Aeroportdan “Tashkent City”gacha osma vagonda borish loyihasi (foto)

  • 6-11-2018, 13:20
  • 2 356
  • Texnologiya
  • Aeroportdan “Tashkent City”gacha osma vagonda borish loyihasi (foto)
    "RTO" MChJ tomonidan taqdim etilgan surat
    Samolyotda Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ngan yo‘lovchilar terminaldan platformaga o‘tib, o‘sha yerdagi qulay osma vagonga chiqishadi. Eshiklar yopiladi va u yer ustida harakatlanishni boshlaydi.

    Oynalardan poytaxtimizning betakror manzaralarini tomosha qilish mumkin. Biroq bunday yoqimli safar uzoq davom etmaydi: yo‘lovchilar o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas, bir nechta bekatlardan so‘ng “Tashkent City” yaqinidagi “Xalqlar do‘stligi” metrosida joylashgan so‘nggi manzilga yetib kelishadi.

    — Hozircha bunday qulaylikni yo‘lga qo‘yish faqat rejamizda mavjud, — deydi samimiy tabassum bilan Moskvaning “RTO” MChJ bosh direktori Ivan Filyayev. — Biz ana shunday g‘oyalar bilan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ilk bor o‘tkazilgan hududlararo hamkorlik forumiga tashrif buyurdik. Shu asosda Toshkentda “Strela” yer usti transport tizimini (YeTT) yaratishni taklif etdik.

    Rus texnika uyushmasi mutaxassislari tomonidan tayyorlangan jamoat transportining mazkur yangicha ko‘rinishi ishlanmasi aeroportlar va shahar atroflarini shahar transport infratuzilmasi bilan bog‘lashni nazarda tutadi. Binobarin, yo‘lovchilarni, ayniqsa, tig‘iz yo‘nalishlarda o‘z vaqtida manzillariga yetkazib qo‘yish jarayonlarini yengillashtiradi. “Strela” YeTT uchun yo‘llardagi tirbandliklarning ta’siri yo‘q. Sababi u bunday hududlarning ustidan o‘tadi. Demak, u yo‘l harakatiga, yo‘l harakati unga xalaqit bermaydi.

    “Strela”ning boshqa afzalliklari ham bor. U ekologik jihatdan toza, shovqin chiqarmaydi, shaharning zich joylashgan imoratlari ansambliga uyg‘unlashib keta oladi. Ushbu mexanizm mashinistsiz, ya’ni avtomatik tarzda boshqariladi.

    Uni barpo etish uchun trassadagi ob’ektlar, jumladan, turarjoylarni buzish shart emas. Faqatgina tayanchlar tagida ixcham uchastka bo‘lsa kifoya. Ekspertlarning fikricha, bu tizim samaradorligi, xavfsizligi va investitsiyaviy jozibadorligi jihatidan jahonda mavjud muqobillari hamda boshqa transport yechimlaridan afzal hisoblanadi.

    ...O‘zbekiston poytaxti transport infratuzilmasi bilan tanishgan rossiyalik mutaxassislar aeroportdan ayni paytda barpo etilayotgan “Tashkent City”gacha bo‘lgan yo‘nalishni tanlashdi. O‘rtadagi masofa olti kilometrga teng.

    — Bizning tizim shahar ichida shahar bunyod etishdek ulkan loyihani amalga oshirishda qo‘llaniladigan innovatsion yechimlarga to‘liq mos keladi, — deya ta’kidlaydi Ivan Filyayev. — Ayni chog‘da yer usti transport tizimi o‘ziga xos imidj yaratish xususiyatiga ham ega. Vaholanki, bunday texnikalarni yaqin-yaqinlargacha faqatgina kelajak haqidagi filmlarda ko‘rish mumkin edi. Endi esa bu real hayotga ko‘chmoqda. Jumladan, Moskva oblastining Krasnogorsk tumanida ana shunday loyihani amaliyotga joriy etmoqchimiz. Joriy yil oxirigacha infratuzilma ob’ektlari hamda dispetcherlik boshqaruvi markaziga ega mazkur tizim sertifikatlash jarayonidan o‘tkaziladi. Barcha kelishuvlardan so‘ng umumiy uzunligi 8,3 kilometrga teng trassa qurilishi boshlanadi. U yakunlangach, “Strela” uzoq tumanlarni Moskvadagi yirik transport tarmoqlari bilan bog‘laydi.

    Ta’kidlash lozimki, bunday “nou-xau”ni bunyod qilish uchun ko‘p vaqt ketmaydi. Masalan, uning liniyalari zavoddan tayyor holda chiqadi. Joylarda faqat yig‘ish va montaj ishlari bajariladi. Yo‘l harakatini to‘smagan holda, tunlari ishlash mumkin. Ya’ni haydovchilar uchun ham, piyodalar uchun ham deyarli noqulayliklar tug‘dirmaydi. Bir nechta platformani hisobga olmaganda, o‘tish yo‘laklari, bog‘lamalar va boshqa infratuzilmalarni qurishga zarurat yo‘q. Shuning uchun ham Rossiyadagi qator banklar “Strela” YeTT loyihasiga investitsiya ajratishga tayyor ekanligini ma’lum qilyapti.

    Ayni chog‘da bizning tizimga boshqa davlatlar qiziqish bildirmoqda. Argentina, JAR, Hindiston, BAA shular sirasidandir. Ushbu loyiha O‘zbekistonda ham amalga oshirilishiga umid qilaman. Zero, forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va “RTO” MChJ o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Vazirlik keng miqyosda hamkorlik qilish, jumladan, “Strela” YeTT loyihasini hayotga tatbiq etishga qiziqish bilan qaradi. Yaqin kunlar ichida shu bo‘yicha ishchi guruh tuziladi. Qolaversa, Innovatsion rivojlanish vazirligi taklifi asosida Ulug‘bek shaharchasidagi Fanlar akademiyasiga qarashli muassasa bilan yirik transport tarmoqlarini bog‘laydigan trassa konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Shular bilan bir qatorda, qo‘shma ishlab chiqarish va muhandislik korxonasini ochish rejalashtirilayotir. U Markaziy Osiyo mintaqasidagi yangi innovatsion markazga aylanadi. Bundan tashqari, Toshkentdagi mavjud ishlab chiqarish maydonlarida harakatlanuvchi tarkib va bir qator ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va O‘zbekiston transport mashinasozligining ilmiy-ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirishga ham xizmat qiladi.

    » » Aeroportdan “Tashkent City”gacha osma vagonda borish loyihasi (foto)