Xitoyda 1300 daraja issiqqa chidamli akkumulyator materiali yaratildi

Nankin texnologiya universiteti olimlari litiyli akkumulyatorlar uchun 1300 daraja Selsiygacha bo'lgan issiqlikka bardosh bera oladigan yangi issiqlik izolyatsiya materialini ishlab chiqishdi. Silikagelli aerogel asosida yaratilgan ushbu ishlanma batareyalardagi issiqlik tarqalishining oldini olishga mo'ljallangan. Bu jarayon bitta yacheykaning qizib ketishi natijasida butun akkumulyator blokida yong'in chiqishiga sabab bo'ladigan xavfli zanjirli reaksiyani to'xtatadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Tadqiqotchilarning so'zlariga ko'ra, yangi material yacheykalar orasida yuqori haroratli o'tga chidamli to'siq vazifasini o'taydi. Sinovlar davomida qalinligi 2,3 mm bo'lgan plastina 1000 daraja issiq ta'sirida besh daqiqa davomida teskari tomonidagi haroratni 100 darajadan past darajada ushlab turdi. Ishlab chiquvchilar ushbu material termal himoyani ikki soatgacha saqlab qolishini ta'kidlamoqda, bu esa avariya holatida yong'in tarqalishini to'xtatish uchun juda muhimdir.
Avvalgi aerogel yechimlari taxminan 300 darajagacha ishlagan bo'lsa, yangi ishlanma harorat chegarasini sezilarli darajada kengaytirdi. Shuningdek, material yuqori darajadagi egiluvchanlikka ega bo'lib, quvvatlash va quvvatsizlanish jarayonida batareyalarning kengayishi va qisqarishiga moslashadi. Mutaxassislar xomashyo tannarxini ikki baravardan ko'proqqa qisqartirishga va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga muvaffaq bo'lishdi.
Ushbu texnologiya nafaqat elektromobillar sanoatida, balki aerokosmik texnika va issiqlik xavfsizligi muhim bo'lgan boshqa sohalarda ham keng qo'llanilishi kutilmoqda. Hozirda loyihani sanoat miqyosida joriy etish masalalari ko'rib chiqilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!