Avtogol hisobni ochdi Juventus safarda Sassuoloni yirik hisobda mag'lub etdi

A Seriyaning 19-turida «Yuventus» safarda «Sassuolo»ni 3:0 hisobida yengdi. Turin klubi tanaffusdan keyin sur'atni keskin oshirib, o'yin taqdirini hal qildi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Uchrashuv boshidanoq mehmonlar yuqori pressing bilan maydonni bo'g'ib, tempni nazorat qildi. «Sassuolo» esa ko'proq standart vaziyatlar orqali xavf tug'dirishga va jarima maydoniga to'p yetkazishga urinib ko'rdi. Hal qiluvchi epizod 18-daqiqada yuz berdi: o'ng qanotdan Kalulyu uzatgan to'pni Muharemovich noxush tarzda o'z darvozasiga kesib yubordi. Shundan so'ng «keksа sinyora» to'pni bemalol aylantirib, o'yinni boshqarib bordi, mezbonlar esa hujumlarini kamdan-kam hollarda xavfli zarbalar bilan yakunlay oldi.
Ikkinchi bo'limda «Sassuolo» chiziqlarni yuqoriroq ko'tarib, harakatni ko'paytirdi. Biroq Luciano Spalletti jamoasi raqib xatolarini kechirmadi. 63-daqiqada Miretti jarima maydoniga yorib kirib, uzoq burchakka aniq zarba yo'lladi. Oradan ko'p o'tmay, 64-daqiqada forvard Devid raqibning orqaga uzatishdagi qo'pol xatosidan foydalanib, uchinchi golni kiritdi.
Keyingi daqiqalarda «Yuventus» hisobni ushlab turish rejimida harakat qilib, mezbonlarga tezlik olishga imkon bermadi. «Sassuolo» standartlar orqali qaytishga harakat qildi, ammo darvozabon Di Gregorio ikki bor jamoasini qutqarib qoldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!