Hindiston hukumati avtomobil sanoatida tarixiy maqsadni belgiladi. Mamlakat yaqin besh yil ichida dunyodagi avtomobil ishlab chiqaruvchi davlatlar orasida birinchi o‘ringa chiqishni niyat qilmoqda. Bu haqda mamlakat avtomobil transporti va yo‘llari vaziri Nitin Gadkari ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘lda qiyinchiliklar ko‘p bo‘lishi tabiiy, ammo maqsadga erishish mumkin. «Biz oldimizga katta maqsad qo‘ydik — Hindiston avtomobil sanoatini dunyoda birinchi raqamli darajaga olib chiqish. Bu oson emas, lekin uddalash mumkin», — dedi vazir.
Gadkari ta’kidlaganidek, mamlakatda buni amalga oshirish uchun yetarlicha salohiyat mavjud. Hindiston arzon va sifatli avtomobil ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu holat xalqaro sarmoyadorlar uchun jozibadorlikni yanada oshiryapti.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston avtomobil sanoati hajmi 2014 yilda 14 trillion rupiyni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 22 trillion rupiyga yetdi. Bu rivojlanish so‘nggi o‘n yil ichida sektorning qanday jadal sur’atlarda o‘sganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, mamlakat har yili qazilma yoqilg‘i importi uchun taxminan 22 trillion rupiy sarflamoqda. Bu iqtisodiyotga og‘irlik qilish bilan birga atrof-muhitning ifloslanishiga ham olib kelmoqda. Shu bois, Hindiston hukumati elektrda yuruvchi yengil avtomobillar, avtobuslar va yuk mashinalari ishlab chiqarishga katta e’tibor qarata boshladi.
Vazirning aytishicha, litiy-ion akkumulatorlari narxi tobora arzonlashmoqda. Vaqti kelib, benzin, dizel va elektrda yuruvchi transport vositalari narxida sezilarli farq qolmaydi. Bu esa ekologik toza transport vositalari bozorini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Hindiston avto bozorda birinchi o‘rinni egallamoqchi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar