Dunyoda elektromobillar soni keskin oshib rekord natijaga yetdi

Jahon miqyosida ekologik toza transport vositalariga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Germaniyaning Quyosh energiyasi va vodorod tadqiqotlari markazi (ZSW) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2025 yil yakuniga borib dunyoda elektromobillar soni 74 millionga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan qariyb 19 millionga ko‘p ekani bilan e’tiborlidir.
Mazkur statistikaga to‘liq elektrli avtomobillar, gibrid transport vositalari hamda yurish masofasi uzaytirilgan elektromobillar ham kiritilgan. Bu haqda Germaniyaning xalqaro axborot xizmati — Deutsche Welle xabar berdi.
Hisobotga ko‘ra, elektromobillarning yarmidan ko‘pi Xitoyda foydalanilmoqda — bu mamlakatda ularning soni 44 milliondan oshgan. Shuningdek, eng ko‘p elektromobilga ega davlatlar qatoriga AQSH (7 million), Germaniya (3,2 million), Buyuk Britaniya (2,8 million) va Fransiya (2,5 million) kirgan.
Qiziqarli jihati shundaki, Yevropaning 14 ta yirik davlati birgalikda hisoblanganda, ularning umumiy ulushi 16 milliondan ortiqni tashkil etib, AQSHdan ancha yuqori natijani ko‘rsatmoqda.
ZSW vakili Andreas Pyuttnerning ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda yoqilg‘i narxlarining keskin o‘zgarishi elektromobillarga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirgan. Uning fikricha, elektromobil egalari qazib olinadigan yoqilg‘iga kamroq bog‘liq bo‘lib, narxlar tebranishidan yaxshiroq himoyalangan.
Ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida esa Xitoyning BYD kompaniyasi yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarni AQSHning Tesla kompaniyasi hamda Germaniyaning Volkswagen konserni egallagan.
Mutaxassislar fikricha, yaqin yillarda elektromobillar bozori yanada kengayib, an’anaviy yoqilg‘ida ishlovchi avtomobillar ulushi asta-sekin kamayib borishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!