Foto: Forbes
Avvalroq UzAuto Motors Xitoyning elektromobillar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi BYD Auto Industry kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlik qilishga kelishgani haqida xabar berilgan edi.
Ushbu hamkorlik doirasida O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqaruvchi birinchi korxona qurilishi, shuningdek, savdo tarmog‘i va xizmat ko‘rsatish markazlari paydo bo‘lishi mumkin.
Bu o‘zi qanday kompaniya?
BYD — elektrotransportlar ishlab chiqarilishi bilan shug‘ullanuvchi dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri. Kompaniya nomi Build Your Dream («O‘z orzungni yarat») qisqartmasidan kelib chiqqan.
Kompaniya o‘z faoliyatini 1995 yilda mobil telefonlar uchun akkumulator batareyalarini ishlab chiqarish bilan boshlagan.
BYD 2002 yili Tsinchuan Automobile Co Ltd.ni sotib olganidan so‘ng avtomobillar bilan shug‘ullanishni boshlagan. Birinchi shaxsiy ishlanma F3 modeli bo‘lgan edi.
2008 yili kompaniya to‘laqonli F3DM gibrid avtomobilini ishlab chiqarishni boshladi. Xuddi o‘sha davrlarda dunyoning eng muvaffaqiyatli investorlaridan biri bo‘lmish Uorren Baffet kompaniyaga sarmoya kiritgan edi.
2010 yillarda BYD elektr transportlar sohasida dunyoning yetakchi brendiga aylanish rejasini e’lon qildi. 2016 yili esa kompaniya yiliga 500 000 dan ortiq avtomobil chiqara boshladi.
Foto: Quartz
Hozirgi kunda BYD NEV avtomobillar (elektr tarmog‘idan quvvat oluvchi akkumulator batareyasiga ega har qanday avtomobil) ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi.
Kompaniya zavodida oddiy yengil avtomobillardan tortib to premium darajadagi furgonlar, yuk mashinalari va avtobuslar kabi turli elektr transportlarning 50 dan ortiq modeli ishlab chiqariladi.
BYD avtomobillari qancha turadi va qayerda sotiladi?
BYD avtomobillari O‘zbekistonda 2020 yildan buyon sotiladi. Avtomobillar bu yerga avtosalonlar tomonidan keltirilib, Xitoydan yetkazib berish xizmatlari vositachi va boshqa kompaniyalar tomonidan amalga oshiriladi.
E’lonlar saytida 100 ga yaqin takliflar bilan tanishib chiqish mumkin. Narxlar model, komplektatsiyalar va ishlab chiqarilgan yiliga qarab 20 000 dan 80 000 dollargacha belgilanadi.
BYD ning asosiy bozori Xitoy davlati bo‘lib, u yerda kompaniya mahalliy Nio va SAIC, xalqaro VW va Tesla korxonalari bilan raqobatlashadi. Kompaniya avtomobillarini Qozog‘iston, Ukraina, Rossiya mamlakatlarida ham sotib olish mumkin, biroq, ular avval foydalanilgan mashinalardir. Kompaniya, shuningdek, Yevropa, AQSH va Janubi-Sharqiy bozorlarga ham faol kirib bormoqda.
Yaqinda BYD jahon bozorlari uchun ishlab chiqilgan Yuan Plus modelini taqdim etdi. Xitoyda uning narxi 141 800 dan – 159 800 yuangacha (22 400 – 25 500 dollar) bo‘layotgan vaqtda, O‘zbekistonda uni 28 700 dollarga taklif qilishmoqda. Mazkur model Avstraliyada Atto 3 nomi bilan sotuvga chiqarilib, 44 381 Avstraliya dollariga (taxminan, 31 000 AQSH dollari) baholanmoqda. Yaqin kunlarda Singapurda ham sotuvga chiqarish ishlari rejalashtirilgan.
BYD Xitoydan boshqa mamlakatlarda ham avtomobil ishlab chiqarganmi? O‘zbekistonda nima bo‘ladi?
Ha. Geografik jihatdan yaqin misol Rossiya davlati bo‘lib, bu yerda F3 avtomobilining yig‘uvi 2010 yilda «TagAZ» zavodida yo‘lga qo‘yilgan. Nisbatan barqaror talabga qaramay, bir yil o‘tib kompaniya bozordan chiqib ketgan.
O‘zbekistonga kelsak, BYD va UzAuto Motors hozircha strategik hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi (MoU) imzolandi.
Tomonlar O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir necha masalalarni o‘rganib chiqishga kelishib olishdi. Natijalar keyinroq ma’lum bo‘ladi.
BYD bilan hamkorlik elektromobil sohasini rivojlantirish strategiyasiga mos keladi. Kelajakda O‘zbekiston faqat elektromobillar ishlab chiqarishga o‘z e’tiborini qaratishi mumkin bo‘lib, bu ekologiya va iqtisodiyotga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatishi kutilmoqda.
Biroq boshqa fikrlar ham o‘rtaga tashlanmoqda. Bloger Otabek Bakirov hamkorlikda elektromobillarni ishlab chiqarish unda ko‘proq xavotir uyg‘otayotganini ta’kidlaydi.
Uning fikriga ko‘ra, Daewoo va Chevrolet bilan bo‘lgan holat takrorlanishi – O‘zbekistonda eskirgan modellarning ishlab chiqarilishi, proktesionizm orqali xaridorlardan tanlov erkinligini tortib olish yana kuzatilishi mumkin.
Hozirda elektromobillarni olib kirish bojxona boji to‘lovlaridan ozod etilgan, biroq birinchi avtomobil chiqishi bilan import avtomobillarga joriy qilingan «ajdarhocha bojlar va cheklovlar» bizni ko‘p kuttirmaydi, deydi Bakirov.
U, shuningdek, ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng elektromobillar bahosi xorijdagidan ko‘ra qimmatroq bo‘lishini taxmin qilmoqda.
BYD kompaniyasi vakillarining ta’kidlashicha, UzAuto Motors bilan hamkorlik NEV’ni Markaziy Osiyo va undan tashqarida rivojlantirish imkonini beradi. Bu esa iqlim o‘zgarishi muammolariga yechim topishdagi kam uglerodli iqtisodiyotni targ‘ib qilishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Shartnoma bo‘yicha harbiylar 65 yoshga to‘lmaguncha Rossiya armiyasidan bo‘shatilmaydi
G‘azoda 2023 yil oktyabr oyidan buyon 17 mingdan ortiq bola halok bo‘lgan...
Toshkent viloyatida salkam 7 kilo og‘irlikdagi chaqaloq tug‘ildi