala yuzasidan muntazam muloqot olib borilmoqda. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
TIV vakili Axror Burhonovga ko'ra, so'nggi kunlarda ayrim OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma'lumotlar jamoatchilikda xavotir uyg'otgan. Vaziyatga aniqlik kiritish uchun O'zbekiston TIV mas'ullari Afg'oniston TIV bilan tezkor aloqa qilgan.
Afg'oniston tomoni bu xabarlar haqiqatga to'g'ri kelmasligini, mamlakatda o'zbek tilidan foydalanishga hech qanday to'siq yo'qligini bildirgan. Shuningdek, afg'on hukumati va xalqi o'zbek xalqiga hamda uning tiliga chuqur hurmat bilan qarashi alohida qayd etilgan.
Afg'oniston TIV vakili ma'lumotiga ko'ra, hozirda oliy va umumta'lim muassasalari binolari fasadlaridagi yozuvlarni yagona standartga keltirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu standart bo'yicha yozuvlar uch tilda — pushtu, dariy va ingliz tillarida beriladi.
Biroq mamlakatning shimoliy hududlari, jumladan, Samangan universiteti uchun istisno nazarda tutilgan: u yerda yozuvlar pushtu, dariy va o'zbek tillarida joylashtiriladi.
Shuningdek, qo'shnichilik, o'zaro ishonch va do'stlik ramzi sifatida Afg'oniston hukumati joriy yildan boshlab tarixda ilk bor Juzjon davlat universitetida magistratura bosqichida “O'zbek tili va adabiyoti” fakultetini ochishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o'tamiz, Samangan universitetining asosiy peshtoqidagi o'zbek tilidagi yozuv avval mahalliy hokimiyat ko'rsatmasi bilan olib tashlangan va bu keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo'lgandi. Keyinchalik mazkur yozuv qayta tiklandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!