Fransiya avtomobilsozlik brendining eng mashhur modellaridan biri hisoblangan Clio‘ning oltinchi avlodi yangilangan ko‘rinishda Myunxenda tashkil etilgan avtosalonda jamoatchilikka taqdim etildi.
Hetchbekning tashqi o‘lchamlari quyidagicha: uzunligi 4116 millimetr, eni 1768 millimetr, balandligi esa 1451 millimetr. G‘ildirak bazasi 2591 millimetrga teng. Besh nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan avtomobilning yukxona qismi 391 litrgacha sig‘imga ega.
Salon qismi Renault 5 elektromobilini esga soladi. Intererda ikki dona katta sensorli ekran, an’anaviy tugmachalar, old qismida ikki USB-C porti va simsiz quvvatlash qurilmasi o‘rnatilgan.
Texnika jihatdan esa Clio E-Tech gibrid tizimi bilan ta’minlangan. Unda 1,8 litr hajmga ega atmosferali benzinli motor va ikki elektrodvigatel uyg‘unlashgan. Ushbu tizim mashinaga 8,3 soniyada 100 km/soat tezlikka chiqish imkonini beradi. Hibrid tartibda avtomobil 1000 kilometr masofani bosib o‘ta oladi, yonilg‘i sarfi esa 100 kilometr yo‘lga 3,9 litr atrofida qayd etilmoqda.
Shu bilan birga, Clio‘ning 1,2 litrli turbobenzinli 115 ot kuchi quvvatiga ega versiyasi ham ishlab chiqilgan. Bu model 100 km/soat tezlikka 10,1 soniyada chiqishi mumkin.
Hozircha yangi Clio‘ning bozor narxi va rasmiy savdoga chiqish sanasi haqida ma’lumot berilamagan. Ammo ushbu avtomobil o‘zining iqtisodiyligi va zamonaviy texnologiyalari bilan ko‘plab xaridorlarni qiziqtirishi kutilmoqda.