Google kompaniyasining 75 foiz yangi kodini sun'iy intellekt yozmoqda

"Google" kompaniyasi ichki tizimidagi yangi dasturiy kodlarning to'rtdan uch qismi endilikda sun'iy intellekt yordamida yaratilayotganini ma'lum qildi. Generatsiya qilingan kodlar yakuniy bosqichda muhandislar tomonidan tekshiruvdan o'tkaziladi. Bu ko'rsatkich o'tgan yillarga nisbatan keskin o'sishni ko'rsatmoqda: 2024 yil oktyabr oyida sun'iy intellekt ulushi 25 foizni tashkil etgan bo'lsa, 2025 yil kuziga kelib 50 foizga yetgan edi. Bu haqda Devby.io xabar beradi.
Kompaniya rahbari Sundar Pichai "Google" ish jarayonlarini agentli modellarga moslab qayta qurayotganini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, sun'iy intellekt va muhandislar hamkorligi sezilarli natija bermoqda. Xususan, murakkab kod migratsiyasi jarayoni agentlar yordamida bir yil oldingi ko'rsatkichdan olti barobar tezroq yakunlangan.

Hozirda dasturchilar kod yaratish uchun kompaniyaning shaxsiy "Gemini" modellaridan foydalanmoqda. Sun'iy intellekt bilan ishlash ko'nikmasi xodimlarning samaradorligini baholashda asosiy mezonlardan biriga aylangan. Biroq jarayonlar doim ham silliq kechayotgani yo'q: "Google DeepMind" xodimlarining bir qismi raqobatchi kompaniyaning "Claude Code" vositasidan foydalangani jamoalar ichida kelishmovchiliklarga sabab bo'lgan.
Boshqa texnologik gigantlar ham ushbu yo'nalishda faol harakat qilmoqda. "Microsoft" rahbari Satya Nadella ayrim loyihalarda kodning 30 foizi sun'iy intellekt tomonidan yozilayotganini aytsa, kompaniya texnik direktori Kevin Skott besh yil ichida bu ko'rsatkich 95 foizga yetishini bashorat qilmoqda. "Meta" kompaniyasi esa 2026 yilga borib muhandislar ishining 75 foizidan ortig'ini sun'iy intellektga topshirishni rejalashtirgan.
