21:00 / 26.05.2023
301

“O‘zavtosanoat” prezident topshirig‘ini bajarmayapti: Tracker'ga bir yarim, Onix'ga bir yil navbat

“O‘zavtosanoat” prezident topshirig‘ini bajarmayapti: Tracker'ga bir yarim, Onix'ga bir yil navbat
Ayni paytda O‘zbekistonda sotuvdagi eng past narxi 200 million so‘mdan yuqori bo‘lgan avtomobillar — Tracker va Onix uchun navbat katta. Buni UzAutoMotors mobil ilovasidan ko‘rish mumkin. Navbatlarga qaraganda, avtomobil uchun to‘lov qilgan mijoz mashinasini olishni 1—1,5 yil kutishga to‘g‘ri kelishi ko‘rinadi. Prezident “O‘zavtosanoat”ga 2022 yil 1 maydan avtosalonlardagi navbatlarni tugatish vazifasini qo‘ygandi.
[media=https://twitter.com/ShuhratRazzakov/status/1662120681146916864?s=20]
UzAutoMotors salkam bir oy davomida Tracker va Onix uchun to‘xtatgan sotuvini 25 maydan qayta tikladi. Bugun, 26 may holatiga ko‘ra, kompaniya ilovasida Tracker uchun 3 ming 23 ta navbat borligi va puli to‘langan avtomobilni olish uchun 1,5 yil kutish kerakligi, Onix uchun 1 ming 171 ta navbat mavjudligi va mashina tayyor bo‘lishini 1 yil kutish kerakligi ko‘rsatilgan.
Skrinshot / UzAutoMotors
Kompaniya ikki rusumdagi avtomobillar sotuvining to‘xtatilishiga sabab sifatida ularning qo‘shimcha variantlar bilan sotuvga chiqarilishini ma’lum qilgan. Yangi variantlarda bir necha qo‘shimcha jihozlar bo‘lishi ta’kidlangan.
Skrinshot / UzAutoMotors
Xususan, avvalgi komplektatsiyadagi Chevrolet Tracker LS 211 454 880 so‘mdan, Tracker LTZ 231 196 000 so‘mdan, Premier 251 142 080 sotilmoqda. Qo‘shimcha opsiyalarga ega yangilangan to‘plamlar:
 
LS Plus — 223 824 160 so‘m;
LTZ Plus — 246 981 280 so‘m;
Premier Plus — 276 016 160 so‘m;
Redline — 285 834 080 so‘mdan sotilmoqda.
 
Avvalgi Chevrolet Onix komplektatsiyalari:
Premier 1 — 207 347 000 so‘m;
Premier 2 — 214 748 000 so‘m.
 
Qo‘shimcha opsiyalarga ega yangilangan to‘plamlar:
Premier 2 Plus — 221 640 160 so‘m, Redline — 230 624 800 so‘m.
 
Ilovada yuqoridagi ikki rusumdagi avtomobildan keyingi, narxi arzonroq — Malibu 2 uchun navbat 122 ta ko‘rsatilgan va navbat joriy yilning iyul oyida kelishi aks etgan. Avtomobil narxi — 419 million so‘m.
 
O‘zbekistonda Onix va Tracker avtomobillari ishlab chiqarilishi mumkinligi haqida ilk bor 2019 yil iyunida ma’lum bo‘lgandi. Onix birinchi marta sotuvga chiqqan 2022 yil 1 noyabr kuni avtomobil uchun rekord darajadagi — 28 mingdan ortiq shartnoma imzolangan va navbatlar 1 yilgacha cho‘zilgan. Dastlab Chevrolet Onix 9-12 ming dollar atrofida sotilishi xabar qilingan. Ammo joriy yil may oyi boshida shartnomalar to‘xtatilgunga qadar avtomobil 18 ming dollardan sotilgan. Hozir ham eng arzon avtomobil 18 ming dollardan yuqori.
 
UzAuto Motors 2022 yilda narxi 13 ming dollardan past bo‘lgan — Spark, Nexia, Cobalt va Lacetti avtomobillari sotuvini to‘xtatgan. Kompaniya Tracker va Onix 2023 yildan Spark va Nexia o‘rniga ishlab chiqarilishini ma’lum qilgan. Ammo Cobalt va Lacetti avtomobillari sotuvi qachon boshlanishi noaniq.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning fevralidagi yig‘ilishda “O‘zavtosanoat” AJ oldiga 2022 yilning 1 mayigacha avtosalonlardagi navbatlarni tugatish vazifasini qo‘ygandi.
 
1 mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish shart”, — degan edi davlat rahbari.
 
Oradan bir yil o‘tdi hamki, korxona o‘ziga yuklatilgan vazifani bajarmay kelmoqda. Pastroq yoki o‘rta daromadli aholi sotib olishi mumkin bo‘lgan avtomobillar sotuvi to‘xtatilgan. O‘zbekistonliklar narxi 18 ming dollardan yuqori bo‘lgan mashinalarni olishni bir yildan ortiq vaqt davomida kutishga to‘g‘ri keladi.
 
Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, Onix avtomobilining arzon kontraktatsiyalari to‘xtatiladi.
 
Ertadan go‘yoki “odoljeniye” qilib, Onix uchun narxlarni oshirmay kontraktatsiyani tiklayotgan monopolist shu bahonada 149 million so‘mdan 159 million so‘mgacha bo‘lgan eng arzon mexanika korobka, shuningdek, 185 million so‘mlik bazaviy avtomat korobka modifikatsiyalarini kontraktatsiya ro‘yxatidan butkul olib tashlamoqda.
 
O‘tgan yili noyabrda Onix uchun sotuvlar boshlanganida mazkur, nisbatan arzon modifikatsiyalar uchun shartnoma topish o‘ta mushkul bo‘lsa-da, imkoni bor edi. 2023 yil yanvarida Onix'ning arzon modellari uchun kontraktatsiya yopilgani bo‘yicha qayta tiklanmadi. Mana endi esa rasman, de-yure bekor bo‘lmoqda. Monopolistning o‘rta va quyi daromadli iste’molchilarni jazolashga va xo‘rlashga qaratilgan bu usuli ilgariroq Spark va Nexia-3 sotuvlarida ham qo‘llanilgan.
 
2020 yildan boshlab yarimo‘tkazgichlar yetishmovchiligi bahonasida go‘yoki kamyob mikrosxemalar eng qimmat modifikatsiyalarga o‘rnatilishi samarali deya boshlangan bu muttahamlik mana endi bozor mikrosxemalarga to‘lib ketgan bo‘lsa-da, butunlay yangi bosqichga chiqmoqda.
 
Afsuski, monopolistning mazkur harakatlariga huquqiy va amaliy baho beradigan antimonopoliya organi faqat qog‘ozda mavjud. Falaj yotgan antimonopoliya organiga qon berishi mumkin bo‘lgan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri eski va yangi Konstitutsiyada belgilangan muddatlarga zid ravishda imzolanmay qaysidir byurokratik zanjirda yashirib yo ushlab turilibdi”, — deb yozadi iqtisodchi.


UzAutoMotors, Tracker, Onix, Navbat

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » “O‘zavtosanoat” prezident topshirig‘ini bajarmayapti: Tracker'ga bir yarim, Onix'ga bir yil navbat