
30 sentyabr kuni Rossiya “DXR”, “LXR”, Zaporoje va Xerson viloyatlarini rasman anneksiya qildi. Ushbu hududdagi rossiyaparast ma’muriyat vakillari Putin bilan Kremlda uchrashdi va hududlarning RF tarkibiga qo‘shib olinishi bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Moskvaning anneksiyani tezlatishiga bir qator omillar majbur qildi. Bunga birinchi navbatda frontdagi muvaffaqiyatsizliklar sabab bo‘ldi. So‘nggi oylarda Ukraina armiyasi qarshi hujumlari natijasida Xarkov viloyatining egallangan qismini ozod qildi; Xerson tom ma’noda olov ichida; Donetskda ham rus qo‘shinlari qiyin ahvolda qolgan. Bugun ukrain armiyasi Limanda ruslarni qurshovga olgani haqida xabarlar tarqaldi. Kunning ikkinchi yarmida bu “DXR” rahbari Denis Pushilin tomonidan tasdiqlandi. Bunday sharoitda Rossiya ichki auditoriyasini biroz “tinchlantirish” va chalg‘itish uchun qandaydir “yutuq”larni ko‘rsatish zarur bo‘lib qoldi. Geosiyosiy fikrlash chuqur bo‘lgan rus jamiyati uchun hududlarni qo‘shib olish ma’lum darajada muvaffaqiyat sifatida baholanishi ehtimoldan holi emas.
Ikkinchidan, mamlakatda e’lon qilingan safarbarlikni oqlash uchun ham hududlar anneksiyasi muhim. Mobilizatsiya qilinganlar ushbu ma’muriy birliklarni qo‘riqlash uchun jalb qilinishi bahonasida safarbarlikni oqlash va keyingi safarbarliklar uchun zamin yaratish mumkin. Putin ham armiya saflariga tortilayotganlarning asosiy vazifasi aynan shu ekanini bir necha bor ta’kidlagandi.
Oqibatlar
Ukraina hududlarining anneksiyasi bir qancha oqibatlarni keltirib chiqarishi tabiiy. Eng avvalo yadro urushi xavfi bir necha barobar oshishi mumkin. Moskva endilikda de-yure bu hududlarni o‘ziniki deb hisoblaydi. RF harbiy doktrinasiga ko‘ra, Rossiya hududi agressiyaga uchragan taqdirda yadro qurolini qo‘llanilishiga ruxsat berilgan. Nazariy jihatdan endilikda Kreml istalgan paytda “qizil tugma”ni bosishi mumkin. Putin bugungi nutqida AQSH tarixda ikki bor yadro qurolini qo‘llaganini va bu pretsendentni vujudga keltirganini ta’kidladi. Bu bayonotni turli talqin qilish mumkin, ammo bir narsa aniq: Rossiya butun dunyoga yadro qurolini qo‘llashi mumkinligi haqida tobora ochiq signallar yubormoqda. Bir so‘z bilan aytganda yadroviy eskalatsiya xavfi oshdi.
Ikkinchidan, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash yanada kuchayadi. Ayniqsa, NATO tomonidan. Alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg harbiy ko‘mak berilishi davom etishini ma’lum qildi. Ammo Kiyevning Shimoliy Atlantika blokiga kirishi masalasida biroz murakkabliklar bor. Bugun Zelenskiy Ukraina NATOga tezkor a’zo bo‘lish uchun ariza topshirishini aytsa-da, bosh kotibning javobidan bir narsani anglash mumkin: hozircha Kiyev alyansga qabul qilinmaydi. Bunga ob’ektiv sabab bor: Ukraina NATOga kirgan taqdirda G‘arb o‘z-o‘zidan Rossiya bilan urushga tortiladi. Bu o‘ta xavfli ssenariy va NATO buni yaxshi anglaydi.
Uchinchidan, Rossiyaning tashqi izolyatsiyasi yanada kuchayishi ehtimoli yuqori. So‘nggi vaqtlarda “do‘st bo‘lgan davlatlar”ning ehtiyotkor tanqidlariga nishon bo‘layotgan Moskva global maydonda o‘ziga bo‘lgan minimal simpatiyadan ham ayriladi.
Jahongir tayyorladi

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar