Ektor Kuper: «Biz Osiyo Kubogiga tayyormiz»

  • 08 yanvar 2019, 20:00
  • 949
  • Sport
  • Ektor Kuper: «Biz Osiyo Kubogiga tayyormiz»
    Osiyo Kubogi guruh bosqichining 1-turiga yakun yasab beruvchi O‘zbekiston – Ummon uchrashuvi oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanining birinchi qismida O‘zbekiston termasi bosh murabbiyi Ektor Kuper va jamoa sardori Odil Ahmedov ishtirok etdi.

    «Aytishim mumkinki, biz faqatgina Ummon bilan o‘yinga emas, butun Osiyo Kubogiga diqqat qaratgan holda tayyorgarlik ko‘rib keldik. Yuqori tempda mashg‘ulotlar olib bordik. Tayyorgarligimizga baho berish uchun ertangi o‘yinga qaraganimiz ma’qul», – dedi Kuper anjumanning kirish qismida.

    «Hammani Osiyo chempionati boshlangani bilan tabriklayman. Ertaga ikki jamoani ham juda qiziqarli o‘yin kutib turibdi. Ertaga biz uchun ijobiy kun bo‘lishini va g‘alaba qozonishni xohlardik», – deya o‘yinoldi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi Odil Ahmedov.

    – Ummon Fors ko‘rfazi chempioni bo‘ldi. Bu terma jamoaga qanday baho berasiz, uni qay darajada o‘rganib chiqdingiz?
    – Ummonni yaxshi terma jamoa deyish uchun uning kuchini maydonda ko‘rishimiz kerak. Ular muhim musobaqa – Fors ko‘rfazi kubogida g‘alaba qozonishdi, ammo ular buni ertaga ham maydonda ko‘rsata olishlari kerak. Biz barcha raqiblarimizni hurmat qilamiz, shular qatorida Ummonni ham; ammo ulardan hech qachon qo‘rqmaymiz.
    Osiyo Kubogida har qanday syurprizlar kuzatilishi mumkin. Har qanday jamoa qanchalik kuchli ekanini maydonda isbotlashi kerak.

    – (Savol Odil Ahmedovga) Ummon terma jamoasining asosiy darvozaboni Al Habsi Osiyo Kubogida ishtirok etmayapti. Bu jamoangizga qanchalik qo‘l keladi, deb o‘ylaysiz?
    – Bu Ummon terma jamoasi uchun haqiqatan ham katta yo‘qotish bo‘ldi. Bu darvozabonni yaxshi bilaman, u – kuchli darvozabon. Agar bu yo‘qotish bizga qo‘l kelsa, bundan xursand bo‘lardim.

    – Janubiy Koreya bilan o‘rtoqlik o‘yinidan keyin deyarli 50 kun o‘tdi, bu vaqt mobaynida birorta ham o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazmadi. Bu holat sizni xavotirga solmayaptimi?
    – Chempionat oldidan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazmaslik qarorini men qabul qildim va bundan xavotirga tushayotganim yo‘q. Bu borada muammo yo‘q. Men Osiyo Kubogida ishtirok etadigan terma jamoalar bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishga yo‘q demagan bo‘lardim, ammo bu turnirda qatnashmayotgan jamoalarga qarshi o‘ynashni ma’qul topmadim. Shu bilan birga, jarohatlarning oldini olish uchun ham shunday yo‘l tutdik.

    – Terma jamoani qabul qilib olganingizda bir oydan so‘ng jamoa haqida umumiy tasavvur hosil qilasizlar, degandingiz. O‘tgan vaqt davomida o‘zingiz istagandek jamoa va o‘yinni shakllantira oldingizmi?
    – Yetarlicha vaqt birga ish olib bordik. Tayyorgarlik vaqtida ko‘p narsalarni o‘zgartirdik. Hech qaysi murabbiy biz ertaga maydonga chiqib, o‘zgacha va kutilmagan uslubda to‘p suramiz, deb kafolat bera olmaydi. Aytib o‘tganimdek, ko‘p jihatlarda o‘zgarishlarga qo‘l urdik, buni ertangi o‘yin ko‘rsatib beradi. Ertaga tomoshabop futbol namoyish etamiz, bu hamma muxlislarga yoqadi.

    – (savol Odil Ahmedovga) Termaning jismoniy holati doimiy ravishda tanqid qilib kelinadi. Jamoaning fizik tayyorgarligi qay darajada bo‘ldi?
    – Mashg‘ulotlarimizda jismoniy tayyorgarlikka qaratilgan. Bu jihatga ko‘proq e’tibor qaratyapmiz. Maydonda 90 daqiqa yugurish kerak. O‘ylaymanki, jismoniy tayyorgarlik yuzasidan muammo bo‘lmasligi kerak.

    Eslatib o‘tamiz, ertaga, 9 yanvar kuni «A» guruhida birinchi tur o‘yinlari o‘tkaziladi. Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da Yaponiya–Turkmaniston, 18:30 da O‘zbekiston–Ummon o‘yini boshlanadi. Dastlabki o‘yin Abu-Dabida, O‘zbekiston termasi ishtirokidagi bahs Sharja shahrida bo‘lib o‘tadi.

    » » Ektor Kuper: «Biz Osiyo Kubogiga tayyormiz»