14:45 / 22.01.2019
6 078

Jomadon, aeroport, Argentina – Kuper iste’foga chiqarilishi kerak!

Jomadon, aeroport, Argentina – Kuper iste’foga chiqarilishi kerak!
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper iste’foga chiqarilishi kerak. U terma jamoaga hech narsa berolmadi va bundan keyin ham berolmaydi, bunga ishonchim komil. Uning bosh murabbiy qilib tayinlanishini esa O‘FA tomonidan yo‘l qo‘yilgan jiddiy xato deb hisoblayman.

Gap O‘zbekiston terma jamoasining penaltilar seriyasida Avstraliyaga yutqazib, Osiyo Kubogini 1/8 finaldayoq tark etgani va o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani uddalay olmaganida emas. Vaholanki, musobaqadan oldingi balandparvoz va’dalarda terma jamoamiz Osiyo chempioni bo‘lishi haqida gapirilgan edi. Gap terma jamoaning o‘yinida o‘sish bo‘lmaganida, passiv va himoyaviy, qandaydir tushunarsiz, yoqimsiz futbol namoyish etganidadir.

Mag‘lubiyat bilan mag‘lubiyatning farqi bo‘ladi. 2007 yili Osiyo Kubogi chorakfinalida biz Saudiya Arabistoniga 1:2 hisobida yutqazganmiz. Ammo qanday yutqazgan edik? Terma jamoa juda chiroyli va hujumkor o‘yin namoyish qilgan, faqat hakamning qo‘pol xatosi tufayli, biz urgan gol inobatga olinmaganidan so‘ng, musobaqani alamli tarzda tark etgan edi. O‘sha mag‘lubiyatdan so‘ng, futbolchilarni ayblashga hech kimning tili bormagan, hatto OFK prezidenti hakamning xatosi uchun shaxsan bizdan uzr so‘ragan edi.

Ektor Kuper nima uchun terma jamoaga tayinlandi?
Kuper tayinlanganida uning avvalgi yutuqlari tilga olindi. «Valensiya» bilan Chempionlar Ligasi finaliga 2 marta chiqqani, Misr terma jamoasi bilan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani baralla aytildi. Qayd etishga arziydi - 2000 yilda UYeFA uni eng yaxshi murabbiyi deb e’tirof qilgandi.

Biroq, Kuperning murabbiylik faoliyatida muvaffaqiyatsiz o‘tgan, ba’zan esa yaqqol barbod qilingan yillar bo‘lgan. Ular esa yutuqli davrlarga qaraganda ko‘proq, bu jihatlarga negadir e’tibor qilinmadi. «Valensiya» bilan qo‘lga kiritilgan yutuqlardan so‘ng, Kuper «Inter» bilan Italiya A Seriyasida 2-o‘rinni egallagan. Shundan keyin uning faoliyati tubanlikka qarab ketadi: «Malorka» klubini Primerada so‘nggi o‘rinni egallab turganida tark etadi, «Betis»da muvaffaqiyatsiz mavsum o‘tkazadi, «Parma» klubida atigi 2 oy ishlab, qoniqarsiz natijalar tufayli iste’foga chiqariladi. Gruziya terma jamoasini birorta o‘yinda g‘alaba qozonmay tark etadi, «Rasing» klubida qoniqarsiz natijalar tufayli, mavsumni oxiriga qadar yetkaza olmaydi, Turkiyaning ommaga tanish bo‘lmagan «O‘rduspor», Gretsiyaning «Aris», BAAning «Al-Vasl» klublarida ham uzoq ushlanib qolmaydi. O‘FA bu ma’lumotlarni tahlil qilib ko‘rganmikan?

2015 yilda Kuper Misr terma jamoasini qo‘lga olib, u bilan Afrika Millatlari Kubogi finaligacha yetib bordi, keyinchalik JCh-2018 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Balki O‘FA shu yutuqlardan ilhomlangandir? Bu g‘alabalarga Kuperning asosan muvaffaqiyatsiz o‘tayotgan faoliyatidagi istisno tariqasida qarash mumkin. Chunki, Misrda so‘nggi yillarning zo‘r hujumchilaridan biri Muhammad Saloh bor edi. Terma jamoaning yuki asosan uning yelkasiga tushdi. Futbolchi jarohat olishi bilan Misr nursiz o‘yin namoyish qiladigan o‘rtamiyonaga aylandi qo‘ydi (JCh-2018 guruh bosqichini eslash kifoya).

Afsuski, bunday futbolchi Kuper boshqarayotgan O‘zbekiston terma jamoasida yo‘q edi. Natija qandayligi esa hammaga ayon. Demak, Kuperni dunyoning yaxshi murabbiylari qatoriga juda katta istisnolar bilan qo‘shish mumkin xolos.

2018 yil avgust oyida Ektor Kuper O‘zbekiston terma jamoasiga bosh murabbiy qilib tayinlandi. Jahon chempionati saralashidagi inqirozdan keyin katta o‘zgarishlarni amalga oshirishini e’lon qilgan O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining bu tanlovi ishtiyoq bilan kutib olindi. Faqat ba’zi xorijlik jurnalistlar bu tayinlovdan hayron qolib, taajjubga tushishdi xolos. Ularning fikriga ko‘ra, himoyaga asoslangan, passiv va yillar davomida siyqasi chiqib, hech kimga sir bo‘lmagan uslubni qo‘llaydigan, hech qachon yoshlar bilan ishlay olmaydigan, iqtidorlarni kashf qilolmaydigan Kuper O‘zbekistonga mos murabbiy emasdi.

Terma jamoa 12 yildan beri xorijlik murabbiy qo‘l ostida o‘ynamagani sababli, biz Kuperga umid va ishonch bilan qaradik, unga imkon berilishini istadik, ko‘p narsani o‘zgartira olishiga ishondik.

2018 yil yanvar oyida Ravshan Haydarov qo‘l ostidagi O‘zbekiston U23 terma jamoasi Osiyo chempionatida g‘alaba qozongan edi. Bu yigitlar terma jamoamizning keyingi avlodi sifatida Osiyo Kubogida ham ishtirok etishini umid qilgan edik. Xo‘sh, Kuper bu futbolchilardan nechtasini Osiyo Kubogida maydonga tushirdi? Roppa-rosa ikki nafarini – Javohir Sidiqov va Doston Hamdamov.

Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida 6ta gol urib, to‘purar bo‘lgan qatarlik Ali Almuiz va 5ta gol bilan bu ro‘yxatda ikkinchi o‘rinni olgan vetnamlik Nguyen Quang Hai ismi sizlarga tanishdek tuyulmayaptimi? Ha, ular mana shu Osiyo Kubogida ham ishtirok etishmoqda va tema jamoasining yetakchisiga aylanishgan. Almuiz esa (hozircha) 7ta gol bilan Osiyo Kubogi to‘purarlari ro‘yxatini boshqarib turibdi.

Xo‘sh, Osiyo chempioni bo‘lgan qaysi futbolchilarimiz Kuper qo‘l ostida terma jamoada o‘ynab keta olishdi? Qaysi birining o‘yini ochilib, haqiqiy kashfiyotga aylandi? Osiyo chempionatining eng yaxshi futbolchisi bo‘la olgan Odiljon Hamrobekov Osiyo Kubogida birorta o‘yinda maydonga tushirilmadi. Kuper unga bir daqiqa ham imkoniyat bermadi. Ammo allaqachon motivatsiyani yo‘qotgan va fikru xayoli Portugaliyaning «Nasonal» klubiga jarohatsiz yetib borish niyatida bo‘lgan Sardor Rashidov esa o‘ynadi.

Kuper hech qachon yoshlar bilan ishlay olmagan. Eron terma jamoasi ustozi Karlush Keyrushdan, Xitoy terma jamoasi bosh murabbiyi Marchello Lippidan farq qilgan holda, uning qo‘l ostida yosh futbolchilarning o‘yini o‘smagan, iqtidorlar kashf qilinmagan. Menimcha, bunday murabbiy O‘zbekiston terma jamoasiga kerak emas.

Osiyo Kubogidan oldin Kuper birorta terma jamoa bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishga ruxsat bermadi. Qanchalik g‘alati bo‘lmasin, O‘zbekiston terma jamoasi yirik musobaqadan oldin o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazmagan yagona terma jamoa bo‘ldi. Kuper buning sababi sifatida «jarohatlardan qo‘rqishi»ni aytdi. Ammo, haqiqiy sabab – Kuperning «o‘ziga xos uslubi va taktikasini sir saqlash» edi. Natijasi esa hammamizga ayon – super maxfiylikni saqlagan O‘zbekiston Kuperning «olamshumul taktikasi» bilan kuchli sakkizlikka ham kirolmadi. Bunday inqirozli holat oxirgi marta 19 yil oldin kuzatilgan edi.

Ummonga qarshi dastlabki o‘yinni (2:1) biz tasodifan yutdik, shunchaki, omadimiz keldi. Raqib juda ko‘p qulay vaziyatlardan foydalana olmadi. Nesterovning qahramonligi bo‘lmaganida, biz balki yirik hisobda yutqazishimiz mumkin edi. Biz bu bahsda «chorig‘imizni zo‘rg‘a sudrab qoldik». Gapga chechan Kuper matbuot anjumanida nima degani e’tiborga loyiq: «Men hisob 1:1 bo‘lib turganida ham g‘alaba qozonishimizga ishongan edim». G‘alati gaplar... Hisob hatto 2:1 bo‘lib turganida ham, to hakam hushtagi yangraguncha muxlislar yurak hovuchlab o‘tirishdi. Ummon terma jamoasi bizni o‘z jarima maydonimizga qamab qo‘ygan edi.

Turkmaniston terma jamoasi bizga munosib raqib emas. Bizning darajamizdagi raqib emas. Bu o‘yindagi yirik g‘alabani Kuperning yutug‘i sifatida ko‘rmaslik kerak. Biz Turkmanistonni har qanday murabbiy qo‘l ostida mag‘lub eta olamiz.

Yaponiyaga qarshi guruhning so‘nggi o‘yini hamma narsaga oydinlik kiritdi. Bizning haqiqiy saviyamizni ko‘rsatib berdi. Raqib asosiy tarkibning 7 futbolchisini zaxirada qoldirib, osonlikcha bizni mag‘lub etdi. Hatto, buning uchun ortiqcha kuch sarflab, chiranib ham o‘tirmadi. Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya kabi Osiyo grandlari guruh bosqichida unchalik jon kuydirib o‘tirishmaydi. Asosiy e’tiborni pley-offga qaratishadi. Biz ularning qatoriga kirmaymiz. Ammo biz Kuperdan boshqa narsani, terma jamoani kuchli raqiblarni yuta oladigan darajaga olib chiqishini istagan edik.

Nimchorakfinalda Avstraliya bilan o‘ynadik. Bellashuvdan oldin Kuper Avstraliya kuchsiz ekanini, bemalol g‘alaba qozonishimiz mumkinligini ta’kidladi. Ha, bu o‘yinda gol o‘tkazmadik, tarixda ilk marotaba Avstraliya bizga gol urolmadi (xursand bo‘ladigan narsamizga qarang). Ammo, statistikaga qaraymiz: raqib darvozamiz tomon qancha zarba yo‘lladi? 17ta! Ulardan 9tasi darvoza sohasiga borgan. Bizning ko‘rsatkichimiz qanday? 6:2! Mana «kuchsiz» bo‘lgan Avstraliya bilan O‘zbekistonning farqi – biz bu o‘yinda autsayderlarga xos o‘ynadik.

Terma jamoani nima kutmoqda?
Ignatiy Nesterov tez orada terma jamoadagi faoliyatini yakunlashini aytdi. Odil Ahmedov, Anzur Ismailov, Marat Bikmayevning yoshi 30dan oshdi, Islom To‘xtaxo‘jayev va boshqa bir qancha futbolchilar yoshi 30ga yaqinlashdi. Vaqt o‘tgan sayin terma jamoa yukini tortish ular uchun mushkullashib boraveradi. Avlodlar almashinuvi, «yangi qon» haqida o‘ylashga to‘g‘ri keladi. Aslida bu narsalar Kuper tayinlangan vaqtdayoq xayolimizga kelgan edi. Ammo u yoshlarga imkon bermadi, ularni katta musobaqa o‘yinlari bilan toblamadi, tajriba to‘plashiga sharoit yaratmadi. Natijani boy berib bo‘lsa-da (aslida natija salbiy bo‘ldi), terma jamoaning o‘zagini yangilamadi.

O‘FA Kuperni tanlab adashdi. U bizga mos, biz kutgan murabbiy emas. Menimcha, Osiyo Kubogida guruhdan chiqish va nimchorakfinaldayoq uyga qaytish masalasini o‘zbekistonlik mutaxassislar ham bemalol eplay olishardi. Shu paytgacha eplab kelishgan. Kuperning maoshi qancha ekani oshkor qilinmagan, ammo o‘zimizni murabbiylar uning hozirgi natijalariga ancha kam sarf-xarajat bilan erishgan bo‘lishardi.

Kuperga tashakkur e’lon qilib, u bilan xayrlashish lozim. Bizga yosh iqtidorlarni kashf qilishga qodir bo‘lgan, ularga ishonch bildirib, oyoqqa turg‘izadigan, yosh futbolchilarning o‘yinini o‘stiradigan xorijlik murabbiy kerak. Boshqachasi o‘zimizdayam to‘lib yotibdi.
Nurmuhammad Said

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jomadon, aeroport, Argentina – Kuper iste’foga chiqarilishi kerak!