
So‘nggi bir yil ichida mamlakatimizda elektromobillarga bo‘lgan qiziqish keskin o‘sdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–oktyabr oylari davomida O‘zbekistonga jami 47 264 dona elektrda harakatlanuvchi avtomobil olib kirildi. Ular umumiy qiymati 544,1 million dollarni tashkil etgan. Bu nafaqat o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan, balki 2023–2024-yillarning umumiy natijasidan ham yuqori hisoblanadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, elektromobil importi bir yil ichida deyarli ikki baravarga ko‘paygan. Masalan, 2024-yilning shu davrida mamlakatga 22 220 dona elektromobil keltirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam ikki hissaga oshgan.
Ayniqsa, oktyabr oyidagi ko‘rsatkichlar diqqatga sazovor — faqatgina shu oyning o‘zida xorijdan 6 933 ta elektromobil olib kelingan. Ularning umumiy qiymati 71,4 million dollarga yetgan. Bu 2024-yil oktyabridagi ko‘rsatkichdan 1,74 baravar ko‘pdir. Ammo shu bilan birga, sentyabr oyida qayd etilgan 11 534 dona elektromobilga nisbatan 4 601 taga kam.
Qizig‘i shundaki, import qilinayotgan har bir elektromobilning o‘rtacha bahosi ham ortib bormoqda. Oktyabr oyidagi hisobotga ko‘ra, har bir avtomobilning o‘rtacha qiymati 10,3 ming dollar bo‘lgan. Solishtirish uchun, o‘tgan yilning shu oyida bu ko‘rsatkich 5,2 ming dollarni, joriy yil sentyabrida esa 9,9 ming dollarni tashkil etgan.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonga jami 24 091 ta elektromobil kiritilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 224,7 million dollarga teng bo‘lgan. 2023-yilda esa 16 084 dona elektr avtomobili olib kelingan, biroq o‘sha paytda mashinalar soni kam bo‘lsa-da, jami xarid qiymati ancha yuqori — 433,8 million dollar bo‘lgan.
Shu bilan birga, 2025-yil yanvar–oktyabr oylarida benzinli avtomobillar importi ikki baravarga qisqargan, gibrid avtomobillar importi esa qariyb olti baravar kamaygan.
Mutaxassislar fikricha, bunday tendensiya mamlakatda ekologik toza transport vositalariga bo‘lgan talab ortib borayotganidan darak beradi. Elektromobillar nafaqat iqtisodiy jihatdan tejamli, balki atrof-muhitni muhofaza qilishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!