22:23 / 11.06.2019
2 238

Kuper yettinchi g‘alabasini Suriya ustidan qo‘lga kiritdi (batafsil sharh)

Kuper yettinchi g‘alabasini Suriya ustidan qo‘lga kiritdi (batafsil sharh)
Ektor Kuperning O‘zbekiston terma jamoasi rulidagi oltinchi yig‘ini doirasidagi uchinchi o‘rtoqlik bahsi Suriya terma jamoasiga qarshi o‘tkazildi. Bunga qadar terma jamoamiz mazkur yig‘in doirasida dastlab Turkiya (0:2), keyinchalik Toshkentda KXDR (4:0) bilan kuch sinashgandi.

Bu gal esa Kuper O‘zbekiston terma jamoasi rulidagi debyut bellashuvini o‘tkazgan va o‘shanda durang qayd etgan Suriya bilan to‘qnashdi. Kuper uchun eski tanishga aylangan Suriya bilan argentinalik mutaxassisning o‘zaro hisob-kitobi qolgandi.

Kuper mazkur o‘yinga Turkiya bilan tushirgan tarkibiga qaraganda ikkita o‘zgarishga, KXDRga qarshi bahsga solishtirganda esa 7ta o‘zgarishga qo‘l urdi. Ya’ni, Turkiya bilan o‘yinni boshlang‘ich tarkibda boshlagan Krimets o‘rniga markaziy himoyaga Islom To‘xtaxo‘jayev tushgan bo‘lsa, yarim himoya markazida Musayevni O‘runov almashtirdi. KXDR bilan boshlang‘ich tarkibda ko‘rinish bergan Ismoilov, Hamrobekov, Ahmedov va Masharipov ketma-ket uchinchi bahsda ham asosiy tarkibda tushgan futbolchilarga aylanishdi. Dastlabki ikkita o‘rtoqlik bellashuvida umuman maydonga tushmagan Islom To‘xtaxo‘jayevga esa bu gal Kuper imkon berdi.

O‘yin qaydnomasidan esa ikkita darvozabonlar Botirali Ergashev va Sanjar Quvvatov, shuningdek "Lokomotiv" futbolchisi Sardor Mirzayev tushib qolishdi.

Bevosita o‘yinga keladigan bo‘lsak, O‘zbekiston bahsni odatdagidek 4-3-3 taktik sxemada boshladi. Suriya esa hozirgi zamonaviy futbolning klassik joylashuviga aylangan 4-2-3-1da o‘ynadi.

Birinchi bo‘limni vakillarimiz ishonchli o‘yin bilan boshlashdi. Ayniqsa Ahmedovning jonbozligi va faolligi evaziga terma jamoamiz maydonda o‘z ustunligini tezkorlik bilan hisobda ham aks ettirdi. Odil Ahmedov markazda pressingga kirishib, to‘pni raqibdan olib qo‘ydi va hujumga o‘tib, ochilib borayotgan Shomurodovni qulay vaziyatga chiqardi. Eldor Shomurodov esa raqib bilan yakkama-yakka kurashda muvozanatini yo‘qotmadi hamda darvozani aniqlik bilan ishg‘ol qildi - 1:0.

Shundan so‘ng Ahmedovning yana jonbozligi evaziga to‘p raqibdan olib qo‘yildi va yana Shomurodov raqib darvozasi oldida keskinlik yaratdi. Biroq bu safar Shomurodovning o‘ylagan rejasi ish bermadi.

Mazkur hujumdan keyin Suriya terma jamoasi ham faollikni oshirdi va o‘yinni o‘z jarima maydonchasi oldidan uzoqlashtirib, terma jamoamiz darvozasi oldida standart vaziyatlari orqali xavf tug‘dirishga urindi. Asosan standart va uzun paslar orqali hujum qiladigan mazkur terma jamoaning xavflarini gohida himoyachilarimiz bartaraf etishgan bo‘lsa, ikkita vaziyatda Suyunov O‘zbekistonni goldan qutqardi.

Birinchi bo‘lim so‘nggiga yaqin esa Jaloliddin Masharipovning uzatmasini qabul qilgan va to‘pni darvozaga aniq yo‘llagan Eldor Shomurodov terma jamoamizni tanaffusga 2:0 hisobidagi ustunlik bilan olib chiqib ketdi.

Ikkinchi bo‘limda o‘yin tizgini ko‘proq Suriya tarafda bo‘ldi. Hisobdan kelib chiqib oldinga tashlangan Suriya terma jamoamiz mudofaa chizig‘i oldida qator hujumlar tashkil etishga urindi. Terma jamoamiz esa himoyada mustahkam o‘ynab, tashabbusni qaytarib olishga ko‘p ham urinmadi. Kuper ikkinchi bo‘limda terma jamoaga endi taklif etilgan yangi futbolchilarga ko‘proq imkoniyat berish maqsadida ularni tushirdi. Natijada markaz butunlay yangilandi.

Bu esa o‘yin borishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Yetakchilar maydonni tark etgach ustunlik to‘liq raqiblar tarafga o‘tdi. Biroq terma jamoamiz pozitsion jihatdan himoyalanishda diqqat bilan o‘ynadi. Garchi Suriya ko‘proq tashabbusga ega bo‘lgan bo‘lsada, darvozamiz oldida chinakamiga xavfli vaziyatlar sodir etishga erishmadi. Asosan standart vaziyatlariga tayanib o‘ynagan raqiblarning ko‘plab hujumlari yo‘liga himoyachilar va darvozabonimiz tug‘anoq bo‘ldi.

Keskin kurashlar ostida o‘tgan bahsda terma jamoamiz Shomurodovning dubli evaziga g‘alabani tantana qildi.
Shu tariqa Ektor Kuper terma jamoamiz rulidagi 15-uchrashuvda o‘zining 7-g‘alabasini rasmiylashtirdi.

Mazkur yig‘in doirasidagi uchinchi o‘yinda ham ikkinchisida bo‘lgani kabi g‘alaba qozonildi.

Yig‘inga taklif etilgan 26 futbolchidan 24 nafariga esa bo‘lib o‘tgan uchta o‘rtoqlik bahsida imkoniyat berildi. Faqatgina to‘rt darvozabondan ikkitasi, ya’ni Botirali Ergashev va Javohir Ilyosov maydonga tushirilmadi. Qolgan barcha futbolchilar esa o‘z imkoniyatlarini olishdi.

O‘zbekiston terma jamoasi mazkur yig‘in davomida 3 o‘yinda 2 g‘alaba (KXDR 4:0, Suriya 2:0) va 1 (Turkiya 0:2) mag‘lubiyat qayd etdi. To‘plar nisbati: 6-2.

E’tiborlisi, kiritilgan gollarga Shomurodov (2), Ahmedov, Abduxoliqov, Sergeyev va Tursunov mualliflik qilishdi. Mazkur yig‘in davomida terma jamoamiz safidagi barcha hujumchilar gol urishga muvaffaq bo‘lishdi.

O‘ZBEKISTON - SURIYa 2:0
Gollar:
Eldor Shomurodov 3, - 1:0. Eldor Shomurodov 42, - 2:0.

O‘zbekiston: 25.Eldor Suyunov, 4.Farruh Sayfiyev (13.Oleg Zoteyev, 74), 5.Anzur Ismoilov, 6.Davron Hoshimov, 7.Odiljon Hamrobekov (18.Fozil Musayev, 60), 9.Odil Ahmedov (23.Xurshid G‘iyosov, 75), 10.Jaloliddin Masharipov, 14.Eldor Shomurodov (17.Igor Sergeyev, 79), 19.Oston O‘runov (8.Ikrom Aliboyev, 60), 20.Islom To‘xtaxo‘jayev, 21.Quvondiq Ro‘ziyev (22.Doston Ibragimov, 67)
Zaxira: 1.Javohir Ilyosov, 2.Xojiakbar Alijonov, 3.Doston Tursunov, 11.Timurxo‘ja Abduxoliqov, 15.Yegor Krimets, 24.Akrom Komilov.

Suriya: 1.Ibrohim Alma, 3.Muayad Al Ajan, 5.Omro Midani (4.Shib Al Ali, 46), 6.Amro Jenyat, 8.Mahmud Al Mavas (11.Abdul Malik Al Anizan, 77), 12.Muhammad Al Vakid, 13.Ahmad Al Ahmad (10.Firas Al Xatib, 65), 14.Tami Xoj Muhammad, 19.Ahmad Ashkar, 20.Xolid Al Mbayed, 21.Muhammad Al Marmur (16.Hamid Mido, 84).
Zaxira: 23.Ahmad Madaniyeh, 22.Xolid Al Xojiotman, 15.Ala Al Shbli, 17.Ahmad Dib.

Ogohlantirishlar: Mahmud Al Mavas 48, Abdul Malik Al Anizan 90+4

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kuper yettinchi g‘alabasini Suriya ustidan qo‘lga kiritdi (batafsil sharh)