18:36 / 16.10.2018
2 987

Namangan buyuk futbolchini olib keldi! Shuningdek, omadsiz murabbiyni ham…

Namangan buyuk futbolchini olib keldi! Shuningdek, omadsiz murabbiyni ham…
O‘tgan hafta yakuni mamlakatimiz futbol jamoatchiligiga yangi nom tanishtirilgani bilan yodda qoldi. Dunyo futbolida o‘ziga xos iz qoldirgan Andrey Kanchelskis Namanganning «Navbahor» jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandiki, hatto, barchamizning e’tiborimizdagi eng yirik voqelik bo‘lib turgan milliy jamoa yig‘ini mavzusi ham bir muddat «ikkinchi plan»ga tushib qoldi. Bu voqea shunchalik tez ro‘y berdiki, aksariyat futbol muxlislari so‘nggi paytlarda matbuotda paydo bo‘lgan shov-shuvli xabarlarni o‘qib ulgurmaslaridanoq Kanchelskisning tanishtiruv marosimi ham bo‘lib o‘tdi...

Demak, Andrey Kanchelskis Namanganda. Xo‘sh, endi vodiy jamoasida ahvol qaysi tarafga o‘zgaradi? Ilhom Mo‘minjonovning kutilmaganda o‘z ishidan olib tashlanishi to‘g‘ri qaror bo‘ldimi? Bu kabi savollarning javobi hozircha yo‘q. Shunga qaramay, bugungi maqolamizda yangi murabbiy «portreti»ga chizgilar asnosida, «Navbahor» kelajagi xususida biroz mulohaza yuritib ko‘ramiz.

Klubda roppa-rosa ikki yil ishlagan va agar natija nuqtai nazaridan olib qaraydigan bo‘lsak, yaxshigina ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritishga ulgurgan Ilhom Mo‘minjonovning o‘z vazifasidan ozod etilishi chindan ham kutilmaganda ro‘y berdi. Murabbiyning ishi Namangan futboli rahbariyatini qoniqtirmadimi, demak bundan bittagina xulosa kelib chiqmoqda: «Nav­bahor» kelajak uchun rostdan ham o‘ta yuksak marralarni ko‘zlamoqda!

«NAVBAHOR»NI KUZATIB KELGAN KANChELSKIS

Yaqindagina bergan intervyusida Mo‘minjonovning o‘zi aytib o‘tganidek, 2016 yilning noyabrida jamoa boshqaruviga kelganda, «Navbahor» oliy liga jadvalida so‘nggi o‘rinlarda borayotgandi. Musobaqa yakunlanishiga esa atigi ikki tur qolgandi.

- Men birinchi yili jamoani oliy ligada olib qoldim, to‘liq ishlagan dastlabki mavsumimdayoq 5-o‘rinni qo‘lga kiritdik, bu yil esa «Navbahor» chempionlik uchun kurashmoqda. Shu vaqt mobaynida o‘z oldimga qo‘yilgan hamma vazifani a’lo darajada uddaladim. Eng muhimi, bu ko‘rsatkichlarga men o‘sha o‘rtahol futbolchilar bilan erishdim. Tarkibimizda qimmat o‘yinchilar bo‘lmasada, jamoamiz kuchli klublar qatoriga kirdi, - degandi Ilhom Mo‘minjonov. - To‘g‘ri, mavsum oralig‘ida Igor Golban va Sherzod Karimov safimizga kelib qo‘shildi, lekin masalan, Sherzod oxirgi paytlarda «Lokomotiv» zaxira o‘rindig‘ida qolib ketayotgandi.

Umuman, «Navbahor» va uning atrofidagi voqealar ikki haftalardan beri ichki futbolimizdagi «birinchi raqamli» mavzuga aylanib qoldi. Bundan bir hafta oldin ham matbuot va ijtimoiy tarmoq mutlaqo boshqa mavzuni muhokama qilayotgandi. Lekin o‘sha «Navbahor» hujumchisi Ro‘zimboy Ahmedov hamda Ilhom Mo‘minjonov orasida kelib chiqqan ziddiyat ko‘pga cho‘zilmadi. Bir-birlariga har qanday usulda zarba berishga tayyor bo‘lgan ikki shaxsni viloyat futboli rahbarlari «o‘ziga xos usulda» kelishtirib qo‘yishdi-yu, undagi asl haqiqatlar sirligicha qolib ketdi. Hali bu voqealar tugab yakunlanmasidan, Kanchelskis mavzusi internetni «portlatdi». Natijada Mo‘minjonov masalasi chetda qolib ketdi. Boshqa tomondan, Ro‘zimboy Ahmedovning o‘zi aytganidek, uning jamoada qanday mavqeda ekanligini endi Kanchelskis aniqlab beradiganga o‘xshaydi.

Aftidan, «Navbahor» rahbariyati Kanchelskis bilan anchadan buyon muzokara o‘tkazib kelgan. Har holda, yangi bosh murabbiyning o‘zi aytgan gaplaridan shunday xulosaga kelish mumkin. U Namangan jamoasining so‘nggi o‘yinlarini kuzatgan. Jamoadagi futbolchilarning funksional holati va klubning mamlakat futbolidagi mavqei xususida aniq ma’lumotga ega bo‘lgachgina taklifni qabul qilgan.

FUTBOLChI KANChELSKIS

Shaxsan o‘zim Kanchelskisni futbolchi sifatida ilk bor 1990 yilgi jahon chempionatidan keyingi davrda tanigandim. O‘shanda Italiya-90dagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng Lobanovskiy o‘rniga sobiq ittifoq termasini qabul qilib olgan Anatoliy Bishovets nomi ko‘pchilikka tanish bo‘lmagan «Shaxtyor» yarim himoyachisini o‘ynata boshlagandi. Ochig‘i, Bishovets tuzgan tarkib dastlab menga ham yoqmagan - asosan mamlakatning o‘rtahol jamoalaridan chaqirilgan o‘rtahol o‘yinchilardek tuyulgandi. Lekin barcha ishonchsizliklarni yo‘qqa chiqarib, bu yigitlar o‘shanda o‘ta darajada qudratli bo‘lgan Italiya termasini Yevro-92 saralashlarida ortda qoldirishgan. Ana o‘sha Bishovets tuzgan yangi jamoaning eng yetakchi futbolchisi bizning bugungi qahramonimiz Andrey Kanchelskis edi. U saralashdagi barcha 8ta o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushib, 3ta gol urdi. Andreyning qanotdagi o‘ta faol o‘yini yakunda Shvetsiyada o‘tadigan Yevropa chempionatiga yo‘llanmani taqdim etgandi. U paytlari «ko‘xna qit’a» chempionatida atigi 8ta terma ishtirok etardi.

Bishovetsning «topilmasi»ni o‘z vaqtida undanda buyuk murabbiy - Aleks Fergyuson ham payqagan ekan. 1991 yilning 6 fevralida Glazgoda o‘tgan Shotlandiya - Sobiq ittifoq o‘rtoqlik uchrashuvini tomosha qilgan Fergyuson o‘sha paytlarda o‘z jamoasiga aynan shunday qanot yarim himoyachisi qidirib yurgan ekanki, mazkur o‘yindan ancha keyinroq Frankfurtda o‘tgan Germaniya - Sobiq ittifoq uchrashuviga aynan Kanchelskisning o‘yinini ko‘rish uchun tashrif buyuradi. Ko‘p o‘tmay, Donetskning «Shaxtyor» klubida o‘ynab yurgan Kanchelskis shu tariqa «Manchester Yunayted» safiga borib qo‘shildi. Futbolchining transfer narxi 650.000 funt sterling - o‘sha payt uchun anchagina katta summa edi. Shu-shu Andreyning Yevropadagi sayohatlari boshlanib ketdi.

«Manchester Yunayted» safida Kanchelskis to‘liq 4ta mavsumni o‘tkazdi: 1991 yildan 1995 yilgacha. O‘sha davrlarda Shmeyxel, Kantona, Robson, Ins, Xyuz va Giggzlar bilan bir qatorda Kanchelskis ham jamoa yetakchilaridan biriga aylangandi. Bu vaqt oralig‘ida qahramonimiz ikki marta Angliya chempioni bo‘lishga erishdi, bundan tashqari, Angliya kubogi, Angliya Liga kubogi, Yevropa Superkubogi va ikki marta Angliya Superkubogini boshi uzra baland ko‘tardi. Aytish joizki, o‘sha Kanchelskislar o‘ynagan davrlarga qadar «Manchester Yunayted» uzoq yillar davomida (1967 yildan beri) Angliya chempionligini qo‘lga kirita olmay kelayotgan va Aleks Fergyusonning urinishlari samara berib, oradan 26 yil o‘tgach - 1993 yildagina chempionlik tantana qilingandi. Demak, keyinroq ser unvonini olgan Aleks Fergyusonning ulkan parvozini tarkibida aynan Kanchelskis bo‘lgan avlod boshlab bergan.

1994|1995 yillar mavsumida Fergyuson shogirdlari «Manchester Siti»ni 5:0 hisobida mag‘lub etadi va mazkur o‘yinda uchta gol urgan Andrey Kanchelskis Premer-liga tashkil qilinganidan keyin «xet-trik» qayd etgan «MYu»ning birinchi futbolchisiga aylanadi. «Manchester Yunayted»­dagi faoliyati davomida u jami 162 marta maydonga tushib, 36ta gol urishga erishgan.

1995 yilgi mavsumning so‘nggi o‘yinlarini jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan Kanchelskis yana tiklangach, maydonga kam tushayotganini ro‘kach qilib, Fergyuson bilan kelishmay qoladi. Natijada futbolchini o‘sha paytdagi rekord summa - 5,5 mln. funt-sterling evaziga «Everton»ga sotib yuborishadi. «MYu» safida 4ta yorqin mavsumni o‘tkazgan Andrey Kanchelskis shu tariqa maydondagi o‘z qanotini kelajak yulduzi - Devid Bekxemga bo‘shatib beradi.

Keyinchalik Kanchelskis «Fiorentina»da ham yorqin o‘yinlar ko‘rsatdi. O‘sha davrlarning yulduzlari bo‘lgan Franchesko Toldo, Rui Koshta va afsonaviy Gabriel Batistutalar Ukrainada tug‘ilgan futbolchining maydondagi jamoadoshlari edi.

So‘nggi qatordagi raqamlardan ko‘rib turganingizdek, Kanchelskis 37 yoshida ham Rossiya Premer-ligasida binoyidek to‘p surgan. Shaxsan o‘zim Kanchelskisni sobiq ittifoqdan yetishib chiqqan futbolchilar orasida Andrey Shevchenkodan keyin ikkinchi o‘ringa qo‘ygan bo‘lardim. To‘g‘ri, qaysidir jihatdan undan o‘tadiganlar bo‘lishi mumkin, shuning uchun buni umumiy baholash sifatida izohlasa bo‘ladi.

MURABBIY KANChELSKIS

Kanchelskisning futboldagi yillari qanday yuqori saviyada o‘tgan bo‘lsa, murabbiylikdagi davri shu darajada muvaffaqiyatsiz va omadsiz kechgan. Qayerda ishlamasin, qayerga bormasin, jamoalar tugatilavergan yoki pastga tushib ketavergan.

Shunday qilib, o‘zining futbolchilik faoliyatini tugatgan Andrey Kanchelskis 2007 yilning fevralida Novotroitskning «Nosta» klubi rahbariyati taklifiga binoan jamoa bosh direktori lavozimida ishlay boshlagan. Ushbu klubda to shartnoma yakuniga qadar - 2009 yilning oxirigacha ishlagan. Bu davrda «Nosta» Rossiya 1-ligasida ishtirok etdi, lekin Kanchels­kis uchun murabbiylik ishi endi boshlanayotgandi.

2009 yilning dekabrida ilk bor o‘zini murabbiylikda sinab ko‘rishga ahd qilgan Andrey Kanchelskis Moskvaning yangi tuzilgan «Torpedo-ZIL» jamoasi ustoziga aylandi. Aksariyat futbol muxlislari ushbu klubni oldinlari bizning Ulug‘bek Baqoyev to‘p surgan «Torpedo-ZIL» bilan adashtirishadi. Milliy jamoamiz hujumchisi o‘ynagan klubning nomi keyinchalik «Torpedo-Metallurg», oxirida FK «Moskva»ga o‘zgargan. Kanchelskis bosh­qargan «Torpedo-ZIL» esa mutlaqo boshqa jamoa. Rossiyaning hisob bo‘yicha 3-ligasi sanalgan Ikkinchi divizionda (G‘arb mintaqasi) Kanchelskis «Torpedo-ZIL» bilan bor-yo‘g‘i bir yil ishladi, xolos. Ya’ni 2010 yilning dekabrigacha. Jamoa garchi 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsada, moliyaviy muammolar tufayli ko‘p o‘tmay uning tugatilishi ma’lum bo‘ldi va yakunda Kanchelskis u yerdan ketdi.

2011 yilning boshida qahramonimizga Boshqirdiston prezidenti Rustem Xamitov tomonidan yangi tuzilayotgan «Ufa» jamoasini boshqarish taklifi tushdi. Klub tomonidan murabbiy oldiga qo‘yilgan maqsad - jamoani ikki yil ichida Rossiya Premer-ligasiga olib chiqish edi. Lekin oradan bir yarim yil o‘tib natijalar ko‘rinavermagach, ikki tomonning kelishuviga binoan - 2012 yilning may oyida shartnoma bekor qilindi. Shu muddat oralig‘ida Andrey Kanchelskis o‘z boshqaruvidagi jamoani hattoki, Rossiya birinchi ligasi sanalgan FNLga ham olib chiqolmadi - bu ikkinchi omadsizlik edi.

2012 yilning yakunida Kanchelskis nihoyat, Rossiya Premer-ligasida - Nijniy Novgorodning «Volga» klubida taniqli mutaxassis Gadji Gadjiyevga yordamchi murabbiy sifatida ish boshladi. Lekin bu jamoadagi faoliyat ham uzoqqa bormadi - 2013 yilgi mavsum yakuniga ko‘ra 12-o‘ringa joylashgan «Volga» o‘z murabbiylari bilan ham xayrlashdi.

Bir yil o‘tib, Kanchelskisni Litvaga chorlashdi. Bu yerda ancha obro‘li bo‘lgan «Yurmala» klubi mutasaddilari undan umidvor edilar. Lekin bu safar ham yurish uzoqqa bormadi. 2014 yilning sentyabrida bosh murabbiy sifatida ish boshlagan qahramonimiz bor-yo‘g‘i ikki oydayoq jamoadan ketdi.

Va nihoyat, oxirgi jamoa - Rossiya quyi divizioni vakili «Solyaris» klubi. Bu yerda Kanchelskis 2016 yilning yanvaridan to apreliga qadar - atigi uch oy ishladi, xolos. Xuddi «Torpedo-ZIL» kabi, «Solyaris» futbol klubining ham tugatilishi haqidagi mish-mishlar oxiri rost bo‘lib chiqdi va qahramonimiz bu yerdan ham ketishga majbur bo‘ldi.

G‘AROYIB KANChELSKIS

Ko‘rib turganingizdek, ba’zida o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan muammolar bilan, ba’zan esa o‘zini ko‘rsatishga vaqt bo‘lmaganidanmi, ishqilib, Andrey Kanchelskis murabbiylik sohasidagi 10 yillik faoliyati davomida biror marta qoniqarli natijaga erishmagan.

Kanchelskis Rossiya futbol jamoatchiligi orasida ham ancha mashhur shaxslardan sanaladi. Uning internet-nashrlarda muttasil fikrlari berib borilishiga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz. Shu bilan birga, Kanchels­kis faoliyatidagi ba’zi bir qiziq voqealarni ham aytib o‘tmay ilojimiz yo‘q. Masalan, «Ufa» klubida ish boshlagan paytlari uning jamoasi dastlabki o‘yinlarda juda-juda muvaffaqiyatsiz ishtirok etgan. Ketma-ket bir nechta uchrashuvlarda gol urilmagani hammasidan o‘tib tushgan. Hujumdagi muvaffaqiyatsizliklarni Kanchelskis «Dinamo» stadionidagi noxush aura (yomon ruhiy hol) bilan izohlagan. Natijada, ahvolni o‘nglash uchun... ruhoniy chaqirishgan! U rasmiy diniy marosim orqali maydon va darvozani «ruhiy tozalash»ga harakat qilgan. Shunga qaramay, «Ufa»ning hujumida biror narsa o‘zgarib qolmadi. O‘z oldiga qo‘yilgan vazifalar bajarilmagach, jamoa bosh direktori Aleksey Oshepkov bilan birgalikda Kanchelskis ham vazifasidan ozod etilgan.

Yaqinda yakunlangan jahon chempionatidan oldin Kanchelskis mazkur musobaqaga tayyorlanayotgan Rossiya termasini ayovsiz tanqid qilgandi. Bunga javoban bosh murabbiy Stanislav Cherchesovning yordamchisi Miroslav Romashenko aytgan gaplar: «Umuman tamom bo‘lgan Kanchelskis. Men unga chin qalbimdan achinaman. Shunday davrlar bo‘lganki, u bilan suratga tushish payida yurardim. Men uchun haqiqiy kumir edi. U aslida Kirovograddan, men esa Pavlograddan - deyarli qo‘shnilarmiz. Yakun: 2018 yilda men uni hovlida ko‘rdim. G‘irt mast edi va nimalardir deb aljirardi. Unda o‘tmishidan boshqa hech narsa qolmagan! Ichida hech vaqo yo‘q, quruq bosh, xolos».

Albatta, bu jahl ustida aytilgan gaplar edi. Shunga qaramay, Kanchels­kisning murabbiyligi borasida ijobiy fikr bildirganlar ham yo‘q emas. Andrey Kozlov (hozirda «Yenisey» klubi hujumchisi, «Ufa» safida uning qo‘l ostida o‘ynagan): «Kanchelskis motivatsiya borasida juda zo‘r murabbiy edi. Hammani ishontira olardi, kuchli ruhiy ta’sir qilardi. O‘yinchilarga kerakli zaryadni berardi. U bilan ishlagan paytlarimdagi his-tuyg‘ularimni hozir so‘z bilan ifodalay olmayman».

Xullas, yangi murabbiy haqida turli-tuman qarama-qarshi fikrlar mavjud. Lekin uning «Navbahor»ni qay tarzda olib ketishini, albatta, vaqt ko‘rsatadi...
Behzod AHMADJONOV

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Namangan buyuk futbolchini olib keldi! Shuningdek, omadsiz murabbiyni ham…