
O‘zbekistonda yangicha tartib joriy etilishi kutilmoqda — endilikda yurish masofasi (odometr) sun’iy o‘zgartirilgan avtomobillarni xaridorni xabardor qilmasdan sotganlar jarimaga tortilishi mumkin.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan. Hujjatda so‘nggi yillarda ikkillamchi avto bozorida odometr ko‘rsatkichlarini kamaytirish orqali mashinani qimmatroq narxda sotish holatlari ko‘paygani qayd etilgan.
Loyihada Ma’muriy javobgarlik kodeksiga yangi — “Transport vositasining odometri o‘zgartirilganligi yoki almashtirilganligi haqida xabar bermaslik” deb nomlangan 121-1-modda qo‘shish taklif etilgan.
Unga ko‘ra, agar sotuvchi xaridorga odometr almashtirilgani yoki ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani haqida ma’lum qilmasa, u 10 dan 15 gacha asosiy hisob birligi miqdorida jarima to‘laydi — bu taxminan 4,1 milliondan 6,2 million so‘mgacha.
Tashabbus mualliflari ta’kidlaganidek, yangi norma iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va ikkilamchi avto bozoridagi aldov hamda ishonchni suiiste’mol qilish holatlarini kamaytirishga qaratilgan.
Qonun loyihasi 2025 yil 20 noyabrgacha jamoatchilik muhokamasi uchun ochiq bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.