Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Italiya rahbarlarining maslahatchilari bilan muhim uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida urushni to‘xtatish va xavfsizlik masalalari asosiy muhokama mavzusi bo‘ldi.
«Bizda aniq reja mavjudligi meni xursand qiladi. Shu bilan birga, hozir qaysi bosqichdamiz – shu haqda ayrim tafsilotlarni baham ko‘rishdan mamnunman. Menimcha, urushni yakunlashning qaysi yo‘li tanlanishidan qat’i nazar, avvaldan aniq strategiyaga ega bo‘lish juda katta ahamiyatga ega», – dedi Zelenskiy uchrashuvdan keyingi bayonotida.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya nafaqat to‘qnashuvni yakunlashni xohlamaydi, balki uni yanada kuchaytirishga intilayapti. Ukraina rahbarining fikriga ko‘ra, Polsha hududiga uchuvchisiz dronlarni yo‘llash orqali Moskva butun Yevropaga real xavf solmoqda.
«Shu sababli xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqish jarayonini imkoni boricha tezroq yakunlash shart», – deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Shuningdek, u Rossiya bilan to‘qnashuv tajribasini sheriklar bilan o‘rtoqlashishga hamda NATOning umumiy mudofaa tizimiga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini alohida urg‘ulab o‘tdi.
Zelenskiyning bu bayonoti Ukraina va Yevropaning xavfsizlik hamkorligini yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!