Ikki hafta davom etgan xalqaro tanaffus ortidan «Manchester Siti» jamoasida jarohatlangan futbolchilar soni 13 nafarga yetdi. Shu bois, barcha muxlislarni Xosep Gvardiolaning Manchester derbisida qaysi tarkibga tayanadi degan savol qiziqtirmoqda.
Nufuzli cityxtra.co.uk sayti «shaharliklar»ning bosh murabbiyi qarorlariga oid tahliliy maqolasini e’lon qildi. Manbaning yozishicha, «Yunayted»ga qarshi bahs mavsum taqdiri uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki derbidan keyin «Siti» Chempionlar ligasida «Napoli»ga qarshi maydonga tushadi va orqasidan Londonda «Arsenal» bilan kuch sinashadi. Tig‘iz taqvim «Xaddersfild»ga qarshi kubok bahsi bilan yakunlanadi.
Jarohatlar va murabbiy tashvishlari
Gvardiola ayrim yetakchi ijrochilar holatidan hamon xavotirda. Jon Stounz va Umar Marmush hanuz shifoxona ro‘yxatidan chiqarilmagan. Bu esa murabbiyni yanada murakkab qarorlar qabul qilishga majbur etmoqda.
Darvozada tanlov
Janluiji Donnarummaning kelishi raqobatni kuchaytirdi. Biroq barqarorlikdan kelib chiqib, asosiy darvozabon sifatida yana Jeyms Traffordga ishonch bildirilishi taxmin qilinmoqda.
Himoya chizig‘i
O‘ng qanot himoyasi hali ham zaif nuqta sifatida qolmoqda. Bu gal boshlang‘ich tarkibda Mateush Nunesh maydonga tushishi kutilayapti. Markazda Abduqodir Husanov va Ruben Diash juftligi xarakat qiladi. O‘zbek legioneri «Brayton»ga qarshi olgan jarohatidan to‘liq qutuldi.
Chap qanotni Yoshko Gvardiol yopishi mumkin. U salomatligini tiklab, shikastlangan Rayan Ayt-Nuri o‘rniga tushishi kutilayapti.
Yarim himoya markazi
Bu yerda Rodrining o‘ynashi kafolatlangan. Undan yuqoriroqda Tijani Reynders va Bernardu Silva juftligi harakat qilib, markazdagi nazoratni qo‘lga olishi zarur.
Hujum chizig‘i
O‘ng qanotda Oskar Bobbga ishonch bildirilishi mumkin. Markazda Erling Xolandning o‘rni shubhasiz, u Moldova darvozasiga beshta to‘p kiritib, yuqori formasini ko‘rsatgandi. Chap qanotda esa ko‘pchilik Jeremi Dokuni kutmoqda. U Belgiya safidagi o‘yinlarda yaxshi sport holatini namoyish etdi.
Taxminiy asosiy tarkib
Darvozabon: Jeyms Trafford;
Himoyachilar: Mateush Nunesh, Abduqodir Husanov, Ruben Diash, Yoshko Gvardiol;
Yarim himoyachilar: Rodri, Tijani Reynders, Bernardu Silva;
Hujumchilar: Oskar Bobb, Erling Xoland, Jeremi Dok-u.
Zaxirada: Janluiji Donnarumma, Riko Lyuis, Jon Stounz, Natan Ake, Niko Gonsales, Niko O’Rayli, Mateo Kovachich, Savio, Fil Foden.
Mana shunday sharoitda derbidagi tarkib ham muxlislar, ham ekspertlar uchun katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu bahs faqat MYU bilan raqobat emas, balki «Siti»ning butun mavsumdagi maqsadlari uchun ham sinov bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!