Berlin shahrida o‘tgan IFA 2025 xalqaro ko‘rgazmasi yana bir innovatsiyaga guvoh bo‘ldi. Xitoyning Ant Group kompaniyasi o‘zining yangi ishlanmasi — Robbyant R1 odamsimon robotini ommaga namoyish etdi. Ushbu qurilma nafaqat ovqat tayyorlash, balki muzeylarda gidlik qilish yoki dorixonalarda yordamchi vazifasini bajarishga ham qodirligi bilan ajralib turadi.
R1 oshxonadagi turli vazifalarni mukammal bajara oladi: masalliqlarni tanlash, plita oldida ishlash, taom tayyorlash va dasturxonga tortish kabi jarayonlarni aniqlik bilan amalga oshiradi. U nima qilish kerakligini boshidan oxirigacha anglaydi: kurakchani olishdan tortib taomni xizmatga tayyorlashgacha. Buning barchasi robotga joriy etilgan BaiLing sun’iy intellekt tizimi yordamida amalga oshirilmoqda.
Ishning aniqligi esa fazoviy idrok tizimi orqali ta’minlanadi. Robot pichoq, taxta yoki sabzavot kabi buyumlarni ajrata oladi va ular bilan iloji boricha ehtiyotkorlik bilan ishlaydi. Maxsus sensorlar va algoritmlar unga harakatlarni samarali va xavfsiz bajarish imkonini bermoqda.
Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, R1 faqat restoranlarda emas, balki sog‘liqni saqlash muassasalarida, turizm sohasida hamda keksalarga xizmat ko‘rsatishda katta yordamchi bo‘lishi mumkin. Shu boisdan, robotdan nafaqat xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida, balki kundalik turmushda ham keng foydalanish rejalashtirilmoqda.
Ant Group, ma’lumki, Alibaba Group tarkibiga kiradi. Kompaniya yevropalik sheriklar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borayotgani xabar qilindi. Mutaxassislar fikricha, ushbu innovatsiya kelgusida butun dunyo restoranlari va xizmat ko‘rsatish sohasini tubdan o‘zgartirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!