Jokovich Nadaldan ustun keldi va Australian Open tarixiga kirdi

  • 27 yanvar 2019, 16:46
  • 935
  • Sport
  • Jokovich Nadaldan ustun keldi va Australian Open tarixiga kirdi
    Melburnda erkaklar o‘rtasida Australian Open finali bo‘lib o‘tdi. Unda jahonning birinchi raqamli raketkasi, serbiyalik Novak Jokovich uch set davom etgan (2 soat) bahsda turnirga ikkinchi raqam ostida saralangan ispaniyalik Rafael Nadaldan ustun keldi – 6:3, 6:2, 6:3.
    Shu tariqa, Jokovich Avstraliya Ochiq chempionati tarixida 7 marta chempion bo‘lgan yagona sportchiga aylandi.

    Bundan tashqari, Melburndagi g‘alaba evaziga Novak «Katta dubulg‘a» turkumidagi turnirlarda qo‘lga kiritgan sovrinlari sonini 15taga yetkazib, bu borada ham peshqadam bo‘lib oldi. Bu borada eng yaxshi birinchi va ikkinchi natijalar Rodjer Federer (20) va Rafael Nadalga (17) tegishli hisoblanadi.

    Nadal yarim finalda Stefanos Sitsipasni mag‘lub etgandi (gretsiyalik bu tennischi nimchorak finalda turnirning amaldagi g‘olibi Rodjer Federerni uyiga erta jo‘natgandi), serbiyalik tennischi esa final ostonasida fransiyalik Lyuka Puini taslim qilgandi.

    Qayd etish kerakki, bu Jokovich va Nadalning o‘zaro 53-to‘qnashuvi bo‘ldi (bu borada bu juftlik yetakchi, ikkinchi o‘rinda Jokovich va Federer to‘qnashuvi - 48 marta). Bugungi g‘alabadan keyin Jokovich Nadalni 28-25 hisobida ortda qoldirmoqda.

    E’tiborli tomoni, Melburnda, Avstraliya Ochiq chempionati doirasida Rafael va Novak faqat bir marta uchrashgan, bu 2012 yilgi finalga to‘g‘ri keladi, o‘shanda ham serbiyalik tennischi qariyb 6 soat davom etgan bahsda ustun kelgandi.

    Bugungi final Nadal uchun «Katta dubulg‘a» turkumidagi turnirlarda 25-final bo‘ldi, Jokovich uchun esa – 24-final.
    Qayd etish kerakki, Jokovich va Nadal ikkisi bir bo‘lib «Katta dubulg‘a» turkumidagi turnirlarning oxirgi 35tasidan 24tasida g‘olib chiqishgan.
    2018 yilda Avstraliya Ochiq chempionatida finalda xorvatiyalik Marin Chilichdan ustun kelgan shveysariyalik Rodjer Federer chempion bo‘lgandi.

    Australian Open
    Melburn, Avstraliya

    14 – 27 yanvar
    «Katta dubulg‘a» turniri

    Sovrin jamg‘armasi – 60 000 000 Avstraliya dollari
    Ochiq kortlar, xard
    Yakkalik razryad

    Final
    Novak Jokovich (Serbiya) – Rafael Nadal (Ispaniya)
    6:3|6:2|5:3

    » » Jokovich Nadaldan ustun keldi va Australian Open tarixiga kirdi