00:36 / 18.06.2018
2 916

Portugaliya durang qayd etishidagi asosiy 3 omil

Portugaliya durang qayd etishidagi asosiy 3 omil
Dahshatli o‘tgan uchrashuv qay tarzda yakun topganini yaxshi bilasiz. O‘yin o‘z maqomiga mos darajada o‘tdi. Ayrim vaziyatlarda Ispaniya, ba’zi holatlarda Portugaliyaning ustunligi sezildi. Muhimi ikki tomon ham ilk turdanoq qanday darajadagi futbolchi ekanligini ko‘rsata oldi. Xo‘sh, qanday sabablar evaziga portugaliyaliklar raqibi bilan durang natijani qayd etdi?

3. DAVID DE XEANING OMADSIZ KUNI

Kechagi kun Davidniki bo‘lmadi. Ispaniyalik posbon Portugaliyaga qarshi uchrashuvda seyv amalga oshira olmadi. Yetmaganiga o‘z xatosi evaziga gol qo‘yib yubordi. Albatta, barcha xato qiladi, ish bor joyda kamchilik ham bo‘ladi. Hech kim mukammal emas.

Birinchi bo‘lim oxirida Ronalduning bergan zarbasini David qaytara olmadi. De Xea qanday darajadagi darvozabon ekanligini yaxshi bilasiz. Premer-ligada u o‘zining saviyasini barchaga ko‘rsatib bo‘lgan. Balki u keyingi uchrashuvlarda o‘zini ko‘rsata olar...

Bir vaqtlar De Xea Ispaniya termasida o‘zini begonadek his qilishini, muxlislar unga boshqacha nigoh bilan qarashini aytgandi. Yo‘q, bu jahon chempionati, bunday turnirda posbonlar bunday xato qilmasligi kerak. Himoyachi xato qilsa ham uning ortidan buni to‘g‘rilaydigan futbolchilar paydo bo‘ladi. Biroq darvozabonning har bir xatosi natijaga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Kichik detal esa har doim katta muammolarga sabab bo‘ladi. U Ronalduning zarbasida qo‘lini to‘g‘ri qo‘ya olmadi, aslida bu kichik muammo. Biroq, shu tufayli Portugaliya hisobda oldinga chiqib oldi.

De Xea APLga kelib, "Manchester Yunayted"dagi debyut uchrashuvida ham shunga o‘xshash xato qilgandi. JChdagi ilk uchrashuvida ham shunday bo‘lmoqda. Bu hayajondan bo‘lsa kerak.

2. PORTUGALIYaNING QARShI HUJUMGA ASOSLANGAN TAKTIKASI

Portugaliya so‘nggi yillarda bir necha aspektlarda anchagina o‘sdi. Oldinlari terma turnirlarning sovrinlariga da’vo qilmasdi.

Santush Portugaliya "rulini" o‘z boshqaruviga olganidan keyin barchasi o‘zgarib ketdi. Unda o‘zgacha o‘yin uslubi borligini barcha yaxshi biladi. Kechagia uchrashuvda Portugaliya raqib darvozasi tomon 3 marta aniq zarba berdi va 3 gol kiritdi: biri penaltidan, biri darvozabon xatosidan, biri fantastik jarima zarbasidan.

Portugaliya 4-4-2 sxemasidan ajoyib tarzda foydalanmoqda. Santush shogirdlari o‘yinda Ispaniyaga tashabbusni topshirdi va o‘zlari qarshi hujumda harakat qilishdi. Himoya va yarim himoya bu yo‘lda anchagina ishlagan ko‘rinadi. Jamoa raqibdan to‘pni olib qo‘yish, pressingda ham yaxshi ishladi. Ispaniyaga qarshi uchrashuvda Portugaliya shunday uslubdan foydalandi. Bu esa samara keltirdi. Muhimi jamoa mag‘lub bo‘lmadi.

1. SUPER RONALDU

Kim Ronaldu Ispaniya termasiga uchta gol urishini kutgandi? U o‘yin tugashiga 2 daqiqa qolganida ajoyib zarbasi bilan termasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Penalti bor edi, bunga hech kim e’tiroz bildirmaydi. "Real"dagi jamoadoshi Nacho Ronalduning fintiga uchdi va uni yiqitdi. Ronaldu 33 yoshga kirgan bo‘lsa ham, u yuqori darajadagi jismoniy holatda. Uning fintlari, aldab o‘tishlari, paslarini ko‘rgan inson futbol faxriysi yoshiga kirmoqda deb ham o‘ylamaydi.

Qizig‘i, Ronaldu JChdagi va o‘z faoliyatidagi ellik birinchi xet-trikini qayd etdi.
Mirjalol Normatov tarjimasi

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Portugaliya durang qayd etishidagi asosiy 3 omil