Huquqshunos va jurnalist Xushnud Xudoyberdiyev ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga izoh berdi. Unda maktab o‘qituvchilari “1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan har bir xodim 953 ming so‘mdan mukofotlanadi, degan ma’lumotlardan so‘z bor edi.
“Mazkur xabar qisman noto‘g‘ri talqin qilingan. Buni tarqatayotganlar Prezident farmonidagi kichik, lekin juda muhim jihatni xato tushunganlar. Asosiy nuqta shundaki, xabarlarda aytilgan miqdor — bu hammaga birdek beriladigan summa, degani emas”, — deydi X.Kudoyberdiyev.
Haqiqatda, 2025-yil 19-martdagi PF–51-son Prezident Farmoni bilan umumta’lim muassasalarining Direktor jamg‘armasidan foydalanish tartibiga o‘zgarishlar kiritildi. Yangi qoidalarga ko‘ra, “1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan xodimlarni mukofotlash miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 75 foizigacha bo‘lishi mumkin. Avval bu me’yor 50 foizni tashkil qilgan.
Ma’lum qilinishicha, “-gacha” qo‘shimchasi maksimal chegarani bildirsa ham, bu hamma xodimlar birdek 75 foiz oladi, degani emas. Har bir muassasa va xodim uchun mukofot miqdori Direktor jamg‘armasining joriy moliyaviy imkoniyatlari va mablag‘ holatiga qarab belgilanadi. Shuningdek, qayerdadir 75, qayerdadir 60, qayerdadir 50 foiz berilishi mumkin.
Bundan tashqari, bayram munosabati bilan mukofot nafaqat o‘qituvchilarga, balki barcha xodimlarga taqdim etiladi. Ya’ni rahbariyat va texnik-xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ham ushbu mukofotdan bahramand bo‘ladi.
Huquqshunos ta’kidlaganidek, ustozlar qancha ko‘p oylik, ustama va mukofot olsa, shuncha yaxshiroq bo‘ladi. Ammo qonuniy jihatdan, amaldagi tartib to‘g‘ri talqin qilinishi muhim. Shu bois, kimgadir kamroq mukofot chiqsa ham tushunmovchilikka yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
Xulosa qilib aytganda, 953 ming so‘m — bu mukofotning maksimal miqdori bo‘lib, amaliy holatda har bir maktab va xodim uchun u turlicha bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!