Qizil maydondagi G‘alaba paradi rekord darajada qisqardi

Bugun, 9 may kuni Qizil maydonda o‘tkazilgan G‘alaba kuni paradi zamonaviy tarixdagi eng qisqa marosimlardan biriga aylandi. Bu haqda Deutsche Welle ma'lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilgi parad taxminan 45 daqiqa davom etgan. Bu ko‘rsatkich so‘nggi yillarga nisbatan ancha qisqa bo‘lib, 2024 yilda 50 daqiqadan ortiq, 2022 yilda esa bir soat davom etgan tadbir bilan solishtirilganda sezilarli farq qiladi.
Mutaxassislar qayd etishicha, 2010–2019 yillar oralig‘idagi paradlar odatda kamida bir soat davom etgan, ayrim yillarda esa 1,5 soatgacha cho‘zilgan.
Bu yilgi paradning eng muhim jihatlaridan biri — Qizil maydonda harbiy texnika namoyish etilmaganidir. Tanklar va raketa tizimlari o‘rniga faqat saf tortgan harbiy kolonnalar o‘tgan.
Shuningdek, jonli efir vaqtida an’anaviy texnika ko‘rsatish o‘rniga maxsus videoroliklar namoyish etilgan. Unda dronlar, yadroviy qurollar va zamonaviy harbiy texnologiyalar tasvirlangan.
Parad tribunalarida ham o‘zgarishlar bo‘lib, ilgari kengroq tarkibda ishtirok etadigan ayrim davlat va hukumat vakillari bu safar qatnashmagan. Asosiy e’tibor esa xavfsizlik kengashi a’zolari va yuqori martabali rasmiylarga qaratilgan.
